“Urush harakati” — Polshada tunda bir nechta dron urib tushirildi. AQSH hujumda Rossiyani aybladi

Foto: Reuters
“Polsha havo hududini bir necha marta buzish bilan bogʻliq operatsiya davom etmoqda. Qoʻshinlar obyektga qarshi qurol ishlatgan. Men prezident va mudofaa vaziri bilan doimiy aloqadaman”, — dedi mamlakat bosh vaziri Donald Tusk.
Oʻz navbatida, respublika milliy mudofaa vaziri oʻrinbosari Sezari Tomchik Polshada chegarani buzgan obyektlarni zararsizlantirish boʻyicha operatsiya davom etayotganini yozdi. Shuningdek, mamlakat Bosh shtabi bu “fuqarolar xavfsizligiga real tahdid yaratgan tajovuzkorlik harakati” ekanligini qoʻshimcha qildi.
AQSH Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qoʻmitasi aʼzosi, respublikachi kongressmen Jo Uilson Rossiyani Polshaga uchuvchisiz samolyotlar yordamida hujum qilishda aybladi. U buni “urush harakati” deb atadi.
“Bu urush harakati va biz NATO ittifoqchilariga ushbu davom etayotgan, asossiz tajovuzga tezkor javob bergani uchun minnatdormiz“, deb yozdi u. Uilson, shuningdek, AQSH prezidenti Donald Trampni Rossiya harbiy sanoatiga qarshi majburiy sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.
Polsha hukumatning favqulodda yigʻilishini chaqirdi
Donald Tusk bugun ertalab mamlakat havo hududini buzish ayblovlari munosabati bilan hukumatning favqulodda yigʻilishini chaqirdi.
Polsha qoʻmondonligiga koʻra, mamlakat havo hududiga kirgan dronlarning bir qismi yoʻq qilingan. Shuningdek, Ukrainada havo hujumi haqida ogohlantirish eʼlon qilingan tunda uchuvchisiz samolyotlar sifatida aniqlangan obyektlar Polsha havo hududini buzganligi daʼvo qilingan. Mahalliy politsiya maʼlumotlariga koʻra, zararlangan dron allaqachon Lyublin okrugidagi Chosnovka qishlogʻida topilgan.
Polsha ikkita aeroportini yopdi
Polsha janubi-sharqidagi Rzeshov-Yasionka xalqaro aeroporti havo hududi buzilgani sababli yopildi.
Aeroport maʼmuriyati vaqtincha yopilishini “rejadan tashqari harbiy harakatlar” bilan izohladi. Keyinchalik, cheklovlar Lublin aeroportiga ham joriy etildi.
Tunda harbiy samolyotlar ishga tushirildi
Shu yilning 9-sentyabrdan 10-sentyabrga oʻtar kechasi, shuningdek, Rossiya qoʻshinlarining Ukrainadagi faolligi fonida Polsha va ittifoqchi kuchlarning harbiy samolyotlari uchirilgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, havo hujumidan mudofaa va radar razvedkasining quruqlikdagi kuchlari eng yuqori shay holatga keltirildi. Boshqarma maʼlumotlariga koʻra, tadbirlar profilaktika xarakteriga ega boʻlib, havo hududi xavfsizligi va fuqarolar himoyasini taʼminlashga qaratilgan.
Avvalroq, 7-sentyabrga oʻtar kechasi Polsha harbiy-havo kuchlari ham Rossiyaning Ukrainadagi faolligi fonida oʻz samolyotlarini shay holatga keltirgan edi.
Maʼlum qilinishicha, Polsha havo hududi xavfsizligini taʼminlash uchun Qurolli kuchlarning tezkor qoʻmondoni barcha zarur tartib-qoidalarni faollashtirgan.
Eskalatsiyaning navbatdagi bosqichi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Rossiyani Polsha havo hududini buzganlikda ayblab, buni eskalatsiyaning yangi darajasi deb atadi.
Unga koʻra, “kamida sakkizta hujumchi dron” Polshaga qaratilgan. Bu “Yevropa uchun oʻta xavfli pretsedent”, deb hisoblaydi Zelenskiy. U obyektlar “NATO havo hududida” ishlagan paytdagi vaziyatni “eskalatsiyaning navbatdagi bosqichi” deb atadi.
Zelenskiy, shuningdek, Rossiya “oqibatini his qilishi” kerakligini aytdi.
“Sanksiyalardagi tanaffus juda uzoq davom etdi. Rossiya va uning sheriklariga qarshi cheklovlar joriy etishni kechiktirish zarbalarning shafqatsizligini yanada kuchaytiradi”, — deydi Ukraina yetakchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring