Yangi Oʻzbekiston meʼmori

17:08 23 May 2024 Jamiyat
817 0

Foto: UrDU Axborot xizmati

Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning «Ishonch» hamda «Xalq soʻzi» gazetalarida eʼlon qilingan
«Shavkat Mirziyoyev: Men umrimni shu xalqqa tikkanman» sarlavhali maqolasiga munosabat.

Avvalambor, insonlarni sergaklantiruvchi, chuqur mulohazaga chorlovchi, qalbimizda bugungi kundan rozilik va shukronalikni takror va takror oshiruvchi mazkur asosli maqola muallifi siyosatshunos Qudratilla Rafiqovga va uni jamiyatimizga taqdim qilgan «Xalq soʻzi» gazetasi tahririyatiga Urganch davlat universiteti jamoasi nomidan minnatdorchilik bildiramiz. Boisi, undagi har bir mavzu juda topib, oʻrinli asoslangan. Maqolani oʻqib qalblarimizni hayajonga toʻldi.

Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi Oʻzbekiston xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat boʻlgan davlatga aylanayotgani barchamizga ayon.

Foto: UrDU Axborot xizmati

Maqolada yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va oʻziga xos tizimi yaratilgani qayd etiladi. Yangi Oʻzbekiston ijtimoiy davlat tamoyilining yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda asosiy norma sifatida mustahkamlanishi, inson qadrini yanada ulugʻlash, hozirgi va kelgusi avlodlarning farovon turmushini taʼminlashga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli ekanligi juda oʻrinli izohlab beriladi.

Darhaqiqat, ijtimoiy davlatda barqaror rivojlanishning muhim maqsadi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallik va ishsizlikni qisqartirish, yoshlar va ayollar tadbirkorligiga koʻmaklashish, taʼlim, sogʻliqni saqlash va maʼnaviy-madaniy sohalarning muntazam taraqqiy etishini taʼminlash, samarali ijtimoiy sugʻurta taʼminotini yoʻlga qoʻyish, jamiyatda keskin ijtimoiy farqlanish va ijtimoiy tengsizlikka yoʻl qoʻymaslik, aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish kabi vazifalardir.

Mamlakatimizda taʼlim masalasi har doim kunning birinchi darajali mavzularidan biri boʻlib kelgan. Dunyoning rivojlangan davlatlaridagi jamiyat va davlat taraqqiyoti masalasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, yoshlar taʼlim-tarbiyasi asosiy oʻrinda turadi. Maqolada yurtimizda keyingi yillarda taʼlimning barcha sohasi va pedagoglar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar, ular uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida juda taʼsirli misollar bilan yoritib berilgan.

Foto: UrDU Axborot xizmati

Ayniqsa, bir paytlari taʼlim tizimiga adolatsiz yondashuv muallimning obroʻsi, shaʼni, qadri haminqadar baholangani, buning oqibatida aksariyat erkak oʻqituvchilar oʻz kasbini tashlab ketishga majbur boʻlganligi haqidagi ogʻriqli holatlar haqida gapiriladi. Bunday holatlar bevosita yoshlar tarbiyasiga ham aks taʼsir etishi taʼkidlanadi.

Shukurki, bugun xalqimiz rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qoʻydi. Inson qadri ulugʻlandi. Hayotimizning barcha jabhasi goʻzal oʻzgarishlar ichida. Yangi Renessans davrining elparvar jadidi – maʼrifatparvar ajdodlarimizning yetuk davomchisi boʻlgan Davlat rahbari xalqimizning suyanchiga, yetuk yoʻlboshchisiga aylanayotgani bugun odamlarimiz yuz koʻzida, farovon turmushimizda, tinch va osoyishta yurtimizda oʻz ifodasini topmoqda.

Taʼlim tizimidagi misli koʻrilmagan islohotlar haqida toʻxtalganda keyingi yillarda ayni jabhada paydo boʻlgan Prezident maktablari tizimi va boshlangʻich taʼlimning jahon andozalariga javob beradigan bunday tizimi bugun barcha viloyatlarda yaratilgani, ularning bitiruvchilari dunyoning eng nufuzli universitetlariga kirish uchun grantlarni yutib olayotgani alohida quvonch bilan tilga olinadi. Albatta, bu barchamiz uchun yuksak faxr hisoblanadi.

Mamlakatimizdagi oliy taʼlimdagi islohotlarning oʻzi bir alohida yuksak hajmdagi mavzu boʻla oladi. Tasavvuringizni raqamlarga qaratsak, bugun yurtimizda OTM lar soni 210 tadan oshganligi, ular orasida dunyoning nufuzli universitetlari filiallari ham borligi, oliy taʼlim qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga koʻtarilgani yoshlarimiz uchun, kelajagimiz poydevorlari uchun eng zoʻr imkoniyat emasmi?! Bugun oʻqishga kirish imkoni nihoyatda keng. Bir abituriyent bir paytning oʻzida bir necha OTMga hujjat topshirishi va talaba boʻlishi mumkin. Mana sizga qulaylik!

Foto: UrDU Axborot xizmati

Bularning barchasi donolik bilan uzoqni koʻzlovchi, yuksak tajriba va keng mushohadali, kechani kecha, kunduzni kunduz demay xalq uchun, millat uchun, yoshlarimiz kelajagi uchun jon kuydirib mehnat qilayotgan, yurtimizda inson qadrini eng muhim darajaga olib chiqqan, odamlar hayotini tubdan yangilab, oʻzgartirib yuborgan Yangi Oʻzbekiston meʼmori – Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning oʻtkir zehni natijasida ekanligini qalban his qilmoqdamiz.

Qisqagina fikrlarimizning yakunida sifatida aytish joizki, ushbu munosabat misolida Urganch davlat universiteti jamoasi koʻp ming sonli talabalari oliygoh uzra targʻibot-tashviqot ishlarini jadal boshlab yubordi va barcha fakultetlarda, kafedralarda, professor-oʻqituvchilar davralarida «Ishonch» gazetasining 21-may kungi hamda «Xalq soʻzi» gazetasining 2024-yil 22-maydagi 99-sonida nashr etilgan siyosatshunos, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi prezidenti Qudratilla Rafiqovning «Shavkat Mirziyoyev: Men umrimni shu xalqqa tikkanman» sarlavhali maqolasi chuqur oʻrganilmoqda, shuningdek, yoshlarga maʼnaviy ibrat qilib oʻrgatilmoqda.

Foto: UrDU Axborot xizmati

Universitetimiz jamoasi siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning teran va mushohadali fikrlarini qadrlaydi va toʻla qoʻllab-quvvatlaydi.

Zotan, Qudratilla Rafiqov «…oʻqituvchilar, professoru akademiklarning qadri yuksalayotgan ekan, nega ziyolilarimiz bu oʻzgarishlar haqida gapirmaydi yoki mulohazalari oʻzaro gurunglardan yuqoriga koʻtarilmadi?! Holbuki, ular bundan yetti-sakkiz yil oldingi vaziyatni oddiy odamlardan koʻra teranroq tushunishadi, bilishadiku?…» deganlarida haq edilar.

Zero, pedagog sifatida jamiyatda oldinda yurishimiz, islohotlarimizning jonli targʻibotchisi boʻlishimiz bugungi davrda har qachongidan muhim sanaladi.

Bahrom ABDULLAYEV, Urganch davlat universiteti rektori,

fizika-matematika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер