“Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun!”

Shahrisabz tumanida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkiloti cardorlarining an’anaviy XVII anjumani ana shunday shior ostida tashkil etildi.
Ishtirokchilarning o‘zaro tajriba almashishini ta’minlash, mahoratini oshirish, yangi g‘oya va tashabbuslarini muhokama qilish maqsadida uyushtirilgan anjumanda yil davomida samarali faoliyat ko‘rsatgan, noan’anaviy loyihalari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lgan 800 nafardan ortiq cardorlar qatnashmoqda.
Anjuman Shahrisabz shahrining Oqsaroy xiyobonida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlarining “Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun!” shiori ostidagi O‘zbekiston bolalari paradi bilan boshlandi. Tumandagi “Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida davom etgan anjumanning tantanali ochilish marosimida yurtimizda yoshlarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
5 kunlik anjumanning dastlabki kunlaridan bolalar o‘zaro tanishib, do‘stlashib, bir maqsad sari jipslashib oldilar. Har kuni o‘tkazilayotgan “Sport — sog‘lik garovi” shiori ostidagi badantarbiya mashg‘ulotlari, sardorlar tajribalarini oshirishga qaratilgan darslar ishtirokchilarga manzur bo‘lmoqda. Unda faol ishtirok etayotgan bolalar mahoratli, o‘z kasbining ustalari bo‘lgan murabbiylardan saboq olishmoqda.
Treninglarda tajribali murabbiylar tomonidan tashkil etilgan interaktiv uslubdagi mashg‘ulotlar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, aqliy salohiyatni oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar davomida bolalar suhbatdoshni tinglash, o‘zgalar fikrini hurmat qilish, fikrni to‘liq va aniq bayon etish kabi ezgu fazilatlar hamda ko‘nikmalar mohiyatini o‘rganishmoqda.
— Anjuman doirasida o‘tkazilayotgan loyihalarning soni va qamrovi yildan-yilga kengayib bormoqda, — deydi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Murodjon Zufarov. — Bu navqiron avlodning eng katta hisobot bayrami. “Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan ushbu an’anaviy anjuman yoshlarni faollik va tashabbuskorlikka rag‘batlantiradi.
Shu yilning 25 may kunigacha davom etadigan anjumanda murabbiylar jamoasi tomonidan “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkilotida sardorlarning o‘rni”, “Sardor kim?”, “Jamoani shakllantirish”, “Tanqidiy fikrlash”, “Notiqlik san’ati”, “Tafakkurni rivojlantirish” mavzularida trening mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlar qizg‘in jarayonlarga boyligi bilan uzoq vaqt yoshlarning yodida qoladi.
A. MUHAMMADIYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring