“Yashil makon”: Samarqand viloyatida 4 yilda 66 million tup koʻchat ekilgan(mi?)

16:21 26 Noyabr 2024 Jamiyat
202 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Koʻchat ekish va yashil hududlarni koʻpaytirishning ahamiyati beqiyos. Shu bois mamlakatining barcha hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish ishlari olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari 20-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb eʼlon qilishni taklif etdi. Yigʻilganlar ushbu tashabbusni toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

Joriy yilning 21-oktyabr kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda Prezidentimiz mamlakatimizda har yili 200 million tup daraxt va buta koʻchatlari ekilib, yashillikni 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish boʻyicha marra olinganini taʼkidladi.

Yigʻilishda yashillik darajasini oshirish boʻyicha islohotlarni koʻp rahbarlar tushunib yetmayotgani aytib oʻtildi. Bahor mavsumida 28 ta tuman koʻchat ekishda rejani bajarmagani tanqid qilindi. Iqlim sharoitini hisobga olmasdan, suv yoʻq joylarga daraxt ekilgani uchun minglab tup koʻchat koʻkarmagan.

Hisobotga qoʻshib yozish eng koʻp Buxoro, Toshkent, Andijon, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida va Toshkent shahrida qayd etilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, 2021-yilda Samarqand viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 16 million tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekilgan. 2022-yilda 16 million 388 ming tup koʻchatlar ekilib, har bir shahar va tumanda 84 gektar maydonda “Yashil bogʻ” barpo etilgan. Yana “Hokimlik bogʻi”, “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”, “Yashil jamoat parklari” ham tashkil qilingan.

Hisobotlarda keltirilishicha, viloyatda oʻtgan yil bahor va kuz faslida 17 million tup koʻchat ekilgan. Bu yilgi rejalarni ham qoʻshadigan boʻlsak, toʻrt yilda 66 million tupdan ortiq daraxt koʻchatlari oʻtqazilgan. Asosan yoʻl boʻylari, dala chetlariga ekilayotgan ana shu koʻchatlar qani?

Viloyatda bu sohaga ixtisoslashgan bir nechta tashkilot, olimlar mehnat qiladi. Bir necha yil davomida ulardan birortasi qaysi tumanga qanday turdagi mevali yoki manzarali koʻchat mos kelishi toʻgʻrisida maʼlumotlar bergani yoʻq. Natijada boʻsh maydonga toʻgʻri kelgan koʻchat ekildi, lekin barchasi birdek koʻkarmadi. Yangilik sifatida xorijdan valyuta hisobiga keltirilayotgan koʻchatlarning aksariyati iqlimga mos kelmaganligi uchun qurib qolyapti. Ularni mahalliy sharoitga moslashtirish borasida ham biror maʼlumot topilmaydi. Samarqand viloyatining tumanlarida iqlim sharoiti bir-biridan farq qiladi. Bir hududda lalmi maydonga, boshqasida suvsizlikka va shamolga chidamli koʻchatlar ekish lozim. Amalda barchasiga birdek shumtol, katalpa, lola daraxti, pavloniya, archa, qrim qaragʻayi, yapon saforasi kabi koʻchatlar ekilmoqda. Ular qatorida iqlim sharoitimizga mos, koʻp yillar davomida yaxshi oʻsadigan chinor, eman, kashtan, zarang, tut singari daraxt nihollari koʻproq ekish foydali emasmi?

Yaqinda viloyat hokimligida oʻtkazilgan yigʻilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yil bahor mavsumida koʻchat ekish ishlarida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqid qilindi.

— Viloyat hududida bahor mavsumida 11 million 619 ming tup koʻchat ekilib, reja 114 foizga bajarilgan, — dedi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. — Loyiha doirasida bahorda 96,4 ming tup koʻchat sugʻorish tizimi mavjud boʻlmagan maydonlarda ekilgan. Sugʻorish tizimining tashkil etilmaganligi va parvarish ishlari amalga oshirilmaganligi sababli ekilgan koʻchatlarning 100 mingdan ziyodi qurib qolgan. Samarqand va Qoʻshrabot tumanlarida 20 ming, Payariq va Bulungʻur tumanlarida 19 ming, Urgut va Nurobod tumanlarida 18 ming, Ishtixon, Kattaqoʻrgʻon va Jomboy tumanlarida 15 ming tup koʻchat koʻkarmagan. “Yashilmakon.eco” elektron platformasiga koʻrsatkichlar kiritilishida esa koʻzboʻyamachilikka yoʻl qoʻyilgan.

Bahor mavsumida viloyatda 50 ming tup, shundan Ishtixonda 39 ming, Payariqda 3800, Qoʻshrabotda 3700, Nurobodda 1500 tup koʻchat platformaga qoʻshib yozilgan hamda koʻrsatkichlar sunʼiy oshirib koʻrsatilgan.

Atrof-muhitga taʼsir xavfi yuqori I-II toifadagi korxonalar tomonidan “Yashil belbogʻ”lar barpo etish ishlari ham oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Reja Kattaqoʻrgʻon tumanida 69, Paxtachida 53, Bulungʻurda 27 foizga bajarilgan boʻlsa, Ishtixon tumanida mutlaqo amalga oshirilmagan.

Koʻchat ekish ishlari joyida oʻrganilganda aksariyat koʻchatlar faqat hisobot uchun nomigagina ekilganligi hamda ularni parvarishlash tizimi tashkil etilmaganligi oydinlashdi. Payariq tumani Xalqobod va Tomoyrot mahallalarida tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonaga kirish qismida tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi va 3-son kasb-hunar maktabi tomonidan ekilgan ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt koʻchatlari koʻkarmagan.

Nurobod tumani markazidagi 4R-53 avtomobil yoʻli yoqasida tuman hokimligi va tuman tashkilotlari tomonidan faqatgina hisobotlarda aks ettirish uchun nomigagina ekilgan 5 ming tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt koʻchatlari koʻkarmagan, bundan tashqari, koʻchatlar ekilgan hudud yonib ham ketgan.

Jomboy tumanida tijorat banklari tomonidan temir yoʻli yoqasida ekilgan 2 ming tupdan ortiq terak koʻchati ham faqat qogʻozda aks etgan, xolos.

Urgut tumanidagi Quyi Kamongaron mahallasida tuman hokimligi tomonidan barpo qilingan “Hokimlik bogʻi” va “Yashil jamoat parki”da, shuningdek, Tinchlik va Rahmatobod mahallalari hududida obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ekilgan ming tupdan ziyod koʻchatlar koʻkarmagan.

Toyloq tumanidagi Gʻoʻlba mahallasida 0,25 gektar yer maydonda barpo qilingan “Hokimlik bogʻi”da aholi tomonidan chorva mollari boqilganligi sababli koʻchatlar payhon qilingan.

Samarqand shahri hududidan oʻtuvchi M-37 avtomobil yoʻli yoqasida sobiq YPX post shtabi roʻparasida viloyat soliq boshqarmasi tomonidan ekilgan 500 tup archa koʻchatlari nomigagina ekilganligi va parvarish qilinmaganligi sababli qurib qolgan.

Ishtixon tumani hududidan oʻtuvchi M-37 avtomobil yoʻli yoqasida “Samarqandyoʻlkoʻkalam” korxonasi tomonidan ekilgan 200 tup manzarali daraxt koʻchatlari, Shayxlarkent mahallasida ekilgan 100 tup mevali daraxt koʻchatlari ham nobud boʻlgan.

Samarqand viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi rahbar va mutaxassislari yaqinda Samarqand shahridagi “Yoshlik” istirohat bogʻida monitoring oʻtkazdi. Bolajonlar miriqib dam oladigan maskanda oʻnlab daraxtlarning osti betonlab tashlangani aniqlandi. Bu holat oxir-oqibat koʻp yillik daraxtlarning qurishi va soʻlim goʻshaning qaqrab qolishiga sabab boʻlishi tabiiy.

Oʻrganish davomida attraksionlar atrofini obodonlashtirish bahonasida tabiatga zarar yetkazgan tadbirkorlar ogohlantirildi. Tezkor tartibda daraxtlar atrofini beton qoplamalaridan tozalab, belgilangan talab darajasiga keltirish, shu bilan birga hududda sanitar tozalikni saqlash borasida topshiriqlar berildi.

Ha, afsuski, bizda hamon daraxtlar, umuman, tabiatga nisbatan eʼtibor yomonligicha qolmoqda. Masalan, biror joyda daraxt kesgan qonunbuzarning kesilgan daraxt oʻrniga 10 yoki 100 tup nihol ekkanini koʻrmaymiz, faqat arzimas jarima solingani haqida xabar beriladi. Bu ham aslida ekologiyaga eʼtiborsizlikning “meva”si hisoblanadi.

Umid qilamizki, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da bu kabi kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер