Ulugʻbek Lapasov Oʻzbekistonning ilk Kubadagi favqulodda va muxtor elchisi boʻldi
Foto: Dunyo AA
Oʻzbekistonning Kubadagi favqulodda va muxtor elchisi Ulugʻbek Lapasov Kuba Prezidenti Migel Mario Dias-Kanel Bermudesga ishonch yorliqlarini topshirdi. Shu tariqa, diplomat mustaqillik davridagi Oʻzbekistonning ilk Kubadagi favqulodda va muxtor elchisi unvoniga sazovor boʻldi. Bu haqda “Dunyo AA” xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, tantanali marosimdan soʻng oʻtkazilgan suhbat chogʻida Kuba rahbari Oʻzbekiston bilan doʻstlik va oʻzaro hurmat asosidagi munosabatlarga alohida ahamiyat qaratishini taʼkidladi. Shuningdek, Kuba hukumati Toshkent bilan siyosiy muloqotni faollashtirish va hamkorlikni yanada mustahkamlashga qiziqish bildirgani qayd etildi.
Migel Bermudes ikki davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek, sogʻliqni saqlash va turizm yoʻnalishlarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun katta salohiyat mavjudligini taʼkidladi. Kuba Prezidenti Oʻzbekiston Prezidentiga oʻzining eng yaxshi tilaklarini yetkazishni soʻradi. Uchrashuv munosabati bilan hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Ulugʻbek Lapasov Gavanada boʻlgan vaqt davomida Kubaning milliy qahramoni Xose Marti haykaliga gul qoʻyish marosimida ishtirok etdi. Shuningdek, u Kubaning tashqi ishlar vazirligi, parlamenti va sogʻliqni saqlash vazirligi rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. “BioKubaFarma” biotexnologiya va farmatsevtika kompaniyalari guruhi bilan ham muzokaralar tashkil etildi.
Oʻzbekiston va Kuba oʻrtasida diplomatik munosabatlar 2006-yilning 13-martida oʻrnatilgan. Ulugʻbek Lapasov 18-yil ichida Kubaga tayinlangan birinchi elchi hisoblanadi. U 2023-yil 3-avgust kuni Oʻzbekistonning Nyu-Yorkdagi BMTdagi doimiy vakili lavozimiga ham tayinlangan edi.
42 yoshli Ulugʻbek Lapasov Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda xorijiy oʻquv dasturlarini tamomlagan. TIV tizimida stajyor sifatida ish boshlab, markaziy apparat va xorijdagi elchixonalarda faoliyat yuritgan. U fransuz, ingliz va rus tillarini mukammal biladi.
Qayd etish kerakki, mamlakatlar bir-birining hududida diplomatik vakolatxonalarga ega emas. Fevral oyidan buyon Kubaning Ozarbayjondagi elchisi Karlos Valdes de la Konsepsion Kubaning Oʻzbekistondagi elchisi vazifasini bajarib kelmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring