Yangi tahrirdagi Konstitutsiya: inson qadri tamoyili ustuvor
2023-yil 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan referendumda xalqimiz oʻzining yuksak huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi. Shu tarzda zamonaviy mezonlar asosida yangilangan Asosiy Qonunimiz davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy va sud-huquq sohasini yanada barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Avvalo, yangilangan Konstitutsiyamizda ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” deb oʻzgartirildi va inson manfaati har narsadan ustun ekanligi qatʼiy belgilab qoʻyildi.
Bosh Qomusimizda davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga oshdi. Xususan, fuqarolarning ehtiyojmand toifasini uy-joy bilan taʼminlash, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonga munosib yashashini taʼminlashni hisobga olgan holda belgilanishi hamda barcha tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan olishga haqliligi va boshqalar shular jumlasiga kiradi.
Pedagog xodimlarga oid qoidalar qayta koʻrib chiqildi va oʻqituvchi kasbiga nisbatan yuksak hurmatni hamda ularning ijtimoiy himoyasini nazarda tutuvchi alohida yangi modda kiritildi. 52-moddaga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish va tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etildi. Bundan tashqari, davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy oʻsishi haqida gʻamxoʻrlik qilishi alohida norma sifatida mustahkamlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54-moddasida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy maqsadi ekani belgilab qoʻyilgan boʻlsa, 20-moddasida aynan ushbu maqsadga erishish uchun insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerakligi qayd etilgan.
Ahamiyatli jihati shundaki, inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi belgilandi.
Eng muhimi, endilikda Konstitutsiya toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan hujjat sifatida eʼtirof etildi. Yaʼni fuqarolar oʻzining kundalik hayotida ham Konstitutsiyaga murojaat qilishi, undagi barcha normalar, ularni qanday amaliyotda qoʻllashni ochib beruvchi qonunchilik hujjati mavjud yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashi taʼminlanadi.
Shuningdek, “Xabeas korpus” instituti koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida shaxsni 48 soatdan ortiq sudning qarorisiz ushlab turish mumkin emasligi, telefon soʻzlashuvlarini eshitish va tintuv oʻtkazish faqat sud ruxsat bersagina amalga oshirilishi mumkinligi belgilandi. Jinoyatda gumonlanib ushlangan shaxsga sukut saqlash va boshqa huquqlari hamda ushlab turish asoslari sodda tilda ilk soniyalardanoq tushuntirilishi, hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi koʻrsatma berishga majbur emasligi kabi “Miranda” qoidalari Konstitutsiya darajasida belgilanganligini alohida eʼtirof etish lozim. Bu qoidalar insonni nohaq jinoiy taʼqibdan himoya qiladi.
Inson huquqlarini himoya qilishda advokatlarning rolini oshirish, ularning prokurorlar bilan teng tortishuvchanlik prinsipi asosida faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan normalar advokaturaga bagʻishlangan yangi 24-bobga kiritilganligini alohida eslatib oʻtish lozim.
Odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sudyalar mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan qoidalar soʻngi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning Konstitutsiya darajasida hal etilishi imkonini berdi. Sudyaning boshqa organlar va shaxslardan xoli boʻlishini taʼminlash maqsadida sudyalar muayyan ishlar boʻyicha hisobdor boʻlmasligi hamda sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sudyani lavozimidan ozod etish uchun asos boʻlmasligi belgilandi.
Muxtasar aytganda, Konstitutsiyamizning yangi normalarida asosiy eʼtibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan. U “inson shaʼni va qadr-qimmati uchun” tamoyili asosida bu boradagi hayotbaxsh islohotlarni yanada yuksaltirish, inson, fuqarolik jamiyati va davlat oʻrtasidagi ijtimoiy munosabatlarda adolat, qonun ustuvorligi taʼminlanishiga xizmat qiladi.
Qobiljon MUTALIYEV,
Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring