Yangi MTT binosi bolajonlar ixtiyorida

17:06 01 Dekabr 2023 Jamiyat
219 0

Samarqand viloyatiga 2023 yildagi davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash ishlari uchun davlat byudjetidan 2,1 trln. soʻm ajratish belgilangan.

Ushbu mablagʻning 394,9 mlrd. soʻmi mahalla infratuzilmalarini yaxshilash boʻyicha davlat dasturiga, 1,1 trln. soʻmi investitsiya dasturi, 273,5 mlrd. soʻmi “Tashabbusli byudjet”ning 2023 yil 1-mavsumiga hamda 273,5 mlrd. soʻmi maxsus dastur hisobiga toʻgʻri keladi.

Dasturlar doirasida 2,1 trln. soʻm mablagʻga 1424 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilishi   rejalashtirilib, bugungi kunda 1,8 trln. soʻm moliyalashtirildi hamda 1,7 trln. soʻmlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Bugungi kunda 1247 ta (88 foiz) obyektlar foydalanishga topshirildi.

Kuni kecha Payariq tumani “Yangiobod” mahallasidagi 12-maktabgacha taʼlim tashkilotining 200 oʻrinli yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Mazkur binoda zamon talablariga mos tarzda jihozlangan mashgʻulot xonasi, mudira xonasi, hamshira xonasi, oshxona, oshpazlar xonasi, bolalar yotoqxonasi va ingliz tili, rus tili xonasi, psixolog, logoped hamda alohida metodist xonalari mavjud. Bundan tashqari tashkilot hovlisida bolalar oʻyin maydonchalari va qum maydonchalari tashkil etilgan.

Maktabgacha taʼlim tashkiloti yangi binosining ochilish marosimida tuman hokimiligi, sektor rahbarlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda soʻz olganlar, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishni kengaytirish, maktabgacha taʼlim xizmatlaridan foydalanishni yanada yaxshilash, ularning toʻlaqonli hayot faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash va ijtimoiy hayotga faol jalb etish oldimizga qoʻyilgan eng dolzarb vazifa ekanligini alohida taʼkidladi.

Maʼlumot uchun, ushbu maktabgacha taʼlim tashkiloti ham 2023 yil “Tashabbusli byudjet” loyihasining 1-mavsumida gʻolib tashabbuslar qatoridan joy oldi va toʻliq taʼmirdan chiqarilib, bolajonlarni ixtiyoriga topshirildi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, “Tashabbusli byudjet”ning 2023 yil 1-mavsum Dasturi doirasida viloyatda 273,5 mlrd. soʻm   mablagʻ evaziga 290 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilib, bugungi kunda 241,7 mlrd. soʻm moliyalashtirildi hamda 229,2 mlrd. soʻmlik qurilish ishlari amalga oshirildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?