Yangi oʻquv yili yangi maktabda boshlanadi

10:16 03 Iyun 2020 Jamiyat
1123 0

Bugungi murakkab vaziyatni inobatga olgan holda 2019-2020 oʻquv yili onlayn tarzda yakuniga yetkazildi. Keyingi oʻquv yilini munosib tarzda kutib olish, taʼlim sifatini yana-da oshirish hamda oʻquvchilar uchun munosib shart-sharoit yaratish maqsadida maktablarimizda qurilish-taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi.

Joriy yil Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan Samarqand shahridagi 1, 20, 39 va 42-umumiy oʻrta taʼlim maktablarida mukammal taʼmirlash, 240 oʻrinli 71-umumiy oʻrta taʼlim maktabida esa rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur muassasada qiymati 3,3 milliard soʻmlik qoʻshimcha bino ham bunyod etiladi. Taʼkidlash kerakki, ushbu muassasalarda olib borilayotgan taʼmirlash ishlarining umumiy qiymati 16,5 milliard soʻmni tashkil qilmoqda. Bu esa xalq taʼlim tizimidagi islohotlar koʻlami kengayayotganidan dalolatdir.

Bundan tashqari, joriy yil Investitsiya dasturi asosida yangidan qurish, rekonstruksiya, mukammal taʼmirlanadigan maktablar roʻyxatida Samarqand shahridagi 10 ga yaqin muassasalar ham bor. Ushbu roʻyxatda dastur doirasida ikkita yangi maktab qurilishi ham belgilangan. Ularning biri “Obod maskan” MFY hududida Respublika byudjeti hisobidan bunyod etilayotgan qiymati 29 milliard soʻmlik 1680 oʻrinli yangi maktab boʻlsa, yana biri “Innocraft” MCHJ qurilish korxonasi tomonidan shaharning Amir Temur koʻchasida qurilayotgan qiymati 25 milliard soʻmlik Prezident maktabidir. Ushbu maktab foydalanishga topshirilgach, bu yerda 168 nafar iqtidorli oʻgʻil-qiz jahon andozalari asosida chuqurlashtirilgan tartibda taʼlim-tarbiya olish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Xususan, 34, 50, 55, 56, va 65-umumiy oʻrta taʼlim maktablari ham ushbu dastur asosida mukammal taʼmirlanadi.

— Maktabimiz 1250 oʻringa moʻljallangan, - deydi 65-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori Shahlo Mirmuhammedova. — Taʼlim dargohimiz 2009-yildan buyon taʼmirlanmagandi. Oʻshanda joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, faqat eshik va pol qismi yangilangan edi. Joriy yilning 5-aprelidan boshlangan mukammal taʼmirlash jarayoni “Binokor KI CHP” MCHJ tomonidan olib borilmoqda. Korxonaning 70 nafardan ortiq malakali quruvchilari ayni paytda demontaj, ichki pardozlash, deraza va romlar, santexnika jihozlarini yangilash hamda tashqi suvoq ishlarini davom ettirishmoqda.

Shahar xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, qurilish-taʼmirlash ishlari avgust oyida yakunlanib, maktablar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Taʼmirlash ishlari yakunida muassasalar toʻliq yangi jihozlar bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan. Qisqa qilib aytganda, ushbu muassasalar tez orada zamonaviy qiyofa kasb etadi. Oʻquvchilar esa 2020-2021 oʻquv yilini yangi maktab va yangi sharoitlarga ega sinfxonalarda boshlashadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?