Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining poydevori

Taraqqiyotni maqsad qilgan har qanday davlat, avvalo, taʼlim, ilm-fanni rivojlantiradi, kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratadi. Chunki koʻzda tutilgan har qanday islohotni malakali mutaxassislar roʻyobga chiqaradi.
Oʻzbekiston ham taraqqiyotining yangi davrida ayni masalaga alohida ahamiyat bermoqda. Taʼlim tizimini butunlay yangi, zamon talablariga mos va xos poydevor asosiga qurmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-may kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi ham maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlandi.
— Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sogʻlom va bilimli avlodga bogʻliq, — dedi Prezident soʻzining boshida. — Shu bois yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida sogʻlom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur.
Ana shu ezgu maqsad yoʻlida keyingi yillarda mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini yangi bosqichga koʻtarish, zamonaviy kompetensiyalarga ega mutaxassis kadrlar va pedagoglar tayyorlash sifatini ilgʻor xalqaro tajriba asosida takomillashtirish, uzluksiz taʼlim tizimining barcha turi (bosqichlari) uzviyligini taʼminlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Taʼlim dasturlari eng ilgʻor mamlakatlar tajribasiga moslashtirilmoqda, darsliklar yangilanyapti, taʼlim muassasalariga zamonaviy jihozlar taqdim etilayotir.
Maʼlumki, taʼlim dasturlari taʼlim mazmunini yagona platformada (zanjirda) tizimlashtirib, asosiy maqsadga, yaʼni shaxsni muayyan kasbiy faoliyatda zarur boʻladigan bilim, malaka, koʻnikmaga oʻrgatishga, maʼnaviy kamol toptirishga bogʻlab shakllantiriladi. Shundan kelib chiqib, uzluksiz taʼlim tizimining turlari (bosqichlari) dasturlarini oʻzaro davomlilik va izchillik prinsiplarida uzviy bogʻlangan progressiyada (orttirib, takomillashtirib, rivojlantirib) tuzilishi talab etiladi.
Albatta, taʼlim dasturlari bosqichdan-bosqichga uzviy bogʻlanganda nafaqat mazmuni, bilimlar tarkibini, balki ularni oʻzlashtirish uchun talab etiladigan oʻqitish texnologiyalari va pedagogik uslubiyotlarning ham izchil oʻzgarishini taʼminlash zarur boʻladi.
Aynan shu yoʻnalishdagi taʼlim islohotlari orqali maktabgacha, maktab taʼlimi, professional va oliy taʼlim oʻrtasida oʻzaro bogʻlangan, muvofiqlashgan uzviylik taʼminlanadi.
Bugungi kunda taʼlim muassasalarimizda oʻquv dasturlari ilgʻor xorijiy taʼlim dargohlarining oʻquv dasturlari bilan integratsiyalashtirilmoqda. Bunday islohotlar taʼlim muassasalari oldiga xorijiy taʼlim tizimi bilan integratsiya jarayonlarini kuchaytirish, oʻquv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, tajriba almashishning samarador mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy qilish vazifalarini qoʻyadi.
Mazkur jarayon taʼlim muassasalarida, albatta, raqobat muhitini yaratadi. Yuqori sifatga erishish maqsadlari uchun bu ijobiy omil. Shu bilan birga, bunday jarayonlar taʼlim turlari (bosqichlari), taʼlim tashkilotlarining turlari, ularning tashkiliy koʻrinishlari (davlat, nodavlat, xorijiy), taʼlim olish shakllari oʻrtasida oʻzaro muvofiqlashuv, tajriba almashinuv, oʻzaro metodik yordam va qoʻllab-quvvatlash muhitida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Taʼlim tashkilotlarini turli umumlashtiruvchi platformalarda — assotsiatsiyalar, uyushmalar, korporativ birlashmalarga teng huquqlilik va jamoatchilik asosida, oʻzaro kelishilgan taraqqiyot vektorlarini, uslubiyot va sifat taʼminotini muvofiqlashtirib, taʼlim bozorida sogʻlom raqobat yaratish tajribasi rivojlangan mamlakatlarda hozirgi vaqtda yetarli darajada toʻplangan.
Bugungi kunda yurtimizdagi turli tashkiliy va mulkchilik shakllaridagi taʼlim muassasalari oʻrtasida faol tajriba almashinuv hamda hamkorlikni rivojlantirish muhim. Buning uchun sohada yetarli meʼyoriy qonuniy asoslar ham yaratilgan.
Amalga oshiriladigan ushbu ichki integratsiyalashuv natijasida sohalar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatiga hamkorlikda korporativ eʼtiborni kuchaytirish, ilgʻor xorijiy tajribani keng joriy etish tadbirlari muayyan tarmoq uchun kadrlar tayyorlash taʼlim infratuzilmasining yangi shakllarini rivojlantirishga asos yaratadi.
Yigʻilishda sohadagi har bir yoʻnalish atroflicha tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi. Taʼlimni yangi bosqichga koʻtaradigan tashabbuslar ilgari surildi.
Bundan tashqari, universitet, markaz va maktablardan muallimlar xorijga malaka oshirishga yuboriladi.
Davlatimiz rahbari yoshlarni nufuzli xorijiy universitetlarda oʻqitish masalasiga alohida toʻxtaldi. Farzandlarimiz juda iqtidorli ekani, faqat ularni toʻgʻri yoʻnaltirib, maqsadli tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.
Shu maqsadda “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi boshlanadi, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etiladi. Unga 8-sinf bitiruvchilaridan saralab olinib, reytingi yuqori oliygohlarga maqsadli tayyorlanadi.
Jamiyatimizda ilm-fanga eʼtiborning ortib borishi, kuchli targʻibot va ragʻbatlantirish siyosati natijasida ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanishga qiziqishi yuqori boʻlgan yoshlarni aniqlash hamda ularni maqsadli tayyorlab borishning uzluksiz tizimini joriy etishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Albatta, bu jarayon mutaxassislardan koʻp mehnat va yangicha yondashuvni talab qiladi.
Ayni istiqbolga yoʻnalgan strategik islohotlarning ijrosi Oʻzbekistondagi barcha oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari faoliyatida ham koʻzga yaqqol tashlanmoqda.
Bugungi kunda taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish uygʻunligini taʼminlash orqali oʻqitish sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil qilish bosh strategik maqsadlardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagi mulohazalarni umumlashtirgan holda shuni aytish mumkinki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taʼlim tizimini takomillashtirishga oid tashabbuslar jamiyatimizning vatanparvar fuqarolari, olimlar, ziyolilar, deputatlarimiz va turli darajadagi rahbarlar oldiga qator vazifalarni qoʻyadi. Jumladan, mahalliy taʼlim muassasalarining holatini oʻrganish, maktablar, bogʻchalar, kollejlar, texnikumlar va oliy oʻquv yurtlarini zamonaviy, dunyoviy rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar kiritish, ota-onalar, pedagoglar va oʻquvchilar bilan muloqot qilish, ularning muammolarini oʻrganib, yechim topishga koʻmaklashish barchamizni koʻzlangan maqsadlar roʻyobi sari yaqinlashtiradi.
Taʼlim jarayoniga ilgʻor texnologiyalarni, yangi (kompleks, gibrid, raqamli) taʼlim shakllarini, adolatli raqobat muhitini joriy etish, maxsus qonunlar yoki qarorlar orqali innovatsion loyihalar hamda tajribani qoʻllab-quvvatlash zamon talablariga mos kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni yanada takomillashtirishga oid tashabbuslarni ilgari surish orqali xalqimiz bilan birgalikda yangi Oʻzbekiston poydevorini qurish barchamizning vazifamizdir.
Inom MAJIDOV,
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston
Milliy universiteti rektori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Boshqaruv sohasida xotin-qizlar ulushi necha foiz ekani ma’lum qilindi
- Prezident Shayxontohur tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida boʻldi
- “Real” braziliyalik yulduzini ashaddiy raqiblaridan biriga sotib yuborishi mumkin
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Kamolon mahallasida boʻlib, aholi bilan suhbatlashdi
- Dollarning soʻmga nisbatan qiymati yangilandi
- Prezident Toshkentdagi gastroturizm koʻchasi bilan tanishdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring