Yangi Oʻzbekiston — yangi yuridik tafakkur
“Taʼlim sifatini oshirish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona toʻgʻri yoʻlidir” degan tamoyil soʻnggi yillarda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Ayniqsa, huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda yuridik kadrlar sifati hal qiluvchi omil ekanini hayotning oʻzi isbotlab turgan bir paytda, bu gʻoyatda muhim masaladir.
Shu maʼnoda, Prezidentimizning 2025-yil 26-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni huquqiy taʼlim tizimida sifat jihatdan mutlaqo yangi bosqichni boshlab bergan strategik hujjat sifatida juda katta ahamiyat kasb etadi.
Mazkur Farmon orqali nafaqat taʼlim mazmuni, balki uning falsafasi, boshqaruv modeli, ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlari hamda amaliyot bilan bogʻliqligi tubdan qayta koʻrib chiqilmoqda.
Taʼlim — tadqiqot — amaliyot integratsiyasi
Farmonning eng muhim jihatlaridan biri — yuridik taʼlim jarayonini amaliyot bilan uzviy bogʻlash masalasiga prinsipial yondashuvdir. Xususan, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida amaliy oʻqitish hamda klinik va dual taʼlim tamoyili joriy etilishi belgilandi.
Mazkur tizimga koʻra, ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi kurs talabalari taʼlim dasturining 50 foizini bevosita sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura, konsalting va boshqa huquqiy tashkilotlarda oʻtaydi. Bu esa talabalarning qonun normalarini faqat kitobdan emas, balki hayotiy vaziyatlar orqali anglash, muammoli holatlarga huquqiy yechim topish koʻnikmasini shakllantiradi.
Shu bilan birga, “problem-based learning” usuli orqali talabalarda tahlil qilish, mantiqiy fikrlash, xulosa chiqarish kabi “yumshoq koʻnikmalar”ni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yondashuv zamonaviy xalqaro yuridik taʼlim standartlariga toʻla mos keladi.
Farmonda belgilangan yana bir muhim yangilik shuki, taʼlim, ilm-fan va amaliyotni yagona tizimga birlashtirishdir. Universitetda sohaviy fakultetlar negizida akademik departamentlar, tadqiqot markazlari, amaliyot va karyera markazlaridan iborat mutlaqo yangi tuzilma shakllantiriladi.
Bu tizimning ahamiyati shundaki, ilmiy tadqiqotlar endi faqat nazariy izlanish sifatida emas, balki huquqni qoʻllash amaliyotida uchrayotgan muammolarga aniq ilmiy yechim topish vositasiga aylanadi. Qonun ijodkorligi jarayonida ilmiy ekspertiza roli kuchayadi, universitet tadqiqot markazlari davlat organlari uchun intellektual tayanch vazifasini bajaradi. Ayniqsa, akademik departamentlar shoʻbalarining sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda tashkil etilishi taʼlim sifatini oshirish bilan birga, amaliyotdagi muammolarni joyida oʻrganish imkonini beradi.
Akademik-kollegial boshqaruv: ochiqlik va masʼuliyat
Darvoqe, ushbu hujjat universitet boshqaruviga ham yangicha ruh olib kirmoqda. Fakultet dekanlari, departament va markaz rahbarlarini saylov asosida tanlash, muddatlarni cheklash, professor-oʻqituvchilarning boshqaruvdagi rolini oshirish — bularning barchasi akademik demokratiyani mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, universitet professorlar kengashi (Senate of Professors) tashkil etilishi oliy taʼlim muassasasini strategik rivojlantirishda ilmiy salohiyatga tayanish imkonini yaratadi. Bu kengash taʼlim sifati, ilmiy yoʻnalishlar, xalqaro reytinglarda ishtirok etish kabi masalalarni belgilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi.
Bu hali hammasi emas. Farmon yuridik taʼlimni raqamli transformatsiya qilishni ham nazarda tutadi. Sunʼiy intellekt asosida dars sifatini baholash, talabalar bilimini avtomatlashtirilgan tarzda aniqlash, tyutorlik faoliyatini joriy etish — bularning barchasi inson omilini kamaytirish, xolislik va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan.
Ayniqsa, “Digital Law” xalqaro taʼlim yoʻnalishining joriy etilishi Oʻzbekiston yuridik taʼlimini global huquqiy makonga olib chiqishda muhim qadamdir. Ingliz tilida taʼlim, xorijiy professorlarni jalb etish, xalqaro standartlar asosida qabul qilish tartibi — bular mamlakatda raqamli iqtisodiyot va huquqiy texnologiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Maʼlumki, yuridik taʼlim — uzluksiz jarayon. Shu bois Farmon yuridik taʼlimni faqat oliy taʼlim doirasida emas, balki maktabdan boshlab shakllantirishni ham nazarda tutadi. 5 — 7-sinflarda huquqiy ongni oshirishga qaratilgan vizual materiallardan foydalanish, huquq fani boʻyicha sertifikatlash tizimini joriy etish jamiyatda qonunga hurmat madaniyatini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, yuridik taʼlim sifati ustidan nazoratni kuchaytirish, asossiz imtiyozlarni bekor qilish orqali sohaga haqiqatan layoqatli yoshlarni jalb etish maqsad qilingan.
Huquq ustuvorligi — bilimli kadrlardan boshlanadi
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ushbu Farmon yuridik taʼlim va ilm-fan sohasida tizimli, chuqur hamda uzoq muddatli islohotlar dasturi, desak, ayni haqiqatdir. Uning izchil amalga oshirilishi natijasida Oʻzbekistonda zamonaviy fikrlaydigan, raqamli texnologiyalarni biladigan, xalqaro maydonda raqobatbardosh yuridik kadrlar avlodi shakllanadi.
Bu esa, oʻz navbatida, qonun ustuvorligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, Yangi Oʻzbekistonni barqaror taraqqiyot yoʻlidan olib borishda mustahkam huquqiy poydevor vazifasini oʻtaydi.
Dilafruz AZIMOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Davlat boshqaruvi kafedrasi professori vazifasini bajaruvchi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring