Yalpi majlisda Suv xo‘jaligi vazirligining axboroti eshitildi
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning ellik beshinchi yalpi majlisida Suv xo‘jaligi vazirligining suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sohaning boshqarish mexanizmlarini hamda qonunchilik bazasini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, Senat suv resurslarini muhofaza qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanish, suvni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, sohaning qonunchilik bazasini mustahkamlash vazifalari ijrosiga alohida e’tibor qaratgan.
Xususan, suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida 11 446 ta suv xo‘jaligi ob’yektida “Aqlli suv”, 6 953 tasida “Dayver” hamda 1709 ta nasos stansiyasida “onlayn” nazorat qilish qurilmalari o‘rnatilgan. Shuningdek, 67 ta yirik suv xo‘jaligi ob’yekti to‘liq avtomatlashtirilgan.
Raqamli texnologiyalarni qo‘llash, 400 ming gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, zarur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish natijasida joriy yil birinchi yarim yilligida 2 mlrd metr kubdan ziyod suv tejalgan.
Respublika bo‘yicha klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi 10 540 km ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirilgan, shuningdek, 34 885 km kanal, ariq va lotoklar tozalangan.
Sohada “suvkredit.uz” platformasi joriy qilinib, jami 134,3 ming gektar maydonda tomchilatib, yomg‘irlatib va diskret usulda sug‘orishni joriy qilish uchun 2 trln so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga “Chordara” suv omboridan 871 mln metr kub hamda boshqa manbalardan 300 mln metr kub chuchuk suv tashlanishi natijasida uning ekologik holati barqarorlashmoqda.
“Suvchilar maktabi” tashkil etilib, 70 mingga yaqin tinglovchi o‘qitilishi ta’minlangan hamda “Suv loyihalari markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda sohada kelgusida hal qilinishi lozim bo‘lgan qator masalalar mavjudligi qayd etilib, mas’ullarga tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Jumladan, iqlim o‘zgarishi omillarini inobatga olib, sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlarini chuqur xatlovdan o‘tkazish, nisbatan arzon va tez amalga oshiriladigan innovasion texnologiyalarni qo‘llagan holda kanallarni betonlashtirishni tezlashtirish, qishloq xo‘jaligida suv kam talab qiluvchi, iqtisodiy samarador bioagrotexnologiyalarni, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish zarurligi aytib o‘tildi.
Qishloq xo‘jaligida suv sarfini qisqartirish, irrigatsiya tizimlaridagi nosozliklarni bartaraf etish, umumiy suv yo‘qotishlarini kamaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, suvdan foydalanish madaniyatini oshirish, jamoatchilikka “suv tekin emas” g‘oyasini singdirish ishlariga e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Muhokamadan so‘ng ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring