Vardonze Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritiladimi?

18:19 05 Oktyabr 2021 Madaniyat
2119 0

Foto: Istam Ibrohimov / Xalq soʻzi

YUNESKOning Yodgorlik va diqqatga sazovor joylar boʻyicha xalqaro kengashi (IKOMOS) eksperti Natalya Turekulova boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari ayni kunlarda Buxoro viloyatidagi bir qator tarixiy obidalar holatini oʻrganmoqda. Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi rahbari Sh. Mahmudovning bildirishicha, ekspertlar qiziqish doirasiga tushgan osori atiqalarning aksariyati “Ipak yoʻli: Zarafshon – Qoraqum koridori” yoʻnalishi boʻyicha Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritishga nomzod obyektlardir.

Bunday yodgorliklar qatorida Vobkent minorasi, Buxoro shahridagi Chashmai Ayub xazirasi, Shofirkon tumani hududidagi Vardonze arxeologiya yodgorligi bor. Fikrimizcha, bu tarixiy yodgorliklar, jumladan, Vardonze qoʻrgʻoni Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilishiga munosib qadimiy manzildir.Chunonchi, Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida qayd etilishicha, Vardona (Vardonze) katta bir qishloq boʻlib, Buxoro shahridan ham qadimiyroqdir.U yerda haftada bir kun bozor boʻlib, savdogarlar koʻp keladigan manzil sanalgan.

Indallosi, maydoni 76 gektardan iborat qoʻrgʻonni asrab- avaylash shu kunning dolzarb masalasi boʻlib, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilsa, bu borada yangi imkoniyatlar yuzaga keladi. Goʻsha sayyohlik ravnaqiga xizmat qiladi.

Maʼlumot tariqasida aytish lozimki, bundan ikki yilcha muqaddam “Xalq soʻzi”ning rasmiy saytida Vardonzega bagʻishlangan “Qadimiy qoʻrgʻon qarovsiz qolmasin” sarlavhasi ostida tahliliy maqola eʼlon qilingan edi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?