“Ustabuzarmonlar ishi”: tovlamachilik qilib fuqarolardan pul olib kelgan jinoiy guruh ushlandi

15:33 09 Iyul 2025 Jamiyat
200 0

Uchtepa tumanida joylashgan “Avtomobil ehtiyot qismlari” bozorida tovlamachilik qilib kelgan “ustabuzarmonlar” qoʻlga olindi. Bu haqda DXX xabar qildi.

Qayd etilishicha, tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida Uchtepa tumanining Farhod koʻchasida joylashgan “Avtomobil ehtiyot qismlari” bozorida 12 nafar shaxsdan tashkil topgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

Maʼlum boʻlishicha, jinoiy guruh aʼzolari mijozning avtotransport vositasiga uning ruxsatisiz va oldindan kelishmagan holda turli jihozlar oʻrnatib, texnik xizmat koʻrsatishgan. Shundan soʻng, ushbu xizmat bozor narxida 600 AQSH dollari boʻlishiga qaramasdan, fuqarodan 13300 AQSH dollarini tovlamachilik yoʻli bilan undirishgan. Ular eʼtiroz bildirib, oʻz haqqini talab qilgan mijozga qoʻrqitish yoʻli bilan tahdid qilishadi.

Yana shunga oʻxshash holatda esa jinoiy guruh aʼzolari boshqa bir fuqaroning avtomashinasiga uning roziligisiz turli ehtiyot qismlarni oʻrnatib, undan 3 barobar qimmat narxda pul talab qilishadi. Aniqlanishicha, ular avtomashina kalitini fuqarodan olib qoʻyib, tazyiq oʻtkazish orqali undan 15 million soʻm undirishgan.

Bundan tashqari, qonunbuzarlar yana 2 nafar fuqaroning avtomashinasini qoʻshimcha ehtiyot qismlar bilan jihozlash uchun ulardan jami 70 million soʻm miqdorida pul olib, vaʼda qilingan ishni bajarishmagan.

Taʼkidlash joizki, jinoiy guruh aʼzolarining koʻpchiligi 1988 — 2002-yillar oraligʻida Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tugʻilgan boʻlib, ularning aksariyati muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165 — (tovlamachilik) va 168 — (firibgarlik) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Avvalroq Qashqadaryoda soxta profilaktika inspektori qoʻlga tushgani haqida xabar qilgandik. Ushbu holatda Qarshi shahrida yashovchi shaxs oʻzini hududiy profilaktika inspektori deb tanishtirib, fuqaroga uning ustidan ariza tushganligi hamda qoʻlida turli foto va videotasvirlar borligini aytib uni boʻlimga chaqirgan va pul talab qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер