Yosh askarlar Vatanga qasamyod qilishdi
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qism va muassasalarda oʻz yigitlik burchini oʻtashga kirishgan muddatli harbiy xizmatchilarning Vatanga qasamyodi munosabati bilan tantanali tadbirlar tashkil etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy aviatsiya institutida boʻlib oʻtgan tantanali marosimda harbiy xizmatchilar, askar yigitlarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar yigitlik ontini ichayotgan askarlarni hayotidagi unutilmas lahzalar bilan qutlashdi.
— Vatanga qasamyod yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishdek muqaddas burchni ado etishga bel bogʻlagan har bir yigit uchun juda katta masʼuliyat, shu bilan birga yuksak gʻurur va iftixor manbaidir, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari, senator Komila Karomova. — Bugun Vatanga qasamyod qilayotgan yigitlarning yuz-koʻzlarida aks etgan faxr va gʻururni koʻrib, yoshlarimiz uchun armiyada xizmat qilish tom maʼnodagi shon-sharaf ishiga aylanib borayotganini yana bir bora his etdik.

Xuddi shunday tadbir Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar bogʻi”da ham boʻlib oʻtdi. Unda Janubi-Gʻarbiy maxsus harbiy okrugining Qashqadaryo viloyatida joylashgan harbiy qismlariga chaqirilgan, shu kunga qadar boshlangʻich harbiy hamda umumqoʻshin tayyorgarlik mashgʻulotlarida armiya haqida muayyan tasavvurga ega boʻlib, zimmasidagi masʼuliyatni chuqur his etgan askar oʻgʻlonlar Vatanga qasamyod qilishdi.
— Oʻgʻlim Sarvarjon yoshligidan harbiy boʻlishni orzu qilar edi, — deydi Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumanida yashovchi Matluba Safarova. — Bugun egnida harbiy libos bilan Vataniga qasamyod qilganini koʻrib, juda faxrlandim. U muddatli harbiy xizmatdan soʻng ham Qurolli Kuchlarimiz safida qolib, xizmatni davom ettirmoqchi.

Tadbirning badiiy qismidagi koʻrgazmali chiqishlar, harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar barchaning kayfiyatini yanada koʻtardi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring