Yangi orzu, maqsadlar bilan yangi yilni kutamiz

13:18 25 Dekabr 2024 Jamiyat
78 0

Ortda qolayotgan 2024-yil Andijon viloyati iqtisodiy-ijtimoiy hayotida yuksak marralarni zabt etish yili boʻldi. Ayniqsa, hududlar infratuzilmasini shakllantirish orqali aholi turmush sharoitini yaxshilashga boʻlgan eʼtibor tubdan oʻzgardi. Birgina issiqlik manbaini olaylik.

Soʻnggi 30-yillar davomida viloyatlarda obyektlarni issiqlik manbai bilan taʼminlash ishlari toʻxtab qolgandi. Koʻp qavatli uylarda kuz-qish mavsumida uyni isitish uchun elektr energiyasi yoki koʻmirdan foydalanib kelinmoqda edi. Bu turli salbiy oqibatlarga sabab boʻlgan. Shu yaqin yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan issiqlik manbai korxonalari faoliyatini tiklash boʻyicha samarali ishlar yoʻlga qoʻyildi. Andijon shahridagi 3 ta qozonxonada rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, 27,5 km uzunlikdagi issiqlik uzatish tarmoqlari almashtirildi. Shu bilan birga, 373 ta individual issiqlik punktlari oʻrnatilib, ishga tushirildi. Buning natijasida 271 ta koʻp xonadonli uylar hamda 30 ta ijtimoiy soha obyektlari issiqlik manbai bilan taʼminlandi.

Mahallalarda hududlarni kompleks rivojlantirish orqali xalqimizning bugungi kunidan minnatdor boʻlib yashashi uchun zaruriy barcha sharoitlar koʻrildi. Bu borada Prezidentimizning “2024-yilda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori dasturilamal vazifasini oʻtadi. Natijada viloyatda obod manzillar soni ortib, hududlardagi aholining uzoq yillik muammolari ijobiy yechim topdi. Buning uchun 109 mlrd. 300 mln. soʻmlik loyiha ishlari bajarildi. Natijada 47 ta ichki koʻchalardagi 75 kmdan iborat yoʻlni taʼmirlash, 23 ta mahallalarda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida 88 km uzunlikda quvur tortish, 23 ta suv inshootini qurish ishlari amalga oshirildi. Aholining tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun 4 kmdan iborat tarmoq tortilib, 1000 ta xonadonga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi.

Hech kimga sir emas, kuz-qish mavsumi yaqinlashgani sari hamyurtlarimizni elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar tashvishga soladi. Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun 72 ta mahallada 33 km uzunlikdagi tarmoqni tortilib, 56 ta transformator punktlari oʻrnatildi. Foydalanishga topshirilgan ushbu loyihalar zamondoshlarimiz turmush sharoitining tubdan yaxshilanishiga sabab boʻlmoqda.

Aslida har bir yilning oʻz qadr-qimmati, ahamiyati boʻladi. Negaki, yuzaga kelayotgan bu oʻzgarishlar, islohotlar zamirida mehnatkash xalqimizga boʻlgan eʼtibor mujassamdir. Shu bois kirib kelayotgan Yangi yildan ham umidimiz katta! Oldimizga qoʻygan maqsadlarimiz yuksak!

Matlubaxon GʻANIYEVA,

Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?