Yangi “Media-markaz” talabalar uchun tajriba maydoni boʻlib xizmat qiladi

14:57 14 Yanvar 2026 Jamiyat
222 0

Samarqand davlat chet tillar institutida oʻn ikki tilda milliy kontent tayyorlaydigan “Media-markaz” oʻz faoliyatini boshladi. Markazning ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan press-turda ishtirok etgan Respublika va viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

“Media-markaz” zamonaviy studiya uskunalari, audio va videoyozuv vositalari bilan toʻliq jihozlangan boʻlib, bu olinayotgan materiallarning sifatli, tezkor va ommabop boʻlishini taʼminlaydi. Shuningdek, institut umumiy faoliyatini yanada takomillashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sunʼiy intellektdan samarali foydalangan holda zamonaviy media mahsulotlar tayyorlash imkoniyatini kengaytiradi. Bu jarayonga nafaqat institutning professor-oʻqituvchilari hamda talabalari, balki barcha xohlovchilar jalb etiladi.

Bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar, texnik imkoniyatlar va rejalar ishtirokchilarda yaxshi taassurot qoldirdi. Tadbir qatnashchilar markaz faoliyatiga omad tilab, uning imkoniyatlaridan unumli foydalanish boʻyicha qator takliflarni bildirdi. Xususan, Samarqandning tarixiy obidalari haqida 12 tilda kontentlar yaratish, shu orqali milliy merosni jahonga targʻib etish muhimligi taʼkidlandi.

Talabalar ishtirokida jahon xalqlari tillarida audiokitoblar tayyorlash, Samarqandda oʻtkazilayotgan nufuzli xalqaro anjumanlar haqida axborot va videolavhalar yaratish, milliy kontentni keng auditoriyaga yetkazish ham media-markaz oldiga qoʻyilgan asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Ayni paytda institutda xalqaro jurnalistika yoʻnalishi talabalari ishtirokida “Yangi Renessans” gazetasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, kelgusida esa alohida radio tashkil etilishi rejalashtirilgani taʼlim dargohida ijodga, soʻz erkinligi va amaliy jurnalistikaga boʻlgan munosabat yuksak ekanidan dalolat beradi.

- Ushbu media-markaz nafaqat jurnalistika yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar, balki chet tillarni puxta egallayotgan barcha yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi, — deydi institut rektori Bahodir Xoliqov. — Zero, zamonaviy dunyoda til bilishning oʻzi yetarli emas, eng muhimi, oʻsha tilda fikrlash, tahlil qilish va jahon auditoriyasiga mos kontent yaratishdir. Ana shu vazifani amalga oshirishda mazkur media-markaz muhim platforma boʻlib xizmat qiladi. Bu yerda talabalar oʻz bilimlarini amaliyotda sinab koʻradi, xatolardan xulosa chiqaradi va mustaqil ijod qilishni oʻrganadi.

Hozirda institutda 60 nafardan ortiq xorijlik talaba tahsil olmoqda, ular uchun yaratilgan infratuzilma xalqaro standartlarga mos ravishda bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda. Press-tur doirasida xorijlik talabalar uchun yangidan barpo etilgan 48 oʻrinli xostelning ramziy ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi. Yangidan foydalanishga topshirilgan xostel nafaqat yashash joyi, balki turli millat va madaniyat vakillarini birlashtiruvchi muhit sifatida xizmat qiladi.

Bugungi kunda institutdagi 8 ta fakultetda 11833 nafar talaba tahsil olmoqda. Bu yerda ularning chuqur bilim olishlari va mavjud imkoniyatlardan keng foydalanishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilyapti.

Institutda taʼlim sifatini nazorat qilish maqsadida barcha fakultetlar va auditoriyalarga zamonaviy kuzatuv kameralari oʻrnatilib, oʻquv mashgʻulotlarini muntazam va real vaqt rejimida nazorat qilish imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek, Oʻquv-uslubiy boshqarma qoshida markazlashgan Situatsion markaz tashkil etilib, uning faoliyati uchun alohida maxsus xona ajratildi va hozirda oʻquv jarayonlari doimiy kuzatilib, tahlil va monitoring ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.

Talaba va bitiruvchilarning bandligini taʼminlash, ularni mehnat bozoriga tayyorlash hamda kasbiy va moliyaviy rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Karera markazi” va “Kelajakka qadam markazi” tashkil etilgan. Ish beruvchi tashkilotlardan olinayotgan maʼlumotlar asosida aniq boʻsh ish oʻrinlari bazasi shakllantirilib, bitiruvchilar uchun “Karera kuni”, mehnat yarmarkalari, ish beruvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etilyapti.

Press-tur davomida ishtirokchilar institutda tashkil etilgan “Registrator ofisi”, Sinxron tarjima laboratoriyasi, “Karera markazi”, “Kelajakka qadam markazi” hamda “Situatsion markaz” faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, talabalar bilan bevosita muloqot qildilar.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?