Urgutda yangi bolalar oromgohi ochildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Urgut tumanining Omonqoʻton mahallasi hududida joylashgan sobiq “Doʻstlik” bolalar oromgohi bugun yangicha qiyofada namoyon boʻldi.
Gap shundaki, “Zamin travel” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nol qiymatda investitsiya kiritish majburiyati bilan berilgan oromgoh oʻrnida bugun zamon talablariga mos bolalar sogʻlomlashtirish maskani tashkil etildi.
“Dostlik Mountain resort” deb nomlangan mazkur xususiy bolalar sogʻlomlashtirish oromgohining qurilish ishlari yakunlanib, yangi obyekt foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida viloyat hokimi oʻrinbosari Rustam Qobilov hamda viloyat va tuman jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Loyihaning umumiy qiymati 23 milliard soʻm boʻlib, birinchi bosqichda sobiq “Doʻstlik” oromgohi oʻrnida 160 oʻringa ega zamonaviy bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi ishga tushirildi.
4,8 gektar maydonda barpo etilgan sogʻlomlashtirish oromgohida mavsum davomida 320 nafar bolaning dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Asosiy binodan tashqari 200 oʻrinli oshxona, mini-futbol, voleybol, basketbol maydonlari, basseyn, har bir guruh uchun suhbat maydonchalari, amfiteatr mavjud.
Birinchi bosqichda belgilangan rejalarning toʻliq amalga oshirilishi natijasida 30 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Kelgusida bolalarning mazmunli hordiq chiqarishlari uchun togʻ turizmi boʻyicha hududdagi oʻrmon xoʻjaligi boʻylab sayohat yoʻlaklari tashkil qilinadi. “Zamin travel” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaning ikkinchi bosqichida 2024-yil boshiga qadar hududda 100 oʻrinli mehmonxona quriladi.
viloyatda 2023-yilda turizm sohasida umumiy qiymati 5,9 trillion soʻmlik 180 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ulardan 55 tasi joylashtirish vositalari, 41 tasi dam olish va koʻngilochar maskanlar, 45 tasi umumiy ovqatlanish va 39 tasi boshqa turizm obyektlaridir.
Yangi loyihalarni amalga oshirilishi hisobiga joriy yilda viloyatda 5500 ta yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring