Voyaga yetmaganlarga bank kartalari ochish boʻyicha talablar belgilanmoqda

10:35 06 May 2025 Hujjatlar
184 0

Foto: Sanjar Shomurodov/"Xalq so`zi"

Shavkat Mirziyoyevning “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 153-sonli qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qaror bilan, Oʻzbekistonda voyaga yetmagan shaxslar nomiga bank kartalarini ochish va ularning moliyaviy amaliyotlarini nazorat qilish masalalari boʻyicha yangi tartib-taomillar joriy etilmoqda. Hukumat qaroriga muvofiq, endilikda voyaga yetmaganlar uchun banklarda hisob raqamlari va bank kartalarini ochish boʻyicha aniq talablar ishlab chiqiladi. Bu orqali ushbu yosh toifasining kiberfiribgarlikka duchor boʻlishining oldini olish va ularning moliyaviy xavfsizligini taʼminlash koʻzda tutilgan.

Yangi tartiblarga koʻra, banklar ota-onalarni ularning voyaga yetmagan farzandlari bilan bogʻliq boʻlgan shubhali moliyaviy operatsiyalar (frod amaliyotlar) haqida xabardor qilish amaliyotini joriy etadi. Bu bilan ota-onalar oʻz farzandlarining moliyaviy faoliyati ustidan real vaqtda kuzatuv olib borish imkoniyatiga ega boʻladi. Shuningdek, banklar va toʻlov tashkilotlari oʻzlarining mobil ilovalariga antivirus himoya tizimlarini oʻrnatishi, foydalanuvchi qurilmasida zararli dasturlar aniqlangan taqdirda ularni darhol ogohlantirishi majburiy etib belgilanmoqda.

Shubhali pul oʻtkazmalari bilan bogʻliq holatlarda, Ichki ishlar organlari masʼul boʻlinmalari soʻroviga asosan bank kartalari tezkor tarzda bloklanadi. Bu choralar, ayniqsa, kiberhujumlar va noqonuniy pul aylanmasiga qarshi samarali vosita sifatida xizmat qiladi. Tergovga qadar tekshiruv yoki dastlabki tergov jarayonlarida sodir etilgan kiberjinoyatlar yuzasidan kiberxavfsizlik talablariga rioya qilingan- qilinmaganligi boʻyicha xulosani “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi taqdim etadi.

Shu bilan birga, mamlakatda Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va raqamli tergovga koʻmaklashish markazi tashkil etilishi belgilandi. Markazning asosiy vazifalari qatoriga kiberjinoyatlarni aniqlash, fosh etish, tergov qilish amaliyotidagi mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish kiradi. Ushbu tashabbuslar mamlakatdagi raqamli xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qilib, ayniqsa yoshlar oʻrtasidagi moliyaviy savodxonlik va himoyani yanada mustahkamlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер