Yangi Oʻzbekistonga ulkan gʻalabalar yarashadi — Shavkat Mirziyoyev

13:14 28 Avgust 2024 Siyosat
180 0

Xabar berganimizdek, Koʻksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtmoqda.

Uchrashuvda Olimpiada oʻyinlarida yurtimiz vakillari bir qator rekord natijalarni qoʻlga kiritgani qayd etildi.

Masalan, dzyudo boʻyicha bizda ilgari oltin medal boʻlmagan edi. Bu safar matonatli dzyudochi qizimiz Diyora Keldiyorova tomonidan ushbu marra zabt etildi.

Olimpiya oʻyinlari tarixida oʻzbekistonlik ayollar oʻrtasida birinchi marta oltin medalni qoʻlga kiritdi. Shu tariqa Diyora yana bir rekord oʻrnatdi.

Yana bir jasur qizimiz – Svetlana Osipova esa, taekvondo boʻyicha birinchi kumush medalni egallab, mamlakatimiz ayollar sporti tarixida yangi sahifa ochdi.

Shu tariqa sportchi qizlarimiz bitta Olimpiadada ilk bor 2 ta medalni qoʻlga kiritib, yangi rekord oʻrnatishga erishdilar.

Oʻzbekiston taekvondo boʻyicha birinchi marta Olimpiya oʻyinlarida 2 ta medalni qoʻlga kiritdi.

Ayniqsa, mohir sportchimiz Ulugʻbek Rashitov Olimpiya harakati solnomasida taekvondo boʻyicha eng yosh toifada ikki karra Olimpiya chempioni boʻldi.

Shu paytgacha dunyoda faqat 4 nafar sportchi shunday yuksak sharafga sazovor boʻlgan edi. Ulugʻbek esa beshinchi boʻlib, ularning safidan munosib va mustahkam joy egalladi.

U oyogʻidan qattiq jarohat olganiga qaramay, shiddatli final jangida kuchli raqibga qarshi mardona jang qilib, gʻolib qahramonga aylandi.

Boks boʻyicha milliy terma jamoamiz oltin medallar soni boʻyicha mamlakatimiz tarixida Olimpiya oʻyinlari rekordini yangiladi va umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi.

Erkaklar oʻrtasida yettita oltin medalning beshtasini yoki 71 foizini bizning bokschilarimiz qoʻlga kiritdilar.

Fursatdan foydalanib, Prezidentimiz Oʻzbekiston iftixorlari – mohir bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Doʻsmatov, Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xaloqovni ana shunday shonli yutuqlari bilan yana bir bor qizgʻin tabrikladi.

Erkin kurash boʻyicha 12-yillik tanaffusdan soʻng yana Olimpiada oltin medali qoʻlga kiritilgani ham tarixiy yutuq boʻlgani taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari mohir kurashchi Razambek Jamalovni ham samimiy qutlab, unga yangi zafarlar tiladi.

Mamlakatimiz jamoasi erishgan yutuqlarda kumush medal sohibi – ogʻir atletikachi Akbar Joʻrayev, bronza medal sovrindorlari – erkin kurashchi Gʻulomjon Abdullayev, tajribali dzyudochilarimiz Muzaffarbek Toʻraboyev, Alisher Yusupovning ham hissasi katta boʻlgani eʼtirof etildi.

"Bugun hayot, zamon keskin shiddat bilan oʻzgarmoqda. Mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, mamlakatimiz barcha sohalarda dadil oldinga bormoqda.

Yangi Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyotiga albatta mana shunday ulkan gʻalabalar yarashadi.

Shu maʼnoda, sizlar Parijda erishgan natijalaringiz bilan oʻz nomingizni milliy sportimiz tarixiga oltin harflar bilan muhrlab qoʻydingiz.

Sizlar xalqimiz qalbidagi milliy gʻurur tuygʻusini har tomonlama yuksaltirdingiz. Eng muhimi, bunday porloq gʻalabalar el-yurtimizni ruhlantiradi, yanada birlashtiradi. Ular yoshlarimiz uchun mardlik va matonat, ibrat va shon-sharaf maktabi boʻlib xizmat qiladi.

Hech shubhasiz, bu olamshumul yutuqlarda siz, aziz sportchilarimiz bilan birga talabchan va fidoyi ustoz-murabbiylar, mutaxassis va mutasaddilar, sizlarga chin dildan omad tilab turgan butun xalqimizning hissasi ham beqiyosdir", dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?