Uzbekistan Airways bort kuzatuvchilarining yangi libosini taqdim etdi

17:12 28 Yanvar 2026 Jamiyat
107 0

28-yanvar kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi oʻzining 34 yillik faoliyati munosabati bilan bort kuzatuvchilar uchun yangilangan xizmat libosini rasman taqdim etdi. Yangi forma aviakompaniya brendini mustahkamlash hamda xalqaro servis standartlariga moslashish strategiyasi doirasida ishlab chiqilgan. Maʼlumot uchun, bort kuzatuvchilari libosi soʻnggi marta 2020-yilda yangilangan edi.

Yangilangan toʻplam dizayn, rang uygʻunligi va funksional jihatdan kengaytirilgan boʻlib, unda bort kuzatuvchilarining lavozimini vizual tarzda farqlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Formaning asosiy rangi toʻq koʻk boʻlib, brigadirlar uchun moʻljallangan jaket va bosh kiyimlar bordo (toʻq qizil) rangda ishlangan. Bu esa yoʻlovchilarga havo kemasi bortida ekipaj yetakchisini oson va tez ajratib olish imkonini beradi.

Forma dizaynida milliy anʼanalarga murojaat qilingan boʻlib, islimiy naqshlar nozik va zamonaviy uslubda qoʻllangan. Ushbu naqshlar taraqqiyot, uygʻunlik hamda madaniy qadriyatlar vorisligini ramziy tarzda ifoda etadi.

Shuningdek, yangi toʻplamga ilk bor trikotaj matosidan tayyorlangan kardigan kiritildi. Ustki kiyim sifatida esa palto va issiq plashlar taqdim etildi, bu esa turli iqlim sharoitida xizmat qilayotgan ekipaj aʼzolari uchun qulaylik yaratadi.

Bort kuzatuvchilari uchun liboslar dizayni “Narimteks” kompaniyasi (Molto Caldo brendi) tomonidan ishlab chiqilgan. Mazkur kompaniya avval ham Uzbekistan Airways bilan xizmat liboslarini yaratish borasida hamkorlik qilgan. Erkak xodimlar uchun forma esa “Fahir tekstil” savdo kompaniyasi (Bugaso brendi) tomonidan tayyorlangan.

Aviakompaniya koʻlami, uchuvchilar va bort kuzatuvchilari sonining koʻpligi hamda aviaqatnovlar jadvalining zichligi inobatga olingan holda, yangi forma parvoz jarayonlariga xalal bermasdan, bosqichma-bosqich joriy etilishi taʼkidlandi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?