Yangi Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati Malayziya xalqaro sayyohlik yarmarkasida namoyish etilmoqda

13:44 29 Iyul 2023 Dunyo
356 0

Oʻzbekiston elchixonasi xodimlari 20-Malayziya xalqaro sayyohlik yarmarkasi ishida (Malaysia International Travel Mart – MITM 2023) qatnashayotir.

Tadbir davomida Oʻzbekistonning turizm salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot va ikki mamlakat turoperatorlarining “B2B” uchrashuvlari tashkil qilindi.

Yarmarkada Malayziyaning 100 dan ortiq turoperatorlari hamda Oʻzbekiston, Koreya Respublikasi, Tailand, Xitoy, Filippinning  sayyohlik sanoati va aviakompaniyalari vakillari qatnashmoqda.

Oʻzbekistonning turizm salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot davomida mamlakatimizda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini jadal rivojlantirish va turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumotlar oʻrtoqlashilar ekan, Oʻzbekistonning tarixiy va zamonaviy sayyohlik markazlari, jumladan Samarqand, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrining turizm mahsulotlari haqida atroflicha fikr yuritildi. Xususan, Samarqand xalqaro aeroporti va “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga alohida urgʻu berildi.

Soʻnggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan, Malayziya fuqarolari uchun respublikaga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani taʼkidlandi. Shuningdek, Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari oʻrtasida “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlari yoʻlga quyilgani ham qayd etildi.

Oʻzbekiston va Malayziya turoperatorlari oʻrtasida “B2B” uchrashuvlari natijasi oʻlaroq, toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzaro hamkorlik aloqalari oʻrnatildi -  turoperatorlar hamkorligida Oʻzbekistonga yangi turpaketlarni yoʻlga qoʻyish va respublikaga yil oxirigacha qoʻshimcha 500 nafar sayyohni jalb qilish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Malayziya xalqaro sayyohlik yarmarkasi 1992-yilda taʼsis etilgan Malayziyaning xitoy turkompaniyalari assotsiatsiyasi (Malaysian Chinese Tourism Association) tomonidan har yili tashkil etiladi. Assotsiatsiya Malayziyaning xitoy etnik guruhi vakillari zich yashaydigan Penang, Perak, Selangor, Negri Sembilan, Joxor, Saravak, Sabax va Labuan shtatlarida oʻz boʻlinmalariga ega. Bugungi kunda Assotsiatsiyaning 1300 dan ortiq aʼzosi bor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?