Uchkoʻprik mevalari eksport qilinmoqda

12:30 20 Noyabr 2024 Jamiyat
146 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Qoʻqon shahridagi “Europrint” MCHJ korxonasida 400 ta ish oʻrni yaratilgan. Uning tasarrufida faoliyat koʻrsatuvchi Uchkoʻprik tumanidagi mevani tabiiy usulda quritish va qadoqlash korxonasi Xitoy texnologiyasi asosida jihozlangan.

Ayni paytda 100 ta ish oʻrniga ega korxonada 10 turdan ortiq sarxil mevalarimiz tabiiy usulda quritilib, eksport qilinmoqda. Shu maqsadda korxona tomonidan tuman hududida olma, gilos, uzum kabi intensiv bogʻlar barpo etilgan. Hozirda tabiiy darmondorilarga boy ushbu mahsulotlar Rossiya, Qozogʻiston, Tojikistonda, umuman olganda, MDH davlatlarida xaridorgir boʻlib ulgurgan. Bugungi kunda 30 tonna olma, xurmo, limon mevasi zamonaviy mezonlar asosida qadoqlanib, korxona yorligʻi ostida eksportga chiqarishga tayyorlab qoʻyildi.

Eksport koʻlamini kengaytirish borasida olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida shu kunlarda korxona brendi ostida qadoqlangan ilk mahsulotlar Xitoy, Yaponiyadagi savdo hamkorlariga joʻnatildi. Taklif asosida Yevropadagi yirik savdo tarmoqlariga ham yetkazib berildi.

Bu yerda ichki bozor ehtiyoji uchun shifobaxsh choylar ham qadoqlanib, buyurtma asosida mamlakatimiz boʻylab yetkazib berilmoqda. Jahon bozori talabi va ehtiyojidan kelib chiqib, yaqin istiqbolda shifobaxsh choylar hamda dorivor giyohlar ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish rejalashtirilgan.

— Bu yerda zamonaviy laboratoriya ham tashkil etilgan boʻlib, muntazam ravishda yangi taʼmlar yaratamiz, — deydi korxona texnologi Sadoqat Irgasheva. — Oʻtgan davr mobaynida korxona brendi ostida ishlab chiqariluvchi koʻplab mahsulotlarimizga xalqaro sifat sertifikatlari taqdim etildi.

Fargʻona viloyati Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasining Uchkoʻprik tumani boʻlimi inspektorlari eksport sohasida joriy etilayotgan xalqaro talab va andozalar, qonunchilikdagi yangiliklar boʻyicha bizga amaliy koʻmak berib kelmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер