Yaponiyalik kelin tashabbusi

09:42 08 Avgust 2025 Jamiyat
136 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyatining Ishtixon tumaniga Yaponiyadan Kanaa xonim kelin boʻlib tushgan. U hozirgi kunda oilasi bilan Samarqand shahrida istiqomat qiladi. Kanaa xonim Samarqand tumanidagi “Mirishkor” mahallasida yashovchi 20 ta kambagʻal oila ayollariga hamyon (koshelek) tikishni oʻrgatdi.

— Ayolar bu hunarni tez oʻzlashtirib olishdi, xomashyoni oʻzim yetkazib berib, tayyor hamyonni 20 ming soʻmdan sotib olyapman, — deydi Kanaa xonim. — Quvonarlisi, mahsulotni Yaponiyaga eksport qilyapmiz. Har bir oila kuniga 10 tadan hamyon tikishini hisobga olsak, ularning oylik daromadi 5-6 million soʻmni tashkil etmoqda.

Kanaa xonim faqat bu bilan kifoyalanib qolayotgani yoʻq. Samarqand tumanidan yana 150-200 ta oilani ishli qilish boʻyicha yangi loyiha ustida ishlamoqda.

Bunday ibratga loyiq tashabbusni Urgut tumanidagi Xoʻjaguzar mahallasida yashovchi Mavluda Hamdamova ham qoʻllab-quvvatlamoqda. Mavluda qoʻli gul kashtachi ayol. Xoʻjaguzar va uning atrofidagi 6 ta mahalladagi 100 nafardan ortiq ishsiz ayollarga kashta tikishni oʻrgatayotgani ibratga loyiq.

U kashta tikish uchun ketadigan barcha xomashyoni kasanachilarga oʻzi yetkazib berib, tayyor mahsulotni oʻrtacha 1,5 — 2 million soʻmdan sotib olmoqda. Bu xayrli ish oilalarga oyiga 4-5 million soʻm atrofida daromad keltirmoqda. Ammo tan olish kerak, Kanaa xonim va Mavluda kabi tashabbuskor ayollar hamma mahallalarda ham uchramaydi. Shunday ayollarni izlab topish, ragʻbatlantirish, imkoniyat va imtiyozlar berish maqsadida viloyatda “Kambagʻallikdan farovonlik sari dasturi” umumxalq harakati amalga oshirilmoqda. Bu loyihadan koʻzlangan maqsad yil yakuniga qadar 35,6 mingta oilani kambagʻallikdan chiqarishga qaratilgan.

Ana shu maqsad yoʻlida bugungi kunda Samarqand viloyati hokimligi hamda barcha shahar va tumanlarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan “Islohotlar shtabi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mazkur shtab faoliyatida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, 4 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi belgilab olingan.

Ushbu tadbirlarni amalga oshirish borasida viloyatda “Mahalla yettiligi” bilan birgalikda ish samaradorligini oshirish uchun kunlik, haftalik va oylik ish reja asosida ishlar tashkil qilingan.

— “Islohotlar shtabi” tashabbusi bilan mahallalarda xatlov oʻtkazilib, 17,3 ming nafar ishsiz fuqaroning manzilli roʻyxati shakllantirildi, — deydi viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari kotibiyati mudiri Rivojiddin Mahqulov. — Ular bilan 4 tomonlama (tuman hokimi, mahalla raisi mahalla bankiri va fuqaro) shartnomalar imzolandi. 2025-yil yakuniga qadar 17,3 ming nafar ishsiz fuqaro, 57 ming nafar mehnat bozoriga kirib kelayotgan yigit-qiz, 11,6 ming nafar mehnat bozorida tarkibiy oʻzgarishlar orqali kirib keladigan fuqarolar hamda 21 ming nafar migratsiyadan qaytishi kutilayotgan fuqaroning bandligini taʼminlash boʻyicha alohida Dastur ishlab chiqilgan. Umuman yil yakuniga qadar yana 150 ming nafar aholining bandligi taʼminlanadi.

Joylardagi “mahalla yettiligi” aʼzolari bilan birgalikda 147 mingta oilalar bilan qayta soʻrovnoma oʻtkazilib, 80,3 mingta oila (aʼzolari 337,2 ming nafar) kambagʻallik reyestriga kiritildi va har biri boʻyicha “individual reja” ishlab chiqildi.

Xullas, viloyatda mahalliy dasturlar ijrosiga masʼul boʻlgan “Islohotlar shtabi” faoliyati keng miqyosda davom etmoqda. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, shu orqali ishsizlikni kamaytirish va pirovardida kambagʻallikni qisqartirisha yoʻnaltirilgan “Islohotlar shtabi” faoliyati albatta, oʻzining samaralarini berishiga shak-shubha yoʻq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер