Uy-joyda tintuv oʻtkazish qonunga muvofiq va sudning qarori asosida amalga oshiriladi

11:40 09 Aprel 2023 Siyosat
974 0

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oʻrol Oʻrozboyev Jizzax shahrida saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazmoqda. Deputat mazkur jarayonda yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmuni va ahamiyatini aholiga tushuntirish ishlariga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Mana shunday muloqotlarning biri Jizzax shahridagi musiqa va sanʼat maktabida boʻlib oʻtdi. Mahalla faollari, fuqarolar, yoshlar, pedagoglar ishtirok etgan uchrashuvda Oʻ.Oʻrozboyev yangilanayotgan Konstitutsiya haqida keng maʼlumotlar berdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyoti, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat sifatida Oʻzbekiston “suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat” ekanligi hamda ushbu prinsipial qoidalarni oʻzgartirish mumkin emasligi alohida belgilanmoqda.

Shuningdek, har kimning yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi. Konstitutsiyamizda ilk marotaba inklyuziv taʼlim uchun sharoit yaratishga oid alohida normaning belgilanishi alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun taʼlim va tarbiya ularning jismoniy va aqliy rivojlanishini hisobga olgan holda tashkil etilishi, taʼlim olish jarayonida ularni biror-bir shaklda kamsitishga yoʻl qoʻyilmasligi, barcha bolalarning tengligi taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Uchrashuvda ishtirokchilar Konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyati, referendum jarayonlari haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldilar.

Deputatning hududdagi uchrashuvlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?