Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – inson shaʼni, qadr-qimmati va huquqlarining poydevori

Arxiv surat
Asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yoʻlimiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.
Shavkat Mirziyoyev.
Maʼlumki, 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumda yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha orzu-umidlari va intilishlari oʻz aksini topganligidan dalolat bermoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi – ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.
Konstitutsiyada ilgarigi “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat”, deb oʻzgartirilganligi, yaʼni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qoʻyishni maqsad qilinganligi nafaqat huquq va erkinliklarni mustahkamladi, balki ularni amalga oshirishning real imkoniyatlarini taʼminlash chora-tadbirlarini, kafolatlarini ham yaratdi. Buni biz Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasidanoq “Biz, Oʻzbekistonning yagona xalqi, inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni tantanali ravishda eʼlon qilib”, degan soʻzlardan boshlanishidan koʻrishimiz mumkin.
Konstitutsiyaning ikkinchi boʻlimi Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bagʻishlangan boʻlib, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi etib belgilanganligi va shu munosabat bilan inson huquqlarini kafolatlash mexanizmi, mutlaqo yangi masala va yoʻnalishlar aks etgan oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshganligini koʻrish mumkin. Xususan, 54-moddada ilk bor “Insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlaydi” va 56-moddada “Davlat inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun sharoitlar yaratadi”, deb belgilandi. Shuning barobarida, inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda huquqiy normalarning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi mumkinligi bizning huquqiy amaliyotimizda mutlaq yangi voqelikdir.
Insonning ajralmas huquqlardan biri – oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish huquqidir. Bu umumeʼtirof etilgan xalqaro-huquqiy hujjatlarda belgilab berilgan huquqdir. Ayni paytda Konstitutsiyaning 55-moddasiga yangi xatboshi kiritilib, unga koʻra “Har kim Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli”, deb muhrlandi. Qonunchilikda har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlab qoʻyilgan. Shaxsning buzilgan huquq va erkinlarini tiklash masalasi uning hayotida oʻta muhim oʻrin tutganligi sababli, sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarni apellyatsiya, kassatsiya yoki nazorat tartibida qayta koʻrib chiqish institutlari joriy etilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan BMTning inson huquqlariga oid umumeʼtirof etilgan xalqaro hujjatlarda shaxsning fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquqlar kamsitilganda hamda irqiy, ayollarga, bolalar, nogironlarni kamsitish holati, qiynoqlar jazolashning shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlar qoʻllanilganda fuqaro uning huquq va erkinliklari buzilgan hollarda huquqlarini tiklash maqsadida BMTning tegishli qoʻmitalarga murojaat qilishi mumkinligi belgilangan. Buning asosiy sharti shundaki, fuqaro xalqaro organlarga murojaat etishi uchun, ushbu huquq shaxsga oʻz davlatida yaratilgan barcha huquqiy himoya mexanizmlaridan ham qoniqmagan taqdirda, oʻz haq-huquqlarini xalqaro darajada himoya qilish va nizolashayotgan masalasini xalqaro-huquqiy hujjatlardan foydalangan holda hal qilish imkoniyatini yaratadi.
Shaxsga davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlganidan soʻng, xalqaro organlarga murojaat etish huquqining berilayotganligi Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini samarali bajarishga qaratilgan Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiyasi hamda BMTning inson huquqlari boʻyicha ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari xabarnomalari va qarorlarini koʻrib chiqish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilayotgani uning xalqaro maydondagi obroʻsi yanada mustahkamlanishiga hamda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga xizmat qiladi hamda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish va ularni himoya qilish borasida qoʻshimcha konstitutsiyaviy-huquqiy kafolati hisoblanadi.
Konstitutsiyadagi mutlaqo yangi normalardan yana biri – 57-modda. Unga koʻra, mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir. Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni koʻradi. Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan toʻlaqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishi, ularning ishga joylashishiga, taʼlim olishiga koʻmaklashishi, ularga zarur boʻlgan axborotni toʻsqinliksiz olish imkoniyatini taʼminlashi aniq belgilab berildi.
Ushbu normalar fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishning davlat kafolatlarini mustahkamlash imkonini yaratadi, shuningdek xalqimizning tinch, obod va farovon hayotini taʼminlash va xalqaro maydonda Oʻzbekiston Respublikasining ijobiy imijini shakllantirish uchun sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Shoxruh MAJIDOV,
Saodat AHMEDJANOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi ekspertlari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring