Uzoqning “bugʻdoyi”dan...

16:12 14 Mart 2025 Jamiyat
77 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Bugun yurtdoshlarimiz orasida xorijda ishlab daromad topishga intilayotganlar koʻp. Biri moddiy ahvolini tezroq yaxshilab olishni maqsad qilsa, boshqasi toʻy oʻtkazish, hovli-joy, avtomobil sotib olishga mablagʻ jamgʻarishni koʻzlab yoʻlga chiqqan. Ammo ularning vatandan tashqarida ishlashi, sogʻligi, mehnat haqini oʻz vaqtida olishi, xavfsizligi qay darajada muhofazalangan?

Keyingi paytlarda mehnat muhojirligini ixtiyor qilganlar bilan bogʻliq koʻp koʻngilsiz hodisalar sodir boʻlmoqda. Bundan yetti yil avval Rossiyaga yoʻl olgan namanganliklarning avtobusi Qozogʻistonning Oqtoʻbe tumanida falokatga uchragandi. Tiriklay yonib ketgan ellik ikki nafar yoʻlovchining hammasi bir-biriga yondosh qishloqdan boʻlib, norasmiy ishlash uchun yoʻlga chiqqandi.

— Rossiyaga ishlash uchun borgandim. Falokat oyoq ostida, deganlaridek toʻsatdan toyib ketib, poyezd gʻildiraklari ostida qoldim, — deydi toʻraqoʻrgʻonlik D.Ahmadaliyev. – Uydan soppa-sogʻ chiqib, muhojirlikdan qoʻltiqtayoqda qaytdim. Endi bir oyogʻim protez. Ayni oilam, farzandlarimga foydam tegadigan yoshda nogiron boʻlib qoldim. Tengdoshlarim oilasi oldida ishlab, oʻz bizneslarini yoʻlga qoʻyibdi. Men ham harakat qilsam qishlogʻimning oʻzidan ish topilardi. Qancha pushaymon chekmasam ham endi kech.

Afsuski, oʻttiz besh yoshli yurtdoshimizga oʻxshab yoʻllardagi avtohalokat tufayli erta olamdan oʻtgan, qurilishlarda ehtiyotsizlik tufayli yuqori qavatlardan yiqilib ketib jarohatlanganlar koʻp. Oʻtgan yili Namangan viloyatidan xorijga ishga borib turli sabablar bilan hayotdan koʻz yumgan 30 nafar mehnat muhojiri oʻz xonadoniga maxsus yashiklarda olib kelindi.

— Xorijda ishlayotgan fuqarolarimiz bilan bogʻliq salbiy hodisalar, ular huquqlarining u yoki bu koʻrinishda buzilish holatlari mamlakatimizda tegishli hujjatlar asosida tartibga solingan, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Namangan filiali masʼul xodimi Sayfiddin Rizayev. – Bugungi kunda xorijda rasmiy mehnat faoliyati bilan band boʻlgan namanganliklar soni 13,5 ming kishini tashkil etadi. Rasman qayd etilmagan holda ishlayotganlar soni ham ancha. Xalqaro mehnat bozoriga otlanayotgan muhojirlar oqimining ortishi, ularni migratsiyaga tayyorlash, borgan manzillarida xotirjam ishlashi, huquqlari kafolatlanishi masalalari tobora takomillashtirilmoqda. Viloyatimizda bu faoliyat besh tamoyil asosida tashkil etilgan. Bular salohiyatli ish beruvchilar bilan ishlash, nomzodlarni aniq jihatlarga bogʻliq holda topish va tanlab olish, har biriga biror kasb-hunar va xorijiy tillarni oʻrgatish, huquqiy jihatdan savodxonligini oshirish, yagona darcha usulida xizmat koʻrsatishdir.

Xorijda ishlash istagidagi fuqarodan birinchi navbatda, oʻzi borayotgan davlatning tili, madaniyati va urf-odatlarini bilishi, dunyo andozalariga javob beradigan kasb-hunarga ega boʻlishi talab etiladi. Masalaning ayni shu jihatidan kelib chiqib Namanganda mehnat muhojirlarini tayyorlash markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

— Bir necha yil avval migratsiya agentligi qoshidagi markazda tayyorgarlikdan oʻtib, Rossiyaga ishga keldim, — deydi Ulyanovsk shahridagi qurilish kompaniyasi boshqaruvchisi Husniddin Qambarov. – Rus tilini yaxshi bilaman. Mazkur kompaniyada tashkilotchilik qobiliyatimni koʻrib, ish boshqaruvchilikka tayinlashdi.

Viloyatdagi tayyorlov markazlari orasida Chustdagi 1-kasb-hunar maktabining reytingi ancha yuqori. Unda talabgorlar qurilish sohasida zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻladi. Namangan shahridagi tibbiyot texnikumidagi markazda hamshiralar chetda ishlash uchun oʻqitiladi. Markazlar zamonaviy ustaxonalar bilan taʼminlangan. Ularni bitirganlarga ish beruvchi bilan birgalikdagi sinov xulosasidan soʻng maxsus sertifikat beriladi. Shuningdek, Koreya, Germaniya, Yaponiya davlatlarining bir qator til oʻrgatish markazlari faoliyat olib bormoqda. Masalan, Germaniyaning “Consalting. Uz” taʼlim markazi namanganlik xotin-qizlardan 200 nafarini olmon tiliga oʻqitishni nihoyasiga yetkazmoqda. Ular yaqinda ushbu davlatda mehnat qilish uchun yoʻl oladi. Eʼtiborlisi, markazlar tayyorgarligiga jalb etilgan fuqarolarning boʻlajak mehnat joyi aniq buyurtmalarga koʻra naqd qilib qoʻyilgan. Ayni paytda bunday buyurtmalar soni 20 dan ortiq kasb boʻyicha 98 mingdan ortadi.

Tizimdagi tashkilotlarning xorijiy ish beruvchilar bilan amaliy aloqalari yoʻlga qoʻyilmoqda. Fuqarolarimiz eng koʻp mehnat qilayotgan Rossiya Federatsiyasiga tashkil etilgan ishchi guruhlari ushbu mamlakatda ishlayotganlardan muntazam xabar olib turadi. Ular ayrim joylardagi kelishmovchiliklarni bartaraf etib, moddiy jihatdan ogʻir ahvolga qolganlarga yordam koʻrsatadi. Oʻtgan yilda koʻmakka muhtoj 182 nafar muhojir mablagʻ bilan taʼminlandi. Past daromadga ishlayotgan 57 kishi vatanga qaytarildi. Bularning barchasi mehnat muhojirligini toʻla huquqiy yoʻlga qoʻyish va kutilgan natijaga erishish imkoniyatini kengaytirayotgan boʻlsada, sohada yillar davomida toʻplangan muammolar ham yetarlicha. Keyingi paytda xorijga ishlash uchun xavfsiz, tartibli va qonuniy ravishda chiqib ketayotganlarning atigi 11 foizi davlat migratsiya tizimi hissasiga toʻgʻri kelayotgani naqadar achinarli. Hamon noqonuniy migratsiya davom etmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xorijga chiqmoqchi boʻlgan har bir kishiga qonuniy ish topish imkoniyatini yaratishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Qonuniy yoʻl bilan ish topolmagan muhojirlar vositachilarga murojaat qilishga majbur. Albatta, bu odam savdosi xavfini oshiradi.

Xalqimizda “Uzoqning bugʻdoyidan yaqinning somoni yaxshi” degan maqol bor. Bugun koʻplar intilayotgan oʻsha uzoqning bugʻdoyi ayrimlarga juda qimmatga tushyapti. Xorijda ishlashni maqsad qilgan har bir inson birinchi navbatda, mamlakat tashqarisida mehnat qilishga qonuniy yoʻl olsa, huquq va majburiyatlarini puxta anglasa, ogʻir ahvolga tushib qolmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер