Uzumchilik va vinochilik klasterlari tashkil etiladi

13:27 31 Iyul 2021 Klaster
27234 0

“Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–5200-son, 28.07.2021-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi 48 ta tuman uzum yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.

Ixtisoslashgan tumanlardagi 156 ming gektar maydonda (shu jumladan 2021-yilda 50 ming gektar) uzumzorlar barpo etilib, ularni isteʼmolchiga yetkazishga qadar uzluksiz tizim yaratiladi.

2021-yil 1-avgustdan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari (sugʻoriladigan va sugʻorilmaydigan (lalmi) yerlar) tokzorlar barpo etish va uzumchilikni rivojlantirish uchun ochiq tanlov asosida 30 yil muddatga ijaraga beriladi.

Ochiq tanlovga yer uchastkalari dehqon xoʻjaliklari tashkil etgan holda tokzorlar barpo etish uchun – 0,06 – 1 gektar oʻlchamlarda, yaxlit konturda yirik tokzorlar barpo etish uchun 1 – 30 gektar oʻlchamlarda chiqariladi.

2021-yil 1-sentyabrdan:

— Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan, uzumchilikni rivojlantirish boʻyicha doimiy loyiha ofislari tashkil etiladi;

— aholi tomorqalarida, mahallalarda uzum yetishtirishni kengaytirishning yangi mexanizmi joriy etiladi;

— uzum yetishtirish, uni quritish, qadoqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish hamda eksport qilishning toʻliq siklini yaratish maqsadida uzumchilik va vinochilik klasterlari tashkil etiladi.

 2022-yildan har ikki yilda bir marotaba uzumchilik yoʻnalishida “eng yaxshi uzum navi”, “eng yaxshi intensiv tokzor”, “eng yaxshi mahalliy uzum navi”, “eng yaxshi vino mahsuloti” kabi nominatsiyalarda oʻtkaziladigan respublika koʻrik tanlovi taʼsis etiladi.

2022-yil 1-yanvardan mahalliy ishlab chiqarilgan uzum va meva-rezavorlardan tayyorlangan tabiiy ravishda achitilgan tabiiy vino (etil spirti qoʻshilmagan holda) va koʻpiklanadigan vinoning 1 daliga aksiz soligʻi 1 soʻm etib belgilanadi.

Shuningdek, 2021-yil yakunigacha Jizzax davlat universiteti hamda Fargʻona davlat universitetida uzumchilik va vinochilik rivojlangan xorijiy davlatlar OTMlari bilan hamkorlikda qoʻshma fakultet tashkil etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер