Veterinariya xalqimiz farovonligi yoʻlida xizmat qiladi
Mamlakatimizda chorvachilik sohasini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar koʻlami tobora kengayib bormoqda. Bu oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, aholini arzon va sifatli goʻsht hamda sut mahsulotlari bilan taʼminlash, chorvachilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklarning ishlab chiqarish imkoniyatini kengaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning 2022-yil 8-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan dasturda belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish natijasida 2026-yilga borib mamlakatimizda (aholi jon boshiga nisbatan) qoramol goʻshti ishlab chiqarish bugungi 47,5 kilogrammdan 69,4 kilogrammga, sut ishlab chiqarish 336 kilogrammdan 560 kilogrammga yetkaziladi.
Maʼlumki, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning ustuvor yoʻnalishi chorvachilik va uning tarmoqlarida ilm-fan yutuqlari, ilgʻor tajribalar, innovatsion gʻoyalarni joriy etish orqali fermer xoʻjaliklarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari veterinariya sohasi ilm ahli oldiga taʼlim — fan — ishlab chiqarish integratsiyasini amalga oshirish, innovatsion gʻoyalar va ilmiy ishlanmalarni fermer xoʻjaliklariga joriy qilish, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, veterinariya xizmatini takomillashtirish kabi muhim vazifalarni qoʻydi.
Soʻnggi yillarda rivojlangan xorijiy davlatlardan koʻplab nasldor chorva mollari olib kelinib, respublikamizda qoramollar zoti yaxshilandi, chorvachilik bilan shugʻullanadigan masʼuliyati cheklangan jamiyatlar (MCHJ) va naslchilikka ixtisoslashgan reproduktiv xoʻjaliklar tashkil etildi.
Chorvachilik fermer xoʻjaliklarida yuqori rentabellikka erishish, mahsulot ishlab chiqarish va uning tannarxini arzonlashtirishda hayvonlar zotini xoʻjalik yoʻnalishiga koʻra tanlash, ularning nasliy xususiyatlarini yaxshilab borish katta ahamiyatga ega.
Soha mutaxassislari oldida turgan vazifa – qimmat narxlarda olib kelingan mahsuldor hayvonlarni toʻgʻri parvarishlash, ularning yuqori mahsuldorlik genetik potensialini saqlab qolish, sigirlardan sogʻlom buzoqlar olish va voyaga yetkazib podani toʻldirish, fermer xoʻjaliklarida ishlab chiqarilayotgan chorvachilik mahsulotlarining sifatini yaxshilash va miqdorini koʻpaytirish orqali xalqimizning talabini qondirish, dasturxoni toʻkinligini taʼminlashdan iborat.
Hayvonlarni parvarishlash va oziqlantirishda tana vazni, fiziologik holati va mahsuldorligini hisobga olmaslik ularda moddalar almashinuvi buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan kasalliklarning kelib chiqishiga sabab boʻladi. Bu kasalliklar chorvachilik fermer xoʻjaliklariga katta iqtisodiy zarar yetkazadi. Xususan, hayvonlarda mahsuldorlikning pasayishi, kasalliklarga beriluvchan gipotrofik buzoqlarning tugʻilishi, sigirlardan olinadigan mahsulot sifatining pasayishi, mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun ozuqa sarfining koʻpayishi va tannarxining qimmatlashuvi kuzatiladi.
Hayvonlar organizmida oqsil, uglevod, vitamin va mineral moddalar almashinuvi chuqur buzilgan paytlarda toʻqima va organlarda qayta tiklanmaydigan morfologik oʻzgarishlar yuzaga keladi, natijada organizmning funksional holati va uning oldingi mahsuldorligi, reproduktiv qobiliyati toʻliq tiklanmaydi. Shuning uchun hayvonlar organizmida moddalar almashinuvi buzilishi bilan kechadigan kasalliklarni ularning subklinik (yashirin) davrida, yaʼni organizmda kasallikning klinik belgilari paydo boʻlmasdan oldin aniqlash va oldini olish muhim ahamiyatga ega. Bu borada mahsuldor qoramollar podasida rejali ravishda dispanserlash tadbirlarini oʻtkazish lozim. Bunday tadbirlar chorvachilik fermer xoʻjaliklarida hayvonlarda uchraydigan subklinik kasalliklarni oʻz vaqtida aniqlash, maqsadli guruhli profilaktik tadbirlar oʻtkazish orqali sogʻlom va mahsuldor hayvonlar podasini yaratishga erishiladi. Bu borada har ikkita tumanda bitta hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi tashkil etib, uning moddiy texnik taʼminotini yaxshilash, gemoanalizator va ozuqalar tarkibidagi biologik faol moddalarni aniqlovchi jihozlar bilan taʼminlash zarur.
Qoramolchilik fermer xoʻjaliklarida hayvonlarni parvarishlashda zoogigiyena va veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilish, sigirlarni organizm ehtiyojiga qarab oziqlantirish orqali iqtisodiy samaradorlikka erishish va chorvachilik madaniyatini oshirish mumkin.
Ayrim xoʻjaliklarda mahsuldor qoramollarning bosh soniga nisbatan ajratilgan ozuqa ekin yer maydonlari meʼyoriga nisbatan (shartli bir bosh chorva moliga oʻrtacha 0,5-0,6 gektar) ancha kam.
Chorvachilik va uning tarmoqlarida ozuqa bazasini mustahkamlash hamda ozuqa ishlab chiqarish salohiyatini oshirish lozim. Ozuqabop ekinlar uchun ajratilgan har bir gektar ekin maydonidan 60-70 sentnerdan ozuqa jamgʻarilyapti, bu esa meʼyor koʻrsatkichlaridan ancha past. Omuxta yemlar tarkibini tahlil va sifatini nazorat qilishni tizimli tartibga solish kerak.
Chorvachilik fermer xoʻjaliklarida faoliyat yuritayotgan zooveterinariya mutaxassislari chorva mollarini toʻgʻri oziqlantirish, yaxshi parvarishlash mahsuldorlikni koʻpaytirishning asosiy garovi ekanligini yaxshi bilishi zarur. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti qoshida mutaxassislar uchun bir yilda ikki marta qisqa muddatli (1-2 kunlik) malaka oshirish kursini tashkil etish maqsadga muvofiq boʻladi.
Bugungi kunda veterinariya amaliyotida ishlaydigan mutaxassislar zamonaviy nazariy bilimlarga, amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishi, kreativ fikrlaydigan, kamchiliklarni koʻra biladigan va ularning yechimini topa oladigan, dunyoqarashi keng insonlar boʻlishi talab etiladi. Chorvachilik fermer xoʻjaliklarida ishlaydigan veterinariya vrachlarining mehnatiga haq toʻlash, ularning ish samaradorligi hayvonlar mahsuldorligining oshishi, kasalliklarning kamayishiga qarab belgilanishi mahsulot ishlab chiqarishning koʻpayishiga va fermer xoʻjaligining iqtisodiy qudratining ortishiga olib keladi.
Oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarida olib boriladigan ilmiy tadqiqot ishlari veterinariya amaliyotining talabidan kelib chiqishi kerak. Aniq mavzudagi tadqiqotlarni olib borish boʻyicha tizimli ishlar tashkil etish uchun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hamda Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti olimlari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbarligida viloyatlar kesimida tajribali amaliyotchi veterinariya mutaxassislarining fikrini oʻrganib, hududlarda chorvachilik sohasidagi muammolarni tahlil qilishi va shu asosda yaqin 3-5-yilda olib boriladigan ilmiy tadqiqot ishlari mavzularini belgilab olishi zarur. Shu mavzular doirasida chorvachilik sohasida ilm-fanni rivojlantirish, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni chuqurlashtirish uchun mahalliy grant mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha tizimli choralarni amalga oshirish kerak. Shundagina har bir bajarilgan ilmiy tadqiqot ishi amaliyotga xizmat qiladi, mablagʻlardan toʻgʻri va maqsadli foydalaniladi.
Qurbon NORBOYEV,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,
chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti professori
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring