YAXSHI ODAMLAR — YAXSHI SHIFOKORLAR

18:05 20 Dekabr 2023 Jamiyat
2114 0

Illyustrativ foto

Bemor ham, tibbiyot ham shifo istaydi

Gap shundaki, mening turmush oʻrtogʻim, qirq yillik qadrdonim Zulayho 2003-yildan beri qandli diabet kasalligi bilan ogʻriydi. Aniqrogʻi, Zulayhoning shu kasalga chalinganini 2003-yili bilganmiz, oʻshandan beri tinimsiz davolanadi, ammo... Erkin Tursunov ism-sharifli shifokor akamiz aytadiki:

— Qandli diabetning oʻzi hech narsa emas, uni parhez hisobiga meʼyorda saqlasa boʻladi, ammo uning asoratlari juda yomon kechadi. Bu kasallik inson organizmini tinimsiz yemirib boraveradi. Ayniqsa, biron joyingizni zaiflashtirib olsa boʻldi, butun zarba kuchi oʻsha yerga urilaveradi, urilaveradi... Bu judayam yomon...

— Bizda kasalxonalar koʻp, ammo shifoxonalar kam. Judayam kam, — degan edi bir chiqishida mashhur qiziqchi Avaz Oxun.

— Men xususiy klinika ochganda bunaqa tashkilot Jizzaxda bor-yoʻgʻi toʻrtta edi, hozir qirq toʻrttaga yetdi va tinimsiz bolalab boryapti. Shu sababli men oʻz klinikamni yopdim, — degan edi shoir va shifokor doʻstim, tibbiyot fanlari nomzodi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Mirza Davron 2021-yili. Demak...

Bizning mazkur maqolamiz shu haqda.

Xudodan yashira olmaganimizni bandasidan yashirib nima qildik. Turmush oʻrtogʻim 2000-yildayoq sistit kasalligiga chalingan edi. Bundan tashqari, bavosir (gemorroy) bilan ham ogʻrigan. Uni 2006-yili operatsiya yoʻli bilan oldirib tashlaganmiz. Menga sakkiz farzand — sakkiz qizni tugʻib, voyaga yetkazib bergan goʻzal Zulayhoni qirq yoshidan keyin kasalliklar mutlaqo tinchitmay qoʻydi. Qandli diabet, sistit, gemorroy ustiga faringit degan tomoq ogʻrigʻi ham oʻz iskanjasiga oldi. Bu kasalliklar odamni butun umri davomida taʼqib qilarkan. Ulardan tuzalib ketish amrimahol ekan. Oilaviy topish-tutishimiz yomon emasdi. Kasalliklarni davolash uchun xarajatlarga hamisha yetarli darajada pulni qiynalmay topganmiz. Kasalliklarni davolatganmiz.

...Zulayho bilan 1984-yili turmush qurgan boʻlsak, oʻshanda u sobiq ittifoq Oliy Soveti deputati, komsomol yoshlar brigadasi boshligʻi edi. Oʻz brigadasida, kerak boʻlsa, mexanizatorlik ham qilaverar, har yili kuzda paxta terish mashinasiga oʻtirib, paxta terardi. Zulayho juda baquvvat, sogʻlom edi. Qorli, qirovli kunlari men bir necha qavat issiq kiyim kiyib, oʻranib oʻtirganimda u yengil koʻylakda tashqarida kir yuvar, molxonaga oʻtib, sigir sogʻib kelar, kuvi pishar, hovli yumushlarini bajarar va aslo charchamasdi. Oshxonada gaz plita boʻlaturib, hovlida, oʻchoqda ovqat pishirishni yaxshi koʻrar, bunday taomning taʼmi boshqacha boʻladi, derdi.

Zulayho haq edi.

Mustaqillik yillari birinchilardan boʻlib, Zulayho bosh boʻlgan brigada bazasida 73 gektar yerda mustaqil dehqon-fermer xoʻjaligi tashkil etdik. Fermer xoʻjaligining oʻz dala shiyponi, dala ishlarini amalga oshirish uchun barcha zarur texnikasi yetarli edi. Yer haydashdan tortib, butun mavsum davomida barcha amalga oshirilishi talab etiladigan dala ishlari uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarimiz bor edi. Birovga texnika iltimos qilib bormasdik. Shu sababli ham topish-tutishimizda baraka bor edi.

Ammo tinimsiz turmush tashvishlari, ayniqsa, sistit kasalligi Zulayhoni qirq yoshidan soʻng tobora oʻz iskanjasiga ola bordi. 2010-yillardan soʻng har olti oyda bir marta viloyat endokrinologiya kasalxonasida oʻn kun davolanadigan boʻldi. Oʻshanda biratoʻla sistitga ham davo izlardi, shifokorlar dori yozib berar, turmush oʻrtogʻim uni kasalxonada, keyin uyda ham qabul qilardi.

Sistit boshga bitgan balo ekan. Tugʻayotgan ayollarning aksariyati bu kasallikka mubtalo boʻlarkan. Ayniqsa, qandli diabetga chalingan ayollarning sistitga chalinishi juda xatarli ekan. Bir kuni Jizzaxdagi toʻydan qoʻshni ayollardan biri mening mashinamda birga qaytdi va uyigacha yetkazib qoʻyishimni iltimos qildi. Yetkazgandim, hech narsaga qaramay, mashinadan tushdi-da, koʻylagini koʻtargancha, uyi orqasidagi hojatxonasiga shoshildi...

Sistit ana shunaqa yomon ekan.

Xullas, qandli diabet aksariyat ayollarda sistit keltirib chiqararkan, sistit esa...

2019-yili Mirzachoʻl tumani markazi — Gagarin shahridagi sanatoriyda er-xotin birga dam oldik, oʻsha yerdagi bir shifokor Zulayhoga urolog shifokorga uchrashishni tavsiya qildi. Aytishicha, siydik qopida yara bor emish. Uni tezroq davolash kerak, avjlanishiga yoʻl qoʻymaslik zarur, dedi. Nari-beri davolanib ham yurdik, ammo... Chini bilan davolanish zarurligini tushunib yetganimizda 2020-yilning apreli, yaʼni pandemiya boshlangan, barcha yoʻllar, shifoxonalar yopilgan, hech kim dardingni eshitmaydigan, zoringga quloq osmaydigan davr boshlangan edi. Jizzaxga kirib-chiqishning oʻzi ham muammo edi. Kirish-chiqishga beton toʻsiqlar qoʻyilib, harbiylar jangovar avtomatlari bilan har bir avtomobilni tekshirayotgan davr edi. Yana oʻsha Avaz Oxun aytmoqchi, goʻyoki beton toʻsiq pandemiyani qaytarib qoladigandek, shunaqa choralar qoʻllagan edik.

Ochigʻi, viloyatimiz markazi Jizzaxga kirganingiz bilan kasalxonalar yopiq edi. Borsangiz, qabul qilmasdi. Viloyat tez tibbiy yordam markazi darvozasidan bizni ichkariga kiritishmadi. Iloj topolmay turganimizda bir kishi Jizzax boʻyicha birgina “Doktor-A” xususiy klinikasi ishlayotganini, u yerdagilar barcha bemorni qabul qilishayotganini aytdi. Biz uchib-qoʻnib viloyat kutubxonasi ortidagi oʻsha klinikaga yetib bordik.

Xususiy klinika ishlayotgan ekan. Uncha-muncha navbat ham bor ekan. Urolog bor-yoʻqligini surishtirganimizda, Shavkat ismli bitta terapevt shifokor borligini, ammo u barcha bemorlarni qabul qilib, davolayotganini aytishdi. Koronavirus tufayli bizda variantlar qolmagan edi. Xudoga shukr qilib, navbat kutdik. Shavkat aka bizni yaxshi kutib oldi. Kasallik tahlillari olishimiz kerak, dedi. Demak, puxta ishlar ekan, deya xursand boʻldik. Salkam bir million soʻmga tahlillar topshirdik. Tahlillarga asosan ikki million soʻm atrofida dori-darmon yozib berdi. Dorilarni uy sharoitida ichadigan, fizioterapevtik muolajani oʻn besh kun davomida har kuni “Doktor-A”ga kelib qabul qiladigan boʻldik. Oʻn besh kundan soʻng qaytadan besh yuz ming soʻmlik tahlillar topshirdik va Shavkat aka aytdiki, oʻn besh kunlik muolajadan bemorga naf boʻlmapti. Va u kishi avval tayinlagan dori-darmonlarini bekor qilib, boshqalarini yozib berdi...

Xullas, shu taxlit uch oy “Doktor-A”ga qatnadik. Shu davr mobaynida toʻrt million soʻmga tahlillar topshirdik. Oʻn million soʻmga dori-darmon sotib oldik, yana bir qancha pullik muolajalar qildirdik. Uch oyda yigirma million sarflab, tushunib yetdikki, mehnatlarimiz, xarajatlarimiz havoga uchib ketibdi. Biz qatori “Doktor-A”ga qatnagan bir qoʻshnimiz: “Odatda, xususiy klinikalarda har bir kasallikning oʻz mutaxassis shifokori boʻlardi. Bu yerda esa barcha turdagi kasallarga bitta shifokor qararkan”, deya afsuslanib ketib qolgandan soʻng biz ham nima qilarimizni bilmay turganimizda, kimdir viloyat tez tibbiy yordam markazida Oʻlmas ismli urolog borligini aytib qoldi. Tabiiyki, u yerda hamon darvozalar yopiq edi. Telefon qilgan edik, Oʻlmasning oʻzi chiqib kelib, darvoza oldidagi xususiy klinikada UTTga tushirdi, holatni aniqladi va bor-yoʻgʻi ikkita arzongina tabletka yozib berdi. Shu bilan biz bir yil davomida sistit asoratlaridan qutulganday boʻlib yurdik.

Biz kasallikni aldamoqchi boʻldik, kasallik esa bizni aldadi. 2021-yili Toshkentdagi xususiy klinikalarga bordik, falon pulga tekshirtirdik, dorilar yozib berishdi, falon pulga qabul qildik, ammo... 2022-yilga kelib, siydik qopidagi yara kuchayib ketdi va Zulayhoga oʻz taʼsirini avvalgilardan ziyoda oʻtkaza boshladi. Ishtaha yoʻqoldi, kechalari isitmalab chiqadigan boʻldi.

Kunlarning birida Oʻlmas doʻxtir “Novomediks” xususiy klinikasiga borishimiz kerakligini taʼkidladi. Jizzax viloyati boʻyicha eng zamonaviy urologik asbob-uskunalar oʻsha yerda ekan. Asboblarning ayrimlari hatto Oʻzbekistonda ham yagona deyishdi. Klinikada bizni urolog Sherzod Toʻychiyev kutib oldi va darhol besh yuz ming soʻmlik tahlil topshirdik. Ikki yuz ellik ming soʻmga sistokopiya qildirdik. Va Oʻlmas bilan Sherzod siydik qopdagi yaralarni eng zamonaviy asboblar yordamida kuydirish, qotirish kerak, degan qarorga kelishdi. Muolaja ikki yarim million soʻm ekan. Klinikada kunlik yotish — ikki yuz ellik ming soʻmdan... Biz hammasiga rozi boʻldik. Shu yerda saraton tahlili uchun mahsulot olib, saraton kasali shifoxonasi yonidagi xususiy laboratoriyaga joʻnatishdi. Tahlil narxi 180 ming soʻm ekan. Toʻladim. Ikki kun davomida hammadan yashirib, yigʻladim. “Saraton” desa yomon taʼsir qilar ekan-da. “Saraton yoʻq”, deya xulosa berishganda xursand boʻlganlarim-chi... Ammo xursandchiligimiz oʻn kunga ham choʻzilmadi. Kuydirilgan yara takroran ochilib, Zulayho qon ketish tashxisi bilan viloyat tez tibbiy yordamining reanimatsiya boʻlimiga tushdi. Ikki kun davomida qon quyishdi va keyin 3-sentyabrda Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga olib borib yotqizdik. Va “Novomediks”dagi barcha muolajalar, tahlillar takroran amalga oshirildi. Ammo... bu yer — Toshkent-da! Respublika markazi. Hammasi ancha qimmat edi. Sistokopiya — 400 ming soʻm. Yarani kuydirish — toʻrt million soʻm. Tahlillar olish ham Jizzaxga nisbatan bir necha baravar qimmat ekan. Yana... dori-darmon deganday, bir haftada oʻn million soʻmdan ziyod sarfladik. Biz xarajatlarga ogʻringanimiz yoʻq. Tuzatishsa boʻldi, deya aytganlarini bajaraverganmiz. Bu yerda ham saratonga tahlil olib, laboratoriyaga joʻnatishdi va bu yerda ham saraton masalasida xavotirga oʻrin yoʻqligini aytishdi. Shuningdek, shu yerda birinchi marta tuberkulyozga tekshirtirish lozimligini aytishdi.

Men tuberkulyoz masalasida qoʻl silkidim. Negaki, ilgarilari ham muolajalar davomida Zulayhoning oʻpkasini bir necha bor rentgen qildirgan va mutaxassislarga tekshirtirgan edim. Va tuberkulyoz mutaxassislari hammasi joyidaligini aytishgan edi. Shu sababli...

2023-yili Zulayhoni kasalliklar yanada koʻproq qiynay boshladi. Aprel oyida oʻn kun viloyat endokrinologiya kasalxonasida yotdi. Maftunxoʻja ismli yoshgina shifokor muolaja qildi va qon tarkibida kreatinin miqdori oshib borayotganini, nefrolog-mutaxassislarga koʻrsatish lozimligini aytdi. Viloyat koʻp tarmoqli shifoxonasidagi bir nefrologga uchradik. Besh yuz ming soʻmga tahlillar topshirdik. Shu shifoxonaga yotqizmoqchi boʻlishdi, ammo... sharoitlar juda yomon edi. Saraton olov purkayapti, palatalar besh-olti kishilik. Har bir bemorning yonida bittadan qarovchisi bor. Bemorni ziyorat qiluvchilar tinimsiz kelyapti. Xullas, bu palatada sogʻ odam kasal boʻladi, kasal esa... Bu yerda yotib davolanishdan bosh tortib, ketayotgan edik, nefrolog bizning asabimizni buzishga urindi: “Kasalda saraton alomatlari boʻlishi mumkin. Borib, tekshirtiringlar”. Biz esa endi bunaqa muomalalarga koʻnikib qolgan edik, parvo qilmadik.

Iyul oyida Zulayhoning ahvoli ogʻirlashdi. Yana “Novomediks”ga bordik. Sherzod Toʻychiyevga uchradik. U bizdan qutulish uchun nefrologga uchrashimizni tavsiya qildi.

— Viloyat boʻyicha hech bir klinikada sizdaqa sharoit yoʻq, shu yerda davolanamiz, — dedim men.

Sherzod Toʻychiyev xonaga kardiolog shifokorni chaqirib, Zulayhoni davolashni taklif qildi. Urologiya jihatdan oʻzim nazorat qilaman, deya taʼkidladi. Barcha aytgan pullik tahlillarni topshirdik, dorilar bilan taʼminladik, palata uchun toʻlov qildik. Toʻrt kun oʻtdi hamki, Zulayhoning ahvoli yomonlashib boraverdi. Ertayu kech men ham klinika atrofida aylanib yuraman. Hech yoqqa keta olmayman. Asabim buziladi, ammo... Shu orada tengqur doʻstlarim — shoir-shifokor Mirza Davron va koʻz doktori Vahob Ochilov bilan birga tushlik qildik. Ular mendan koʻngil soʻrashdi. Men yorildim: “Yuringlar, klinikaga kirib, hech boʻlmasa, kasallik varaqasini tekshiringlar, Zulayhoning ahvolini bilib beringlar”. Aniq boʻldiki, Zulayho klinikaga yotqizilgan kuni olingan bioximik tahlilga koʻra, kreatinin miqdori 500 birlikka teng boʻlgan ekan. Toʻrt kun davomida 430 ga tushibdi.

— Siz shuni yaxshi oʻzgarish deyapsizmi? — soʻradi Vahob Ochilov yoshgina kardiolog shifokorga tikilib.

Kardiolog shifokor shoshib qoldi. Yugurgancha, Sherzod Toʻychiyevni topib keldi. Harqalay, mening doʻstlarim Jizzax viloyatida tajribali, nom qozongan shifokorlar boʻlgani uchun Sherzod Toʻychiyev ham ortiqcha bir narsa deya olmadi. Kreatinin miqdori nega koʻtarilib ketgani boʻyicha ham xulosalar yoʻq. Toʻrt kun davomida UTT qilishmagan edi. UTTda aniqlandiki, tashqariga chiqib keta olmagan siydik ikki buyrakni oʻrab olgan. Shu sababli buyraklar erkin nafas ololmay, shishib ketgan. Siydik qopining ahvoli ham shunaqa. Yaralar koʻpayib, shishib, xullas... bir soat ichida buyraklar atrofidan uch litr siydikni chiqarib olishdi va oʻsha kuni kechgacha Zulayhoning isitmasi tushdi. Ahvoli bir qadar yaxshilanganday boʻldi. Keyin aytishdiki, kreatinin miqdori 600 ga yetsa, odam komaga tusharkan, keyin... u yogʻi... Yana uch kun oʻtib, kreatinin 140 koʻrsatkichga tushgani maʼlum boʻldi.

Va Sherzod bizni darhol kasalxonasidan chiqarib yubormoqchi boʻldi. Qutulay, dedi shekilli-da! Ammo... biz ketmadik. Davolanishni istadik. Sherzod bizdan bezor boʻlgan edi. Siydik ichagini uzib, bel qismidan tashqariga chiqarib qoʻyib, keyin siydik qopdagi yaralarni davolab, oʻn — yigirma kun ichida ichakni yana eski joyiga ulasa boʻladi, dedi. Sistokopiya qilishni taklif etdi. Hisob-kitob boʻlimiga borsam, 410 ming soʻm toʻlash kerakligini aytishdi.

— Nega? Sistokopiya 250 ming soʻm edi-ku!

— Gepatitga ham tahlil topshirishingiz kerak. Agar bemorda gepatit boʻlsa, sistokopiya qilayotgan tibbiyot xodimlariga yuqib qolishi mumkin.

— Bir haftadan beri shu yerda yotib davolanyapmiz. Agar gepatitimiz boʻlsa, tibbiyot xodimingizga allaqachon yuqib boʻldi. Himoyalanish endi esingizga keldimi? Yaxshisi, “har bir imkoniyatdan pul undirishimiz kerak”, deb qoʻya qolinglar...

Xullas, asabim buzildi. Arazlab, viloyat tez tibbiy yordamdagi urologlar Baxtiyor va Oʻlmasga uchradik. Ular aytdilarki, siydik yoʻli bir marta uzilib, tashqariga chiqarilsa, keyin qaytadan eski joyiga ulab boʻlmaydi. Ustiga-ustak, qandli diabetli bemorlarda bunaqa muolaja mutlaqo mumkin emas.

Keyin biz “Uromet” xususiy klinikasiga murojaat qildik. Urolog Alijon Azimov 200 ming soʻmlik tahlillar oldirdi. Barcha arzimizni tingladi va bevosita siydik qopining oʻziga shpris yordamida levomekol moyini joʻnatib, yarani davolashga kirishdi. Toʻgʻrisini aytganda, xususiy klinikalar ichida eng insoflisi shu “Uromet” ekan. Ikki oy davomida yana bir necha bor tahlillar topshirdik, UTTga tushdik, ammo urolog Alijon aka pul talab qilmadi. Va nihoyat muolajalari bizga yordam bermayotganini tushunib, Sherzod Toʻychiyevga telefon qilib, eng zamonaviy asbob-uskunalar undaligini, barcha xafagarchiliklarni unutib, bemorni qabul qilishi lozimligini taʼkidladi. Ammo... biz u yerga qaytib borishni istamadik. Sherzoddan mutlaqo koʻnglimiz sovib boʻlgan edi. Toʻgʻri, biz tushunardik: u ham bor-yoʻgʻi bir shifokor, klinikaga pul ishlab berish uchun taklif qilingan, uning ham boshqa iloji yoʻq. Ammo... natija ham kerak-ku, axir!

Sirasini aytganda, viloyatdagi barcha urologiyaga aloqador klinikalar, shifokorlar bizni koʻrsa qoʻl koʻtaradigan, bir-biriga joʻnatadigan vaziyatga yetib kelgan edik. Hatto Oʻlmas ochiqchasiga: “Sizni hali ham tirik koʻrib turganimdan gʻoyatda xursandman!” desa-da, parvo qilmadik. Etimiz shu qadar oʻlib boʻlgan edi.

Oktyabrning oʻrtalarida Zulayhoni yana davolash zarurati tugʻildi. Ammo... qayerga boramiz? Nogoh... umid paydo boʻldi: “Diyor” nomli yangi urologik xususiy klinika ochilibdi. Hamma maqtayotgan emish. Internetdagi saytidan shifokorning telefon raqamini topib berishdi. Telefon qilgan edim, shifokori koʻtardi. Men keyingi yillar davomidagi sarson-sargardonliklarimizni tushuntirdim. Vrach yigit hammasini sabr bilan tingladi va dedi:

— Aka, bizga kelsangiz, biz ham shu tarzda pulingizni olib, davolaymiz. Hammasi vaqtincha boʻladi. Vaqtni boy bermang. Siz tezroq tuberkulyozga tekshirtiring.

— Oʻpka tuberkulyozining siydik qopga nima aloqasi bor?

— Oʻpkaniki emas. Siydik qopining oʻzi ham tuberkulyozga chalinishi mumkin. Viloyat tuberkulyoz kasalxonasida Omon ismli urolog shifokor oʻtiradi. Aynan sizning masalangiz bilan shugʻullanadi.

Bir yil burun Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagilar aytgan taklifga endi yana qaytgan edik. Taklifning nima ekanini endi tushunib yetdim va zudlik bilan harakatga tushdik. Omon bor-yoʻgʻi 33 ming soʻmlik bitta tahlil oldirdi va bizni Toshkentga, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi shifokor, professor, tibbiyot fanlari doktori Sarvar akaga safarbar qildi.

Biz tushunib yetdikki, avval-boshdan shu yerga kelishimiz kerak ekan. Afsuski... “Nahotki? — hayron boʻlardi Sarvar aka, — Sherzod Toʻychiyev ham, Baxtiyoru Oʻlmas ham, qoʻyingki, Jizzaxdagi urologlarning barchasi meni yaxshi bilishadi. Men ularga seminarlar oʻtkazib turaman. Bittasi ham menga joʻnatishga urinmadimi?”

Hamma balo shunda-da! Bemor shifokorga bordimi, uni kliyent sifatida qabul qilishiga oʻtib boʻldik. Yaʼni bemor — shifokor uchun daromad manbai! Mayli, bunisiga rozimiz. Ammo... ishingni bitirish uchun birovga pul berasan-ku, axir! Va... Avaz Oxunning gapi takror-takror yodga tushaveradi: “Bizda kasalxonalar koʻpayib ketdi, shifoxonalar esa yoʻq!”

Sarvar aka insofli ekan. Eski tahlillar asosida muolajani boshlayverishi mumkinligini aytdi. Ammo biz barchasini yangilagan maʼqul, degan toʻxtamga keldik. Yotib davolanish uchun pul toʻlamoqchi edik, koʻnmadi. Oʻzi elektron hujjat toʻldirib, internet orqali Zarbdor tumanidagi shifoxonaga joʻnatib, elektron order oldirdi.

Qirq kunki, biz shu yerdamiz.

Koʻz tegmasin, oʻzgarishlar juda katta. Toʻgʻrisi, maqtanishga ham qoʻrqasan. Har bir ishning oxiri xayrli boʻlsin, deganlari gʻoyatda hikmatli gap ekan.

Baʼzan birovlar: “Oʻzing yotib, oʻzing turyapsanmi?” deya soʻrashadi. Oʻylasang, tagida juda katta maʼno bor.

Sarvar aka bugun-erta bizga javob bermoqchi. Aytishicha, Jizzaxga tez-tez kelib, urologlarga maʼruza oʻqib turarkan. Agar zarurat boʻlsa, uyimizgacha kelib, bemorning ahvolidan xabar olishga erinmas emish.

Har bir bemor — Sarvar aka uchun bitta ilmiy ish. Bemorni davolay olgani — ilmiy ishining natijasi. Hamma narsa natijalar bilan oʻlchanadi.

Bu dunyoning ustunlari — yaxshi odamlar, yaxshi shifokorlar! Ular bor boʻlishsin! “Diyor” xususiy klinikasidagi shifokorning kimligini bilmayman. Uchratmaganman. U menga telefon vositasida yoʻl koʻrsatdi. Sil kasalliklari shifoxonasidagi urolog Omon boshqardi va biz professor Sarvar aka qoʻlida shifo topyapmiz.

Tibbiyotimiz esa... yillar davomida shifo istab tentiragan biz kabi oxiri kerakli oʻzanga tushib olishiga ishonging keladi.

Umid, baribir, yaxshi narsa-da!

Abulqosim MAMARASULOV, (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?