Ukrainaliklar Alyaskadagi sammitdan nima uchun umidsiz?

17:30 12 Avgust 2025 Dunyo
214 0

Koʻpchilik ukrainaliklar va ekspertlar fikricha, Vladimir Putin Ukraina sharqidagi hududiy yutuqlarini kengaytirib, Donald Trampni aldashga harakat qiladi.

Kontuziyadan tuzalgan tajribali ukrainalik harbiy xizmatchi Taras AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻrtasida 15-avgust kuni oʻtadigan sammitdan moʻjiza kutayotgani yoʻq.

— Bir hafta ichida tinchlik bitimi tuzilmaydi. Putin Trampni Ukraina tinchlikni istamaydi, deb ishontirishga harakat qiladi, — dedi 32 yoshli Taras Al Jazeera telekanaliga.

Taras uch yildan ortiq frontda boʻlgan, yaqinda esa portlovchi moddalar ortilgan rus dronini urib tushirgan. Uning aytishicha, Putin iqtisodiy sanksiyalardan qutulish uchun Trampni aldab, sharqda katta harbiy natija qoʻlga kiritishni rejalashtirmoqda.

Tramp maʼmuriyati Alyaska sammitini oʻt ochishni toʻxtatishga qaratilgan katta qadam sifatida koʻrsa, ukrainaliklar — ham harbiylar, ham tinch aholi — bu uchrashuvdan ijobiy natija kutayotgani yoʻq.

Bu pessimizmning sababi — frontdagi vaziyat. Rossiya Donesk janubi-sharqida hujumlarini kuchaytirar ekan, oxirgi uch oyda 1500 km² maydonni egalladi. 2022-yildagi keng miqyosli bosqin boshlanganda Moskva Ukraina hududining qariyb 27 foizini nazorat qilgan, ammo Kiyevning qarshi hujumlari ortidan bu koʻrsatkich sezilarli qisqargan. Shundan beri Ukraina faqat 1 foizdan kamroq hududini qaytarib olgan.

Ayni paytda, AQSH va Rossiya oʻrtasidagi muzokaralar haqida tarqalgan maʼlumotlar ham Kiyevda shubha uygʻotgan. Xabarlarga koʻra, Tramp Moskvaga Donesk va Luganskni toʻliq nazorat qilish evaziga oʻt ochishni toʻxtatish va boshqa frontlarda vaziyatni muzlatishni taklif qilishi mumkin.

AQSHning Urushni oʻrganish instituti ogohlantirishicha, Doneskdan voz kechish Rossiya qoʻshinlariga frontdagi keyingi harakatlar uchun qulay sharoit yaratadi.

Prezident Vladimir Zelenskiy esa Ukraina oʻz yerlarini “hadya qilmasligini” va Gʻarbdan qatʼiy xavfsizlik kafolatlari talab qilinishini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, haqiqiy va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun hozirning oʻzida otashkesim zarur.

Shu bilan birga, ukrainaliklardagi ishonchsizlikning yana bir sababi — Trampning oʻziga boʻlgan shubhalar. Zelenskiy Alyaskada uch tomonlama uchrashuvga taklif qilinadimi yoki AQSH Kiyevsiz Ukraina taqdirini muhokama qiladimi — bu nomaʼlum.

Germaniyalik tahlilchi Nikolay Mitroxinning fikricha, Putin uchun asosiy maqsad — Tramp bilan teng huquqli suhbat oʻtkazish. Ehtimol, sammit havodan otashkesim haqidagi kelishuv bilan tugashi va Rossiyaga Doneskni egallash uchun uch oy vaqt berilishi mumkin. Bu vaqt mobaynida Moskva minglab dron va yuzlab raketalar zaxirasini toʻplashga ulguradi.

— Keyin Putin, albatta, Trampni aldaydi va urush yana davom etadi, — deya qoʻshimcha qildi Mitroxin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер