Yashirin darslar ortidagi xatar
Andijon shahrida yashovchi bir fuqaro oʻz xonadonida noqonuniy “hujra” tashkil etib, yigirmaga yaqin bolajonlarga diniy saboq berib kelgani aniqlandi. Uning darslarida yosh jihatdan turlicha boʻlgan oʻgʻil-qizlar bilimni ham har xil oʻzlashtirgan. Kimdir mavzuni tez yodlasa, boshqasi ortda qolgan. Bunday hollarda “ustoz” xivchin bilan jazolash usulini qoʻllagan.
Mashgʻulotlar oʻtkaziladigan xonaga kuzatuv kamerasi oʻrnatilgan boʻlib, fuqaro shu vosita orqali xonadoniga kelayotgan kishilarni nazorat qilib turgan. Agar shubhali holatni sezsa, darhol xonadagi muzlatkichni surib, uning ortidagi teshikdan bolalarni yertoʻlaga tushirib yuborgan. Ularga ovoz chiqarmaslikni uqtirgan. Ichki ishlar xodimlari xonadonini tekshirganida, diniy kitoblar orasidan taʼqiqlangan adabiyotlar ham topildi. Fuqaro barcha qilmishlarining qonunga zid ekanini bilgan holda faoliyatini davom ettirgan.
— Viloyatimizda diniy muhitni sogʻlomlashtirish, yoshlarni turli gʻarazli oqimlar taʼsiridan asrash, jamiyatda sof eʼtiqod va maʼrifatni mustahkamlash yoʻnalishida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat IIB Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi katta mutaxassisi, mayor Sherzodbek Mirzayev. – Ayniqsa, “hujra” deb atalmish noqonuniy taʼlim manbalarini aniqlash va ularga huquqiy baho berish borasida keng qamrovli choralar koʻrilmoqda. Joriy yilning 9 oyi davomida viloyatda 184 ta noqonuniy diniy taʼlim berish holati fosh etildi. Shulardan 94 tasi xonadonlarda tashkil qilingan boʻlib, 592 nafar voyaga yetmagan bola noqonuniy ravishda saboq olgan. 65 ta holatda 354 nafar shaxs yashirin “oʻqishxonlik” toʻgaraklariga qatnashgan, 25 ta holatda esa ijtimoiy tarmoq orqali virtual darslar oʻtilgani aniqlangan.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, bunday “hujra”lar faqat qonunbuzarlik emas, balki bolalar ruhiyatiga jiddiy zarar yetkazadi. Bunday muhitda oʻsgan bolalar oiladagi mehr va eʼtibor oʻrniga qoʻrquv va qattiqqoʻllikni his qiladi. Bu esa kelgusida ishonchsizlik, qoʻrqoqlik va hayotdan chetlashish kabi ruhiy holatlarga olib kelishi mumkin.
Andijon shahridagi istiqomatchi Neʼmatjon Abdukarimov qonuniy diniy taʼlim imkoniyatlari haqida shunday deydi:
— Bugungi kunda Qurʼon oʻrganish va diniy saboq olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi Andijon shahridagi istiqomatchi Neʼmatjon Abdukarimov. – Masalan, Andijon shahridagi Sayyid Muhyiddin Maxdum nomli oʻrta maxsus diniy bilim yurtida har yili xohlovchilar uchun maxsus kurslar tashkil etiladi. U yerda tajribali ustozlar bolalar va kattalarga Islom taʼlimotini odob, adolat va maʼnaviyat asosida oʻrgatadi. Qonuniy taʼlim bilan noqonuniy “hujra” oʻrtasidagi farq osmon bilan yerdek. Qonuniy muassasa bilim, maʼrifatu mehrga tayanadi, noqonuniy hujralar esa qoʻrquv, nafs, pulga qurilgan.
Shuning uchun ota-onalar farzandini qayerda va kimdan taʼlim olayotganiga jiddiy eʼtibor qaratishi zarur. Aks holda bola yolgʻon “ustozlar” taʼsiriga tushib, maʼnaviy boʻshliqqa yuz tutadi. Bolalar ongida pinhona darslar emas, balki ochiq haqiqatlar, sof muhit va pok iymon mustahkam boʻlishi lozim. Aks holda, murgʻak qalblarda qayta tiklanmas darz qolishi mumkin.
Saminjon HUSANOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring