Yangi massiv husnidagi dogʻlar (Mulohaza)
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro shahridagi 7-mavze 25-uyda yashovchi mehnat faxriysi Salim Obidovning yaxshi bir odati bor. 70 yoshni qoralab qoʻygan otaxon erta tongda turib, oʻzi istiqomat qilayotgan yetti qavatli uy atrofi tozaligiga eʼtibor beradi. Oyoq ostiga tashlab ketilgan qogʻoz qiyqimlari, polietilen idishlarni birma-bir olib, “Attang, attang” degancha axlatxonaga eltadi. Yon-atrofdagi yakkam-dukkam oʻsgan daraxtlarga shakl beradi. Oʻzi ekkan gulga suv quyadi.
— Toʻrtinchi qavatda yashayman, — deydi u. — Afsuski, ayrimlarda uy atrofidagi gulzor uchun moʻljallangan yerning menga daxli yoʻq, degan fikr bor. Hozir qoʻni-qoʻshnini toʻplab, “Ogʻaynilar, shu kaftdek yerning har ikki-uch metri tozaligini oʻz zimmamizga olsak durust boʻlardi. Axir, uy atrofini ozoda tutsak, gulu gulzorga aylantirsak, oʻzimiz uchun yaxshi emasmi? Bunaqada uyga mehmon chaqirgani ham xijolat chekasan, kishi”, deyishga chogʻlanib turibman.
Salim ota haq. Ota-bobolarimiz “Yerning ham uvoli bor”, deb bejiz aytishmagan.


Buxoro shahridagi yangi massiv sanalgan bu goʻshani yayov kezgan odam obodonchilikka eʼtibor sustligini koʻradi. Ayrim kishilarning qoʻlidagi chiqindini duch kelgan joyga tashlab ketishidan ranjiydi. Bunga shohid boʻlmoq uchun uzoqqa borish shart emas. Massivdagi beton ariqchalarda nimalarni koʻrmayman, deysiz. Hatto bu ariqchalarda suv emas, axlat oqarmikan, deya taajjublanishingiz tayin. Nahotki, hududdagi boshqaruv servis kompaniyasini bu hol zigʻircha tashvishga solmayapti? Darvoqe, biz hududda bu kompaniya ishchilarining birortasini ham uchratmadik.
— Obodonchilik masalasi hududimizdagi eng katta muammo, — deydi mavzedagi Bahouddin Naqshband mahalla fuqarolar yigʻini raisi Hilola Isoqova. — Bu koʻp holda mahalladoshlarimizning eʼtiborsizligi, loqaydligi, hafsalasizligi ortidan roʻy beryapti. Toʻgʻri, oʻzi yashab turgan koʻp qavatli uy atrofini gulzorga, mevazorga aylantirgan xonadonlar ham bor. Biz ularni boshqalarga ibrat qilib koʻrsatib, fuqarolardan obodonchilik yumushlariga eʼtibor qaratishlarini soʻrayapmiz.

Darhaqiqat, Amir Temur koʻchasidagi 20-, 13-, 12- uylar atrofidagi koʻkalamzorlashtirish ishlarini koʻrib, kishining bahri dili ochiladi. Lekin massivda oz emas, koʻp emas, 85 ta koʻpqavatli uy borligi, ularda 11 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgani inobatga olinsa, bu maskan oʻrni bir paytlar unumdorligi, hosildorligi yuqori ekin maydonlari boʻlgani nazarda tutilsa, uni birov koʻrsa havas qilgʻilik obod goʻshaga aylantirish zarurligi ayonlashadi. Qolaversa, u tuprogʻi unumdor ekin maydonlari oʻrnida qad rostlagan. Gulzor barpo etish, yon-atrofni yashil maskanga aylantirish katta kuch-gʻayrat talab qilmaydi.
Shu oʻrinda massiv qurilishi loyihachilari-yu quruvchi tashkilotlarga ham eʼtirozlar yoʻq emas. Hududda lotok ariqlar barpo etilgan. Ularga boshi berk ariqlar deya taʼrif berilsa, balki toʻgʻriroq boʻlar. Har holda shunisi ayonki, yogʻin-sochinli kunlarda ulardagi suv biror-bir joyga borib quyilmaydi. Oqibatda suv toshib yoʻlni qoplaydi. Koʻlmaklar hosil boʻladi. Tabiiyki, bundan yoʻl sifati yaxshilanib qolmaydi.

Yangi massivda yechimini kutayotgan boshqa muammolar ham yoʻq emas. Hududda xususiy maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat koʻrsatmoqda. Ammo davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga ham ehtiyoj mavjud. Negaki, mavzeda istiqomat qiluvchilarning aksariyati uylarni bank krediti asosida olishgan. Ular qarzni uzish uchun ancha-muncha mablagʻ sarflashyapti. Boshqacha aytganda, farzandini xususiy bogʻchaga berishga yosh oilalar barchasining ham choʻntagi koʻtaravermaydi. Hududdagi 43-umumtaʼlim maktabida taʼlim ikki navbat (smena)da tashkil etilganidan kelib chiqilsa, massivda yana bir taʼlim dargohi qurilishiga ehtiyoj mavjud. Negaki, bu yerda yangidan yangi turar-joylar qad rostlamoqda. Aholi soni koʻpayyapti. Qolaversa, mavze aholisi chogʻroq boʻlsa-da zamonaviy dehqon bozoriga ham ehtiyoj sezmoqda.
Koʻrinadiki, bu mavzeda obodonchilik, koʻkalamzorlashtirish yumushlarini risoladagidek yoʻlga qoʻyish, odamlarni oʻylantirayotgan masalalarga oqilona yechim topish shahar masʼullarining eʼtiborida boʻlishi maqsadga muvofiqdir. Toki, massiv husnidagi dogʻlar barham topsin, yangi mavze muammolar girdobida qolib ketmasin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring