“Uzbekistan Airways” Navroʻz bayramiga 21% chegirma eʼlon qildi

12:27 01 Mart 2023 Jamiyat
659 0

Foto: Arxiv surat

Bu haqda bugun AOKAda aviakompaniya axborot xizmati rahbari Kamola Ikromova ishtirokida oʻtkazilgan brifingda maʼlum qilindi.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Navroʻz bayrami kunlari yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar taqdim etish va ularning dam olish kunlarida mamlakatimiz boʻylab sayohat qilishlari uchun joriy yilning 18-martidan 22-martiga qadar amalga oshirilayotgan mahalliy aviaqatnovlarning ekonom va biznes klass tariflariga 21% chegirma eʼlon qiladi.

Chegirma shartlariga koʻra, bayram chegirmasini boshqa turdagi chegirmalar bilan birlashtirish taqiqlanadi. 2 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun chegirma amal qilmaydi. 2 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun esa 25% bolalar chegirmasiga qoʻshimcha ravishda 21% chegirma taqdim etiladi.

Shuningdek, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 2023-yil 26-martdan joriy yilning 28-oktyabriga qadar amal qiladigan bahor-yoz parvozlar jadvaliga oʻtmoqda. Yozgi navigatsiya davrida aviakompaniya mashhur sayyohlik yoʻnalishlariga parvozlar sonini koʻpaytiradi, shuningdek, yoʻnalishlar tarmogʻini kengaytiradi. Ushbu mavsum davrida 70 dan ortiq yoʻnalish boʻyicha muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Toshkentdan Urganch va Nukusga parvozlar kuniga 2-marta, Buxoroga esa 1-marta amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston poytaxtidan Qarshiga haftada 2-marta, Termiz va Samarqandga 6-marta, Fargʻona vodiysi boʻylab: Namanganga – 2, Fargʻonaga – 3 va Andijonga ham ikki martadan aviaqatnovlar bajariladi.

Aviachiptalarni aviakompaniyaning rasmiy www.uzairways.com sayti, shuningdek, “UzAirways” mobil ilovasi, Uzbekistan Airways Sales orqali yoki aviakompaniya agentlaridan xarid qilishingiz mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?