Viloyatlarga infratuzilmani yaxshilash uchun 20 trln soʻm ajratiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida qanday qilib respublikada kambagʻallik darajasini 3 foizdan pasaytirishga erishish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Tumanlarda oʻtkazilgan oʻrganishlar infratuzilma, turmush darajasi, biznes faollik, moliyaviy imkoniyatlar kabi 20 ta mezon asosida 37 ta “ogʻir” tumanni aniqladi. Bundan tashqari, har bir tuman tahlil qilinib, kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan 903 ta “ogʻir” mahalla tanlab olindi.
Kambagʻal oilalarning uchdan bir qismi, ishsizlarning 21 foizi ham tanlab olingan 37 ta tuman va 903 ta mahallaga toʻgʻri kelishi aniqlandi.
Yana 33 ta tuman va 330 ta “ogʻir” mahallaga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish ishlari boshlandi.
“Asosiy kuchni ushbu 70 ta tuman va 1 mingta «ogʻir” mahallaga yoʻnaltirsak, respublikada kambagʻallik darajasini 3 foizdan pasaytirishga erishamiz», dedi davlatimiz rahbari.
“Ogʻir” tuman va mahallalardagi aholi va tadbirkorlar soliq imtiyozidan koʻra, koʻproq yoʻl, suv, elektr taʼminotini yaxshilab berishni soʻrayapti. Shu munosabat bilan joriy yilda infratuzilmani yaxshilash uchun viloyatlarga 20 trillion soʻm ajratilishi, shundan 12 trillion soʻm “ogʻir” tuman va mahallalarga yoʻnaltirilishi belgilandi.
Respublikadan mahalliy byudjetga qaytadigan mablagʻ 2 karra koʻpaytirilib, hokimlarga 4 trillion 200 milliard soʻm beriladi. Endilikda viloyat hokimlari “ogʻir” tumanga 10 milliard soʻmdan, 903 ta mahallaning har biriga 1 milliard soʻmdan ajratadi.
Bunga qoʻshimcha har bir “ogʻir” tumanga 50 milliard soʻm, “ogʻir” mahallaga 2 milliard soʻmdan mablagʻ yoʻnaltiradi. Bu tuman hokimlari va mahalliy kengashlar “ogʻir” tuman va mahallalar uchun qoʻshimcha yana 4 trillion soʻm oladi degani.
“Hokimlar eshitib olsin: bu mablagʻlar infratuzilmani yaxshilash orqali kambagʻallik va ishsizlikni 2 karra qisqartirishga xizmat qilishi shart.
Ushbu tuman hokimlari aholisiga murojaat qiladi. Qaysi mahallada nechta odamni ishli qilib, qancha oilani kambagʻallikdan chiqarishini mahallama-mahalla yurib tushuntiradi.
Shuncha mablagʻ bergandan keyin tuman hokimi xalqning oldida masʼuliyat olib, javob bersin. Hokimlikning faoliyatiga xalqning oʻzi baho bersin”, dedi davlatimiz rahbari.
Endilikda hududlarni sanoat, qishloq xoʻjaligi va servisdagi “solishtirma ustunligi”dan kelib chiqib rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari bu tizimni Furqat va Dehqonobod tumanlari misolida tushuntirib berdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga 70 ta tuman va 1 mingta “ogʻir” mahallalarning “solishtirma ustunligini” tahlil qilib, ish oʻrni va daromadini koʻpaytirishga turtki beradigan infratuzilma loyihalari boʻyicha alohida dastur qilish va moliyalashtirishni boshlash topshirildi.
Har bir tumanda 5-10 ta mahallani bogʻlaydigan 1-2 gektarli sanoat zona va klasterlar tashkil qilinib, 100 ming nafar odam uchun ish oʻrinlari yaratilishi belgilandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring