Uyali telefon bola uchun oʻyinchoq emas
Oʻtgan oʻquv yilida Buxoro viloyatidagi qirqta bilim dargohida tajriba – sinov tariqasida “Telefonsiz maktab” loyihasi joriy etilgandi. Viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tahliliga qaraganda, bu tajriba oʻzini oqlagan.
– Loyiha tatbiq etilgan maktablarda oʻquvchilarning dars mashgʻulotlariga boʻlgan eʼtibori kuchaydi, oʻzlashtirish darajasi oshdi, – deydi boshqarma masʼul xodimi I.Oripova. – Ularning intizomi ham mustahkamlangani kuzatildi. Ana shuni inobatga olgan holda joriy yildan boshlab viloyatdagi barcha umumtaʼlim maktablarida mazkur loyiha toʻliq joriy qilindi.
Loyihaning amaliy jihati oddiy: Oʻquvchi maktabga kirayotib qoʻl telefonini topshiradi. U maxsus tashkil etilgan shkafda saqlanadi. Darsdan keyin esa qaytarib beriladi. Shubhasiz, bu tartib dars chogʻida oʻquvchilarning fikri chalgʻishi ehtimolini yoʻqqa chiqaradi. Ular diqqatini u yoki bu fanni chuqurroq oʻzlashtirishga qaratadi. Qimmatli vaqtdan oqilona foydalanishga undaydi. Zero, oʻquvchilik yillari ham soʻnggi qoʻngʻiroq umri kabi qisqadir. U davrdan samarali foydalanmagan, chuqur bilim olmagan, oqibatda hayotdan oʻz oʻrnini topolmay afsus-nadomat chekkan, armonda qolganlar oz deysizmi?!
– Maktablarda “Telefonsiz maktab” loyihasining joriy etilgani ayni muddao, – deydi Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Qursiya Joʻrayeva. – Uzoq yillar davomida mahalla fuqarolar yigʻinida ishlab, koʻplab oilaviy mojarolarga duch kelganman. Uyali telefonni qoʻlidan qoʻymagan ayrim yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi milliy qadriyatlarimiz, maʼnaviyatimizga yot tasviru maʼlumotlar girdobiga tushib, ota-onalari boshiga koʻp tashvish keltirganiga shohidman.
Gʻijduvonlik Manzura opa ismli ayol ham shunday tashvishli damlarni boshdan kechirganlardan.
– Oʻgʻlimni yigirma yoshga kirar-kirmas uylantirdik, – deydi u biz bilan suhbatda. – Toʻydan uch-toʻrt oy oʻtgach tirikchilik vajidan olis yurtga ishlagani ketdi. Kelinim biz bilan qoldi. Uy-roʻzgʻor yumushlaridan keyin nuqul telefonga yopishadi. Avvaliga “Zerikkandir-da”, deb eʼtibor bermadim. Bir gal “Telefonda har kuni yarim soatlab kim bilan gaplashasiz?” deya soʻragandim, “Oʻgʻlingiz bilan”, deb javob berdi. Buni qarangki, shu kuni oʻgʻlim menga qoʻngʻiroq qilib qoldi. Gap orasida kelinning qoʻngʻiroq qilgan – qilmaganini soʻradim. “Toʻrt – besh kuncha avval gaplashgandik ”, degan javobni eshitib, ustimdan sovuq suv quyilgandek boʻldi. Kelinning uyali telefoni nomimda edi. Shundan foydalanib, tegishli tartib-qoidaga amal qilgan holda undagi yozuvlarni oʻqidim. Benomus kelinim ijtimoiy tarmoq orqali yetti yot begona erkak bilan tanishib olgan ekan...
Bu voqeadan keyin oʻsha oila tinch – totuv yashab ketdi, deya hech kim kafolat berolmaydi, albatta. Qolaversa, bu ijtimoiy tarmoqlar toʻriga bolalikdan ipsiz bogʻlanmoqning asorati emasmikan, degan oʻyga ham borasan, kishi.
– Joʻyali ishlatilganida nafi koʻp, huda-behuda foydalanilganda esa ziyoni bisyor uyali telefonni ayrim yosh onalar bolasining qoʻliga berib qoʻymoqda, – deydi yana bir suhbatdoshimiz, tajribali pedagog Shuhratjon Gʻaniyev. – Ularning nazarida, telefon ovunchoq vazifasini oʻtarmish. Ajabo, salomatlik uchun ziyoni koʻp boʻlgan uyali aloqa vositasi qanday qilib yosh bolaning oʻyinchogʻiga aylansin! Binobarin, “Telefonsiz maktab” loyihasini ota-onalar ham qoʻllab-quvvatlashsa, farzandlarimizni uyali telefonga qaramlikdan asrab qolgan boʻlardik.
Uyali telefon bola uchun oʻyinchoq emas. Buxoro shahar tibbiyot birlashmasi vrachi Baxtigul Ahmedovaning taʼkidlashicha, yosh bolaning qoʻliga telefonni berib qoʻyish koni zarar. Uning xususan, oʻsayotgan, rivojlanishda boʻlgan yosh organizm uchun ziyoni katta. Bolaning bosh suyagi kattalarnikiga qaraganda nozik. Shu boisdan ham u elektromagnit nurlanishga taʼsirchan sanaladi. Uyali aloqa vositalari bolaning immuniteti va asab tizimiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Telefondan tez-tez foydalanayotgan bola ota-ona va yaqinlarining gapiga quloq solmaydi. Bugina emas, Rossiya Federatsiyasi Krasnoufimsk okrugi sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislari oʻtkazgan tadqiqotlar uyali telefonni uzoq muddat qoʻlidan qoʻymagan yosh bolalarda xotira, koʻrish va eshitish qobiliyati yomonlashishi ehtimoli kattaligini koʻrsatdi. Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.
Shunday ekan, farzandlarimizni oilada, koʻcha-koʻyda uyali telefondan oʻrinli foydalanishga odatlantiraylik. Ularni ijtimoiy tarmoqlarda urchib yotgan yot gʻoyalaru milliyligimizga butkul begona unsurlardan asraylik. Toki, hali oqu qorani tanimagan oʻgʻil-qizlarimiz telefonga qaram boʻlib qolishmasin!
Istam IBROHIMOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring