Yangi davr davlat xizmatiga — yangicha yondashuv
Keyingi yillarda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim bosqichlaridan biri sifatida davlat xizmatini tubdan isloh qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonlar bilan bogʻliq koʻplab saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Zero, davlat boshqaruvi samaradorligi, aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati, eng avvalo, ushbu tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning kasbiy saviyasi hamda fidoyiligi bilan bevosita bogʻliq.
Ayni shu maqsadda joriy yilning 19-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yoʻnaltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi. Mazkur Farmon davlat xizmatini yanada ochiq, adolatli va samarasini xalq his qiladigan tizimga aylantirishda yangi bosqichni boshlab berdi, desak, ayni haqiqat.
Taʼkidlash joizki, davlat fuqarolik xizmati tizimining huquqiy, tashkiliy va uslubiy asoslarini belgilash, sohaga doir qonun hujjatlarini ishlab chiqish va takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlarning olib borilishi natijasida salmoqli yutuqlarga erishildi.

Jumladan, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan xalqchil tamoyil amaliyotga joriy etilib, davlat xizmatchilari faoliyatining asosiy mezoni belgilab berildi. Bunda davlat xizmatchilari quyi boʻgʻinga tushib ishlash va xalq bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammolarini oʻrganib joyida hal qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Davlat fuqarolik xizmatining aholiga yaqin boʻlishini taʼminlash va masalalarni joylarda hal etish maqsadida mahallabay ishlash tizimi joriy etilib, jahon tajribasida noyob boʻlgan “mahalla yettiligi” instituti yaratildi.
Eʼtiborlisi, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinib, davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomi, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, uni oʻtash va tugatish tartibi belgilandi. Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari tasdiqlanib, ularning xizmat faoliyati davomida va xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloqi, jamoatchilik bilan munosabatlariga doir talablar belgilandi, shuningdek, davlat organlarida odob-axloq komissiyalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Eng muhimi, kadrlar salohiyatini takomillashtirish Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi va zarur tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, davlat fuqarolik xizmatchilarining bilimlarini oshirish maqsadida haftaning eng muhim va dolzarb mavzular yuzasidan “Siyosiy-maʼrifat soati” oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilib, har hafta 30 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari kuzatib bormoqda. Bularning barchasi soha taraqqiyotini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, davlat fuqarolik xizmatida hal etilishi lozim boʻlgan bir qator masalalar mavjud. Ana shunday masalalar yechimida esa yuqorida tilga olingan Farmon muhim ahamiyat kasb etadi.
Zamonaviy davlat boshqaruvida eng asosiy tamoyillardan biri, bu —fuqarolarga sifatli, ishonchli davlat xizmatlari koʻrsatishdir. Yaʼni davlat tashkilotlari va xizmatchilari fuqarolarga xizmat qilishi kerak. Prezident Farmonida aynan mana shu gʻoya markaziy oʻringa chiqarilgan. Endilikda har bir davlat xizmatchisining faoliyati natija va aholi ehtiyojiga yoʻnaltiriladi. Buning uchun tizimli oʻzgarishlar koʻzda tutilgan. Masalan, lavozimlarga tanlovlar ochiq va shaffof boʻlishi, xodimlar “meritokratiya” tamoyiliga asoslangan holda tanlanishi, ularning malakasi va ish samaradorligi aniqlik bilan baholanishi belgilandi.
Endilikda har bir davlat xodimi faoliyati KPI, yaʼni asosiy koʻrsatkichlar orqali baholanadi. Bu esa nafaqat faoliyatga tanqidiy yondashish, balki har bir xodimning oʻz ustida ishlashiga, bilim va koʻnikmalarini doimiy yangilab borishga turtki beradi. Shuningdek, lavozimga mos kompetensiyalarni aniqlovchi elektron tizimlar joriy etiladi. Mazkur yangicha yondashuv nafaqat oʻrinli va adolatli tayinlovlarni taʼminlaydi, balki bevosita kasbiy rivojlanish uchun aniq yoʻnalish beradi.

Bilamizki, yosh kadrlar davlat xizmatining eng katta salohiyatidir. Farmon doirasida “TOP-100” yetakchi kadrlar dasturi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali xalqaro amaliyotlar, zamonaviy boshqaruv boʻyicha tayyorlov kurslari yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa davlat xizmatini zamonaviy bilimli, yetuk, xorijiy tajribaga ega, eng asosiysi, halol va fidoyi mutaxassislar bilan toʻldirishga xizmat qiladi.
Xotin-qizlarni keng jalb qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar vakillari uchun imkoniyatlar yaratish ham yangi tizimning ijtimoiy adolatga yoʻnaltirilganini koʻrsatadi.
Farmon nafaqat xodimlar ichki bahosini tartibga soladi, balki davlat organlari faoliyatiga nisbatan jamoatchilik bahosini ham inobatga oladi. 2026-yildan boshlab davlat idoralari faoliyatining milliy reytingi shakllantiriladi. Bu esa jamiyat oldida ochiqlikni taʼminlaydi, raqobatbardosh muhit yaratadi. Hujjat bilan 2030-yilgacha moʻljallangan Davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish strategiyasi, uning maqsadli koʻrsatkichlari va 2025-2026-yillarga moʻljallangan amaliy chora-tadbirlar qabul qilindi. Buyam soha taraqqiyotini taʼminlashga xizmat qiluvchi muhim “yoʻl xaritasi” vazifasini oʻtashi shubhasiz.
Yana bir muhim yangilik — 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab «Davlat xizmatchisi» mobil ilovasi ishlga tushirilishi koʻzda tutilgan boʻlib, bu davlat xizmatchilarining oʻz koʻnikmalarini doimiy rivojlantirib borishi hamda ular oʻrtasida oʻzaro muloqotni kuchaytirish imkonini beradi.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu Farmon davlat xizmatini zamonaviy, samimiy va samarali tizimga aylantirish sari tashlangan muhim qadamdir. Endilikda davlat xizmatchisi lavozim emas, masʼuliyat timsoli boʻlishi kerak. Bu esa Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida, “xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qiladi” tamoyilining hayotga tatbigʻida gʻoyat muhim oʻrin tutadi.
Shu bilan birga, Farmon davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, davlat xizmatchilari ishini natijadorlikka yoʻnaltirish, aholining davlat xizmatiga boʻlgan ishonchini yanada oshirish, sohaga istiqbolli kadrlarni jalb qilish va ularni professional mutaxassis etib tayyorlashning samarali tizimini joriy qilishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.
Dilafruz AZIMOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Davlat boshqaruvi kafedrasi dotsenti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring