Yosh oilalar hayotini yaxshilash oʻz qoʻlimizda

17:07 15 May 2024 Jamiyat
132 0

Foto: Arxiv surat

Rahmatjon BOBOJONOV/“Xalq soʻzi”. Koʻnglingiz xotirjamlik tusab yoxud dam olish kunlari sayr qilish ilinjida poytaxtimizning muhtasham koʻchalari, bir-biridan goʻzal bogʻlari, dam olish maskanlarini kezar ekansiz, katta-kichik farzandlarini yelkasiga olib, qoʻlidan ushlab aylanayotgan ota-onalarni uchratasiz. Bu yurtimizda tinchlik hukm surayotgani, jamiyatimiz hayoti farovonligi, eng asosiysi oilalarimiz baxtiyor yashayotganidan dalolat, albatta.

Oilaning inson kamolga yetishi, oʻsib-ulgʻayishi, millatning maʼnaviyati, oʻziga xos qadriyat va anʼanalarini qalbiga singdirishida oʻrni beqiyos. Oilaga jamiyatning oʻzagi, negizi, deya qarash bekorga emas, chunki unda yaxshi muhit hukm surmasa, tinchlik va xotirjamlik boʻlmasa bu bevosita jamiyat hayotiga taʼsir oʻtkazadi. Ota-ona bir-birini yaxshi tushunsa, oʻgʻil-qiziga nisbatan eʼtiborli boʻlsa, uning xohish-istaklari bilan qiziqsa, yaqinlar orasida mehr-muhabbat kabi insoniy tuygʻular alangasi oʻchmasa bu xonadondan fayzu barokot arimaydi, yaxshiliklar yogʻilaveradi. Atrofimizdagi baʼzi oilalarning hayotini kuzatsak, ularda ushbu muqaddas tushunchani toʻlaqonli anglab yetmagani, bolalariga diqqati kamligi, yaqinlari bilan hatto bordi-keldi qilmay qoʻygani, baʼzi ota-onalar hatto ajrashayotganiga guvoh boʻlamiz.

Ming taassuf bilan aytish joizki, bunday holat ayniqsa yosh oilalarda koʻp uchramoqda. Xoʻsh, buning sababi nima?

Aybni chetdan axtargan befoyda. Ota-ona oʻzini har kun, har soatda taftish qilmasa, oʻziga “Oilam mustahkam boʻlishi uchun nima qilyapman? Yaqinlarim mendan qanchalik rozi? Farzandlarim, umr yoʻldoshimga eʼtiborim susaymadimi?” degan savollar bilan yuzlanmasa, borgan sari oʻziga talabchanligi kamayishi, faqat moddiy tashvishlarga oʻralashib oilani unutib qoʻyishi, natijada esa bu ulugʻ qoʻrgʻon yer bilan yakson boʻlishi shubhasiz.

Shu bois, bugungi yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratish darkor. Chunki, koʻp hollarda turmush qurgan ikki yosh oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning nozik jihatlari haqida yetarli bilim, zaruriy koʻnikma va malakaga ega boʻlmaslik, qolaversa ikki yoshning bir-biri hamda oilaviy rollarning taqsimlanishi toʻgʻrisidagi tasavvurlarning shakllanmagani salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Maqolani hozirlash jarayonida mavzu yuzasidan fikrlarini bilish ilinjida sohada koʻp yillik tajribaga ega, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Feruza Akramova bilan suhbatlashdik.

— Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashning psixologik xususiyatlarini oʻrganish va tadqiq etish juda muhim, — deydi u. — Bu orqali hozirgi oʻzbek oilasining mustahkam va baxtli etish yoʻllarini aniqlash mumkin. Oila psixologiyasida nikoh quruvchilarning nikoh qurish omillari va shartlari masalasi muhim boʻlib, nikoh qurish omillariga oilaviy hayotga yetuklik, oila qurish yoshi, oila qurish motivlari, oila qurilgungacha tanish muddati, oila qurish shartlari va sharoitlari va yoshlarning oilaviy hayot haqidagi tasavvurlarini kiritish mumkin.

Nikoh ajrimlarining sabablari oʻrganilganda, aksariyat holatlarda bunga birinchi navbatda, kelin-kuyovlarning oilaviy hayotga tayyor emasligi, er-xotinlarning oʻzaro kelishmovchiliklari, feʼl-atvorning bir-biriga mos kelmasligi, rashk, kelin bilan qaynona va boshqa yaqin qarindoshlarning chiqishmasliklari, erkakning zararli odatlarga berilib ketishi, moddiy qiyinchiliklar, asosan erning ishlamasligi, oilani mustaqil boshqara olmasligi, qudalarning toʻydan keyin oʻzaro kelishmay qolishlari sabab boʻlgan.

Tadqiqotlarga koʻra, yoshlar tomonidan qiz bolaning turmush qurish yoshi masalasida eng maqbul yosh sifatida 20-21 yosh tanlangan boʻlib, bu oʻz navbatida oila quruvchining oilada bajaradigan turli vazifalarni yaxshi anglagan boʻlishini taqozo etadi. Bu vazifalarga tarbiyaviy, iqtisodiy, kommunikativ, maʼnaviy, ijtimoiy, psixologik, reproduktiv va boshqa vazifalar kiradi. Yigitlarning oila qurishlari uchun eng maqbul yosh sifatida 24-25 yosh eng maqbul yosh sifatida tanlangan. Ayrim yoshlar fikriga koʻra, yigit kishining oila qurishi uchun eng maqbul yosh sifatida 22-23 yoshni olish mumkin. Yigitlarning aksariyat qismi uchun sevgi asosida oila qurish, aksariyat qizlar otasi talabiga koʻra oila qurishni maʼqullar ekanlar. Nikohga maʼnaviy tayyorlikning past koʻrsatkichi yigitlarda oz boʻlsada kuzatilar ekan. Nikohga maʼnaviy tayyorlikning oʻrtacha koʻrsatkichi qizlarning deyarli barchalari uchun xos ekan. Yoshlar uchun ularni oilaviy hayotga tayyorlashga qaratilgan pedagogik-psixologik usullarni qoʻllash zarurligi koʻrindi, chunki yoshlik davri ayrim yoshlarning oila qurishi uchun muqarrar yosh davri ekani kuzatilgan.

— Oila qurganimizga bir yildan oshdi, ming shukrki rafiqam bilan bir-birimizni tushunib, yaxshi hayot kechiryapmiz, — deydi Masihulloh Madaminov. — Kattalardan “Uylansang oilaga barokat kiradi”, deb koʻp eshitgandim, turmush qurgach bunga amin boʻldim. Ayolim hozirda universitetda oʻqiydi, oʻzim esa ishlayman. Toʻgʻri, oilaning oʻziga yarasha shirin tashvishlari, muammolari, boshogʻriqlari boʻladi, ammo buni yengolgan insongina baxtga erishadi.

Darhaqiqat, baxt manzilining kaliti oila aʼzolarining oʻz qoʻlida, faqatgina undan qanday foydalanishni bilishsa bas. Oilani muqaddas dargoh bilgan, ota-onalik yukini yelkasida koʻtarib farzandlariga toʻgʻri tarbiya berolgan insonlargina bu manzilga yeta oladi.

Suhbatimiz davomida Feruza opa yosh oilalarga foydali boʻladigan taklif va tashabbuslari bilan ham oʻrtoqlashdi.

— Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda ularning maʼnaviy, kasb jihatidan, yaʼni professional, ijtimoiy, huquqiy, psixologik yetuk boʻlishlariga erishish kerak. — deydi u. — Shuningdek, yoshlarga pedagog-oʻqituvchilar, ota-onalar, kattalar tomonidan shu jihatlarning muhim ekanligini oʻrgatib borish va tushuntirish lozim. Ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda shu mavzuda muloqotlar olib borish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash ishini muhim deb qarab, oilaga doir suhbatlar uyushtirish, hayotiy misollar vositasida nikoh qurish omillarining nikoh barqarorligiga taʼsirining ibratli jihatlarini koʻrsatish orqali bu muammoga doir ijobiy tasavvur shakllantirish ham maqsadga muvofiqdir. Umuman olganda, yosh oilalar hayotini yaxshilash ularning oʻz qoʻlida, faqat bunga masʼuliyat va ishonch bilan yondashilsa bas.

Qayd etish joizki, yurtimizdagi har bir oila davlatimiz himoyasida, jamiyatimiz eʼtiborida. Yoshlarning turmush qurish oldidagi tayyorgarligidan to oila boʻlgunigacha eʼtibor, ularni qoʻllab-quvvatlash, muammolarini hal etish, oila vakillarining tibbiy, ijtimoiy, huquqiy xizmatlardan foydalanishi uchun imkon yaratish kabi qator yoʻnalishlarda shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shuningdek, mahalla fuqarolar yigʻini vakillari oilalar bilan ishlab, ular holidan xabar olmoqda, notinch oilalarga yoxud ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga alohida eʼtibor qaratmoqda, oʻz yordamini koʻrsatmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda oilani koʻz qorachigʻiday asrash, oila aʼzolarining tinch va goʻzal hayot kechirishlarini taʼminlashga qaratilgan ishlar son va sifat jihatdan oshib bormoqda. Bu yoʻlda, albatta, har birimiz ham jamiyatimiz, Oʻzbekiston deb atalgan katta bir oilaning muhim aʼzosi sifatida masʼuliyat his qilsak, oilamiz va yaqinlarimizga eʼtiborli, mehrli boʻlsak kelajak yoʻllari oydin, umrimiz rohat-farogʻatda oʻtishiga shubha yoʻq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?