Universitet oʻqituvchisining imiji: taʼlimga demokratik yondashuvlar
“Maʼlum bir davrlar boʻldiki, oʻqituvchi qoliplangan va oʻzgarmas standartlar asosida 10-20 yillab ishladi, ammo “upgrade” uchun deyarli hech qanday talab boʻlmadi. Yaʼni oʻqituvchidan zamonaviylashish, bilimlarni yangilashni emas, qoliplangan mahsulot talab qilindi. Oqibatda “oʻtmas” oʻqituvchi, populist rahbar va ularning mahsuloti sifatida “sayroqi”, lekin bilimsiz kadrlar yetishtirildi».
Chirchiq davlat pedagogika universiteti “Yangi Oʻzbekiston”ning ilk universitetlaridan. Bu universitet qisqa muddat ichida yetakchi oliygohga aylandi. Ayni vaqtda universitetda 22 mingdan ziyod talabalar tahsil oladi. Aksariyati talaba-qizlar. Talaba-qizlarning tashqi qiyofasi va shaxsiy xususiyatlari universitet maqomi va imijiga taʼsir koʻrsatadi desam mubolagʻa boʻlmaydi. Qolaversa bu qizlar universitetni bitirib, ertaga milliy yoki xalqaro darajada pedagog kadr sifatida mehnat faoliyatlarini davom ettiradi.
Chirchiq universiteti oʻziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi brend va imij konsepsiyasini shakllantirishga katta eʼtibor qaratgan. Universitet imiji professor-oʻqituvchilar va boʻlajak pedagoglar imiji bilan chambarchas bogʻliq.
Pedagog imijini shakllantirish jarayonida uning haqiqiy sifatlari atrofdagilar unga nisbatan yuklaydigan xususiyatlar bilan chambarchas uygʻunlashib ketadi. Boshqacha aytganda, pedagog imiji koʻplab tarkibiy qismlardan tashkil topgan: taassurot, bilimlar chuqurligi, moslashuvchanlik, ishtiyoq va samimiylik.
Pedagoglarning atrofdagilarga taʼsir koʻrsatishdagi asosiy omillardan biri — notiqlik sanʼati hisoblanadi. Har bir oʻqituvchi notiq boʻlishi shart emas, lekin barcha ommaviy chiqish qoidalarini bilishi va ularga amal qilishi lozim.
Maʼruza paytida mimika va ishoralarga eʼtibor qaratish, asosiy soʻz va fikrlarni (tezislarni) ovoz bilan alohida taʼkidlash, nutqning intonatsiyasini boshqarish, uning balandligi va pastligini aralashtirib, zarur aksentlar yaratish, nutq tezligini oʻzgartirish orqali uni ifodalilik bilan boyitish lozim.
Shu bilan birga, ishbilarmonlik muloqoti usullarini oʻzlashtirish ham katta muvaffaqiyatga erishishga yordam beradi. Bu skillar quyidagilarni oʻz ichiga oladi: ijobiy psixologik muhit yaratish qobiliyati; oʻz shaxsiy obrazingiz haqida yaxshi taassurot qoldirish; vaziyatga mos ravishda toʻgʻri xulq-atvor yoʻnalishini tanlay bilish.
Bu koʻnikmalar nafaqat imijni shakllantiradi, balki pedagogik faoliyat samaradorligini ham oshiradi.
Mutaxassislar oʻqituvchi shaxsiy imijini shakllantirishda bir nechta asosiy bosqichlarni ajratib koʻrsatadilar va ularni shaxsning maqsadi va xarakteriga qarab individual tarzda qoʻllashni bilishadi.
Pedagog jamoatchilik oldida qanday fazilatlarini namoyon etmoqchi ekaningizni belgilab olishi zarur. Bu nafaqat bilimdonlik va kasbiy malaka, balki ijtimoiy jihatdan maʼqullanadigan sifatlar — mehribonlik, hamdardlik, tashabbuskorlik kabi fazilatlar ham boʻlishi mumkin.
Olimlar oʻtkazgan tadqiqot davomida talabalar tasavvuridagi ideal oʻqituvchi obrazida pedagogik fazilatlar ustuvor hisoblanadi. Bular qatoriga — kompetentlik, kommunikativlik, emotsional-irodaviy barqarorlik va nutq madaniyati kiradi.
Oʻqituvchi imijining kommunikativ tomoni alohida ahamiyatga ega, chunki aynan muloqot jarayonida oʻqituvchi shaxsining intellektual va qadriyatga oid xususiyatlari toʻliq namoyon boʻladi. Talabalarning fikriga koʻra, oʻqituvchi shaxsining asosiy maʼnaviy belgisi — bu insonparvarlik gʻoyasini haqiqiy qabul qilish, yaʼni odamlarning huquqlariga, shaxsiy qarashlariga, hayot tarziga hurmat bilan munosabatda boʻlishdir.
Boʻlajak pedagoglar shaxsiy imijini shakllantirishi juda muhimdir. Chunki oʻquvchilarning fikr va stereotiplari ijtimoiy taʼsir (diffuziya) orqali oʻqituvchilar jamoasiga ham kirib boradi va u yerda mustahkamlanib qoladi. Shu sabab, imij ustidan ishlashda nafaqat shaxsiy qarash, balki atrofdagilarning qabul qilish tarzi ham hisobga olinishi kerak.
Chirchiq davlat pedagogika universiteti talaba-qizlari kabi boʻlajak pedagog-qizlarimga imijingiz ustida ishlashdan erinmang, degan boʻlardim.
Zulfiya Jumaniyazova,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti oʻqituvchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Men prezidentman. Men halol odamman. Men aybsizman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring