Shavkat Mirziyoyev VII Maslahat uchrashuvida 7 ta asosiy fikr va tashabbuslarni ilgari surdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qator fikr va tashabbuslarni ilgari surdi.
Bugungi sammit tarixiy boʻldi: Maslahat uchrashuvlari formatiga Ozarbayjon Respublikasining toʻlaqonli ishtirokchi sifatida qoʻshilishini davlat rahbarlari bir ovozdan qoʻllab-quvvatladilar. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu qadam hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishini, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz oʻrtasida hamkorlikning yagona makonini shakllantirishini taʼkidladi.
Prezidentimiz oʻz nutqida mintaqani yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlariga toʻxtalib oʻtdi:
1. Mintaqaviy integratsiyaning yangi bosqichi.
Qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo muloqotning maslahat shaklidan chinakam hamkorlik bosqichiga oʻtdi: hududiy masalalar tartibga solindi, chegaralar ochildi, energetika, transport va savdo sohalarida hamkorlik oʻrnatildi. Oʻzaro savdo 10,7 milliard dollarga yetib, investitsiyalar 17 foizga oʻsdi.
2. Institutsional arxitekturani mustahkamlash.
Uchrashuvlar formatini “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik platformasiga aylantirish, Kotibiyatni taʼsis etish, Oqsoqollar kengashini tuzish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini koʻtarish taklif etildi.
3. Iqtisodiyot va investitsiyalar.
Mintaqa davlatlari oʻzaro savdo hajmini 1,5–2 baravar oshirish imkoniyatiga ega. Prezident quyidagilarni taklif qildi:
– 2035-yilgacha boʻlgan Savdo-iqtisodiy hamkorlikning mintaqaviy dasturini qabul qilish;
– Yagona investitsiya makoni toʻgʻrisidagi Deklaratsiyani ishlab chiqish;
– elektron tijoratni birgalikda rivojlantirishni ilgari surish.
4. Infratuzilma va transport.
Oʻzbekiston “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻli, Transafgʻon yoʻlagi va Transkaspiy yoʻnalishlarini kengaytirish kabi yirik loyihalarni amalga oshirishda mintaqa davlatlarini birgalikda harakat qilishga chaqirdi. Infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha Kengashni tuzish taklif qilindi.
5. Xavfsizlik va Afgʻoniston.
Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi va Tahdidlar va xavflar katalogi tasdiqlash uchun taqdim etildi. Prezident Afgʻonistonni mintaqaviy energetika va transport loyihalariga integratsiyasi muhimligini taʼkidladi hamda “Fargʻona tinchlik forumi”ni muntazam oʻtkaziladigan xalqaro anjumanga aylantirishni taklif qildi.
6. Iqlim va suv.
Oʻzbekiston 2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish boʻyicha amaliy harakatlar oʻn yilligi” deb eʼlon qilishni deb eʼlon qilishni, shuningdek, Suv xoʻjaligi sohasida kompetensiyalar mintaqaviy markazini tashkil etishni taklif qildi.
7. Gumanitar soha.
Ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish qoʻllab-quvvatlandi. Prezident har yili maʼnaviy meros va maʼrifatparvarlik gʻoyalariga bagʻishlangan Xalqaro kongressni oʻtkazishni, Mintaqaviy ilmiy tadqiqotlar jamgʻarmasini tuzish hamda mintaqamiz olim va mutafakkirlarining global rivojlanishga qoʻshgan hissasiga bagʻishlangan BMTning maxsus rezolyutsiyasini ilgari surishni taklif qildi.
“Bizning kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yoʻlimiz – doʻstlik va hamkorlikda”, deya nutqini asosiy fikr bilan yakunladi Prezident.
Oʻzbekiston Turkmanistonni yangi – “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon” formatida oʻtadigan davlatlar rahbarlarining Maslahat uchrashuvida raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi va boʻlajak mezbonlik qilish davridagi saʼy-harakatlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring