“Yashil” iqtisodiyot — Oʻzbekistonda yoshlar bandligini taʼminlashning strategik yoʻnalishi sifatida

Bugungi kunda “yashil” iqtisodiyot global miqyosda barqaror rivojlanishning muhim yoʻnalishi sifatida qaraladi. Oʻzbekistonda ham ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, energiya tejamkorlikni oshirish va tabiiy resurslarni oqilona boshqarish orqali iqtisodiy oʻsishga erishish yoʻlida salmoqli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Eʼtiborlisi shundaki, mazkur jarayon yoshlar uchun yangi, barqaror va toza ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.
“Yashil iqtisodiyot” (Green Economy) atamasi BMTning Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi (UNEP) tomonidan shunday taʼriflangan: “…hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy faoliyat boʻlib, u atrof-muhitga xavf yetkazmasdan, tabiiy resurslardan samarali foydalanishni taʼminlaydi va ijtimoiy tenglikni qoʻllab-quvvatlaydi”.
Shuningdek, “yashil” ish oʻrinlari — bu atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi manbalar hamda ekologik toza texnologiyalar sohasidagi ish oʻrinlaridir. Ularning asosiy xususiyatlari:
— iqlim oʻzgarishini cheklashga xizmat qilishi;
— ekologik barqarorlikni taʼminlashi;
— ishchi kuchining yangi koʻnikma va malaka talab qilishidir.
Mazkur ish oʻrinlari nafaqat sanoat yoki energetikada, balki qishloq xoʻjaligi, turizm, qurilish, xizmat koʻrsatish, taʼlim va innovatsiyalar sohalarida ham yaratilishi mumkin.
Xoʻsh, mamlakatimizda “yashil” ish oʻrinlarini rivojlantirish holati va imkoniyatlari qanday?
Taʼkidlash oʻrinliki, Oʻzbekistonda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish masalasi davlat siyosatida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan. Mamlakatimizda 2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi qabul qilinib, u qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilish orqali yangi ish oʻrinlari yaratishni maqsad qiladi.
Ayniqsa, yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratishga davlat tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tahlillarga toʻxtaladigan boʻlsak, 2023-2024-yillarda bir qator sohalarda “yashil” ish oʻrinlari yaratildi. Jumladan, energetikada quyosh va shamol stansiyalarida muhandislik, monitoring, texnik xizmat sohalarida minglab yoshlar ish bilan taʼminlandi. Qolaversa, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida organik yetishtirish, dron texnologiyalarini joriy qilish, suv tejovchi usullar kabi sohalarda yosh fermerlar faollashmoqda.
Ekologik qurilish sohasida esa shaharsozlik va energiya samarador binolar loyihalarida yosh arxitektor hamda muhandislar ishtirok etmoqda. Taʼlim va kasb-hunar tizimida kasb-hunar markazlarida “yashil kasblar” boʻyicha qayta tayyorlash kurslari ochildi, jumladan, ekolog, agro-injener, energiya tahlilchisi kabilar shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, Yoshlar ishlari agentligi, UNDP, GIZ va boshqa tashkilotlar yoshlar uchun grantlar, startaplar va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirmoqda.
Yuqori demografik oʻsishga ega Oʻzbekiston uchun yoshlar bandligini taʼminlash masalasi doimo dolzarb boʻlib kelgan. Negaki, mamlakatimizda aholining qariyb 60 foizi yoshlardan iborat. Ular uchun yangi ish oʻrinlari yaratish esa ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash bilan birga, ishsizlik va migratsiyaning oldini oladi, qolaversa, iqtisodiy faollik va yangi innovatsiyalarni ragʻbatlantiradi.
“Yashil” ish oʻrinlari esa zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan yoshlar uchun katta imkoniyatdir. Ular texnologik yangiliklarni tez oʻzlashtirish qobiliyati, ekologik ongning shakllanishi va global jarayonlarga moslashuvchanligi bilan ajralib turadilar.
Xalqaro amaliyot va milliy tajriba uygʻunligi
Xalqaro tajribadan koʻrish mumkinki, Jahon banki, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va BMT tashkilotlarining tadqiqotlariga koʻra, rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda “yashil iqtisodiyot” orqali yaratilgan ish oʻrinlari soni 2030-yilgacha 24 milliondan ortishi kutilmoqda.
Germaniya, Janubiy Koreya, Qozogʻiston kabi davlatlar “yashil” kasb-hunar taʼlimi, subsidiyalar va xususiy sektorni jalb qilish orqali yoshlar uchun yangi bandlik imkoniyatlarini yarata olgan.
Oʻzbekiston ham mazkur tendensiyadan chetda qolmay, “yashil” rivojlanish strategiyasini amalga oshirish, investitsiyalar jalb qilish va yoshlarni qayta tayyorlashga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqmoqda.
Qayta tiklanuvchi energetika. Bu yoʻnalishda 2022 — 2024-yillarda Navoiy, Qashqadaryo, Buxoro va Jizzax viloyatlarida qurilgan quyosh hamda shamol elektr stansiyalarida minglab muhandis va texnik yoshlar jalb etildi. “Masdar”, “ACWA Power” kabi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikdagi loyihalarda 4 mingdan ziyod mutaxassis tayyorlanmoqda.
Qishloq xoʻjaligida “yashil” texnologiyalar. “Smart agriculture” (aqlli qishloq xoʻjaligi) doirasida tomchilatib sugʻorish, organik oʻgʻitlar, dron texnologiyalaridan foydalanish orqali 500 dan ortiq yosh fermer faoliyat boshladi. “UNDP” hamkorligida amalga oshirilayotgan “Climate Leadership” dasturi 2024-2025-yillarda 4 mingga yaqin yoshlar uchun taʼlim va amaliyot tashkil qilmoqda.
Ekologik qurilish. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida energiya samarador binolar qurilishida “yashil sertifikat” olish talablari joriy etildi. Bu sohadagi loyihalarda yosh muhandislar, arxitektorlar va IT mutaxassislar jalb etilayotir.
Aytish kerakki, moliyaviy va tashkiliy yordam mexanizmlari asosida Yoshlar ishlari agentligi 2023-yilda “yashil startaplar” uchun alohida yoʻnalish tashkil etdi va 1,5 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ ajratdi. Ekologik jamgʻarmalar va grantlar — xorijiy tashkilotlar (UNDP, GIZ, KOICA) tomonidan yoshlar “startap”lariga texnika, malaka, grant va subsidiyalar koʻrinishida yordam koʻrsatilmoqda.
Ijtimoiy hamkorlik — mahalliy hokimiyatlar, xususiy sektor va taʼlim muassasalari oʻrtasida “uchinchi sektor” modeli asosida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish jarayoni barcha sohalarda oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Yoshlar uchun yaratilgan ish oʻrinlari soni yil sayin oshmoqda, taʼlim va qayta tayyorlash dasturlari kengaymoqda, xalqaro hamkorlik kuchaymoqda. Biroq hali ham infratuzilmaviy va institutsional toʻsiqlar mavjud. Ularning tahlili keyingi boʻlimda koʻrib chiqiladi.
Muammo va yechimlar
Har qancha imkoniyat va dasturlar amalga oshirilayotgan boʻlsa-da, Oʻzbekistonda “yashil” ish oʻrinlarini keng koʻlamda shakllantirishda bir qator toʻsiq va muammolar mavjud. Ularni bartaraf etish uchun quyidagilarga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
— “Yashil” kasb-hunar taʼlimi tizimini shakllantirish: kasb-hunar va texnikumlarda maxsus mutaxassisliklar tashkil etish, xalqaro sertifikat dasturlari joriy etish;
— moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish: maxsus grantlar, imtiyozli kreditlar, biznes inkubatorlar tashkil etish;
— axborot va targʻibotni faollashtirish: “yashil kasblar — kelajak kasblari” shiori ostida tadbirlar oʻtkazish;
— hududiy loyihalarni rivojlantirish: hududlarda “yashil sektor” va agrar klasterlarni ochish;
— “Yashil” kasblarni tizimli rivojlantirish: taʼlim tizimini takomillashtirish, xalqaro sertifikatlashtirish joriy etish;
— Yoshlar uchun moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish: grantlar, subsidiyalar, biznes inkubatorlar.
— hududiy va soha yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish: hududlarga mos “yashil sektor”ni belgilash.
— axborot-tahliliy platformalar yaratish: maʼlumot platformalari va keng tarqatish.
Bir soʻz bilan aytganda, “yashil” ish oʻrinlari yaratish — barqaror iqtisodiy oʻsish va yoshlar kelajagini taʼminlash uchun strategik yoʻnalishdir. Bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish va rivojlantirish faqat foyda keltiradi.
Fotimabonu DONIYOROVA,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi dotsent v.b.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring