Vazir deputatlar savollariga javob qaytardi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” boʻlib oʻtdi. Unda “Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan deputatlarning savollariga favqulodda vaziyatlar vaziri A. Qoʻldoshev javob berdi.
Qayd etilganidek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini kamaytirish va samarali bartaraf etish aholining tinch va xavfsiz hayot kechirishini taʼminlash, mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlariga erishishda muhim ahamiyatga ega.
Shu bois mamlakatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular sodir boʻlganida harakat qilish boʻyicha yaxlit davlat tizimi tashkil etilgan boʻlib, sohaning zarur meʼyoriy-huquqiy bazasi shakllantirilgan.
Joylarda “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Prezident farmon va qarorlarida belgilangan talablardan kelib chiqqan holda aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga qaratilgan tiziimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.
Shu jumladan, toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz oʻtkazib yuborishni taʼminlash, qor koʻchishi va yer koʻchkisi hodisalari xavfini kamaytirish boʻyicha hukumat komissiyasi tashkil etilgan. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida vazirlik va idoralar bilan doimiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlar profilaktikasi tadbirlari oʻtkazilgan hamda xavfli gidrometeorologik va geologik jarayonlar faollashishi mumkin boʻlgan hududlar oʻrganib chiqilgan.
Natijalarga koʻra, gidrometeorologik va geologik xavfli hududlardan 21 ta xoʻjalik — 104 nafar fuqaro doimiy, 1 ta xoʻjalik — 7 nafar fuqaro vaqtincha koʻchirilgan, 24 ta xoʻjalik — 101 nafar fuqaro yashash uylari atrofida muhandislik-himoya ishlari olib borilgan. Shu bilan birga, 180 ta xoʻjalik — 571 nafar fuqaroning muhofaza, qirgʻoq mustahkamlash ishlarini amalga oshirish orqali sel va toshqin suvlaridan xavfsizligi taʼminlanishga erishilgan.
Shuningdek, yongʻin xavfsizligini taʼminlash tadbirlari doirasida 48 mingta tekshirish va 9 ming 800 ta profilaktik koʻriklar oʻtkazilib, tegishli koʻrsatmalar berilgan. Yongʻin xavfsizligi qoidalarini targʻib qilish va bu borada fuqarolarning savodxonligini oshirish maqsadida 10 million 240 ming 678 nafar fuqarolarni qamrab olgan holda suhbat va yoʻriqnomalar, xodimlarning favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha shayligini oshirish maqsadida 58 ta qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashqlari, 1 ming 197 ta maxsus-taktik oʻquv mashqlari oʻtkazilgan.
Magistral gaz quvurlari muhofaza maydonlarida mavjud 2 ming 432 ta noqonuniy qurilmadan 1 ming 924 tasini boshqa joylarga koʻchirish yoki bartaraf etish yuzasidan sudga hujjatlar taqdim qilinib, 798 ta noqonuniy qurilma bartaraf etilgan.
“Hukumat soati”da deputatlar daryo oʻzanlari va qirgʻoqboʻyi mintaqalarini mustahkamlash hamda sel va suv toshqinlarining oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan savollar berishdi.
Vazirning taʼkidlashicha, texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar profilaktikasi yoʻnalishida 46 ta yirik suv ombori hamda 34 ta GESning bahor-yoz yogʻingarchilik mavsumidagi suv toshqinini talofatsiz oʻtkazishga tayyorgarlik, texnik va jismoniy xavfsizlik holati oʻrganib chiqilgan hamda 14 ta maxsus-taktik oʻquv mashqlari oʻtkazilgan.
Bundan tashqari, daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash maqsadida viloyatlar hokimliklari tasarrufidagi 87 ta suv obyektida muhandislik-himoya ishlari olib borilgan. Natijada, 9817 ta xoʻjalik, 5876 gektar ekin maydonlari va xoʻjalik tomorqalari, 50 dan ortiq ijtimoiy soha obyektlari, asosiy va ichki avtomobil yoʻllari, koʻpriklar, suv inshootlari va boshqa obyektlarni sel va toshqindan muhofaza qilishga erishilgan.
Deputatlar respublika hududlarining seysmik holati hamda seysmik xavfsizlikni taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan ham qiziqdilar
Qayd etilganidek, bino va inshootlarning seysmik mastahkamligini baholash hamda elektron texnik pasportlarini shakllantirish maqsadida pasportbino.uz platformasi yaratilib, 157 ming 47 ta bino va inshootlarning zilzilabardoshlik boʻyicha elektron texnik pasportlari shakllantirilgan.
Xususan, Andijon, Fargʻona, Namangan, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlaridagi stansiyalarga 20 ta akselerometrlar oʻrnatilib, kuchli zilzilalarni qayd etish tarmogʻi ishga tushirilgan. Bundan tashqari, “Chorvoq” va “Andijon” suv omborlari hududida seysmiklikni monitoring qilish maqsadida asbob-uskunalar oʻrnatilgan. Ushbu tizim orqali davlat organlari va aholiga sodir boʻlgan zilzila boʻyicha maʼlumotlarni 5-7 daqiqa ichida yetkazish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Qizgʻin ruhda oʻtgan “hukumat soati”da deputatlar soha istiqboliga qaratilgan qator taklif va tavsiyalarni berishdi. Muhokamalar soʻngida kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Hotdogdan choʻchqa yogʻigacha: maktab oshxonasida qanday oziq-ovqatlarni sotish taqiqlangan?
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- Eldor Shomurodov “Roma”ning mavsumdagi debyut golini urdi. Italiyaliklar futbolchini “Oʻzbek Messi”si deb atamoqda (+video)
- Asila Mirzayorova Paralimpiya oʻyinlari rekordini oʻrnatdi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring