“Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi ishga tushiriladi

11:14 18 Fevral 2025 Hujjatlar
189 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi qaroriga koʻra, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlash maqsadida “Yoshlar biznesi” dasturi joriy etiladi. 2025–2027-yillarga moʻljallangan ushbu dasturning asosiy maqsadi yoshlarning biznes gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik sohasida yangi ish oʻrinlarini yaratish va ularga moliyaviy koʻmak berishdan iborat. Dastur doirasida jami 350 ming nafar yosh qamrab olinishi rejalashtirilgan boʻlib, kamida 100 ming yangi ish oʻrni tashkil etilishi belgilangan.

Dastur doirasida yosh tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun kompleks xizmatlar koʻrsatiladi. Ularning biznes gʻoyalarini amaliy loyihaga aylantirish, ishbilarmonlik tajribalarini shakllantirish va biznes yuritish uchun zarur moliyaviy resurslarni taqdim etish choralari koʻriladi. Shu maqsadda, AT “Aloqabank” yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlovchi asosiy bank sifatida belgilandi. Yoshlarning startap va investitsiya loyihalariga imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilishi ham koʻzda tutilgan.

Yosh tadbirkorlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Biznesga birinchi qadam” loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyiha asosida 18 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan, oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxslarga 7-yilga imtiyozli davr bilan 100 million soʻmgacha mikroqarz ajratiladi. Bundan tashqari, “Yoshlar uchun ish oʻrinlari” loyihasi doirasida yakka tartibdagi tadbirkorlar va yoshlar tashkil etgan kichik biznes subyektlariga 5 milliard soʻmgacha mablagʻ beriladi, biroq ular kamida 20 ta yangi ish oʻrni yaratishlari shart.

Innovatsion gʻoyalarga ega yoshlar uchun “Innovatsion yoshlar” loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, ushbu loyiha doirasida venchur jamgʻarmalari orqali moliyaviy koʻmak beriladi. Shuningdek, 2025-yil 1-aprelga qadar “Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi ishga tushiriladi. Ushbu platforma orqali yosh tadbirkorlar oʻz bizneslarini boshlash va rivojlantirish uchun zarur boʻlgan barcha maʼlumotlarga ega boʻlishlari, imtiyozli kreditlarga murojaat qilishlari va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Bundan tashqari, har oyda bir hududda “Investor kunlari” tashkil etilib, yoshlar oʻz biznes loyihalarini xalqaro investorlar oldida taqdim etishlari mumkin boʻladi. 2025-yil oxiriga qadar 200 ta startap akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlashi rejalashtirilgan. Shuningdek, har bir viloyatda “Yoshlar biznes-inkubatori” markazlari tashkil qilinib, tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan yoshlar uchun ofislar, buxgalteriya xizmatlari, marketing, eksport bozorlariga chiqish va boshqa biznes xizmatlari taqdim etiladi.

Ushbu dastur orqali yoshlarning tadbirkorlik sohasidagi faolligini oshirish, innovatsion gʻoyalarni rivojlantirish va mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy hissa qoʻshish rejalashtirilgan. Yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash orqali nafaqat bandlik masalalariga yechim topiladi, balki yangi va istiqbolli biznes tarmoqlari ham rivojlanishiga yoʻl ochiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер