Uch kun haqiqiy “doʻzax” boʻldi... — shifokor ayol koronavirusga qarshi kurash, pandemiya dahshatlari haqida

00:36 13 Mart 2021 Jamiyat
2912 0

Oʻtgan 2020-yil nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo uchun oʻta ogʻir, sinovli yil boʻldi — butun insoniyat koronavirusga qarshi birgalikda kurashdi. Kasallik yosh, jins, irq, millat tanlamadi, kimdir yaqinidan, kimdir doʻstidan ayrildi. Biz pandemiya, yoʻqotishlar, iztiroblar oʻrab olgan bir muhitda yashadik.

Roppa-rosa bir yil muqaddam — 2020-yilning 15-mart kuni Respublika Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti laboratoriyasida Oʻzbekistonda koronavirus bilan zararlangan ilk bemor aniqlangan edi. U ayol kishi boʻlib, Fransiyaga borib kelgan Oʻzbekiston fuqarosi edi. Qarangki, bemorda virus borligi aniqlangach, unga COVID-19 yuqqanini aytishi lozim boʻlgan institut klinikasi bosh shifokori ham ayol kishi.

“Xalq soʻzi” muxbiri yurtimizda koronavirus ilk marta qayd etilgandan boshlab oylar davomida bemorlar dardiga malham boʻlgan ayol — Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova bilan suhbatlashib, pandemiya, yoʻqotishlar, shifokorlik burchi haqidagi fiklarini yozib oldi.

“U kunni eslash ham ogʻir...”

—Oʻzbekistonda ilk bemor aniqlanganiga ham sanoqli kunlardan soʻng bir yil boʻladi, — deydi Muhayyo Asilova. — Oʻtgan vaqt davomida biz murakkab holatlarni boshdan oʻtkazdik. Oʻsha kunni eslash ham men uchun ogʻir.

Kasallik kirib kelgan vaqti eng qoʻrqinchli holat — virus yangi, oʻrganilmagan edi. Biroq shifokorlik burchi bor, har qanday vaziyatda ham bemorni davolash kerak.

15-mart kuni soat uchda menga qoʻngʻiroq qilishdi, fuqarolardan birida COVID-19 aniqlandi, deb. Shundan soʻng ertalab soat oltigacha uxlolmadim, endi nima boʻladi, nima qilamiz, degan savollar tinchlik bermagan.

Ertalab oltida klinikaga kelganimda, ilk bemorimiz oila aʼzolari bilan maxsus ajratilgan xonalarga yotqizilgan ekan. U ayol hali oʻzida virus aniqlanganidan bexabar, buni unga men aytishim kerak, xodimlarda ham vahima, sarosimalik. Chunki oʻsha payt dunyo boʻyicha oʻlimlar soni kundan kun oshayotgan, bir-biridan qoʻrqinchli xabarlar tarqalayotgan edi. Maxsus himoya kiyimlarimni kiydim, bemor yoniga kirdim, uning holatini oʻrgandik.

Bemorni koʻrib chiqqach, xonamga kelib oʻyladim: qanchalik katta masʼuliyat, javobgarlik bor yelkamizda, butun respublika bizga qarab turibdi, nima gap, nima soʻz, deb. Hali qoʻlimizda aniq qoʻllanma ham yoʻq. Xitoylik hamkasblarimiz ham virus bilan ikki oygina ishlagan, holbuki, bu, kasallikni oʻrganish uchun juda kam muddat hisoblanadi.

Rosti, bemorning oʻzi kelib test topshirgani, vaqtliroq harakat qilgani bizga ancha yengillik tugʻdirgan. Kasallik hali boshlangʻich bosqichda edi, klinik belgilari oltinchi-yettinchi kuni boshlandi, yaʼni isitma, nafas yetishmasligi...

“Vaziyat oʻz vaqtida jilovlandi”

Oʻsha kunning oʻzida yana boshqa bemorlarda ham virus aniqlana boshlandi, yaʼni soat 14larda Angliyadan kelgan er-xotinda virus tasdiqlandi. Keyin Turkiyadan kelgan bemorda, soʻng boshqasida, qarabsizki, bir zumda bemorlar soni 38 taga yetdi.

Oʻsha vaqtda Oʻzbekistonda toʻgʻri olib borilgan chora-tadbirlar vaziyatni oʻz vaqtida jilovlashga juda katta yordam berdi. Prezidentimiz, Hukumatimiz pandemiya sharoitida har bir fuqaroning, oilaning sihat – salomatligiga ustuvor vazifa sifatida qaradi. Mamlakatlarning imkoniyatlarini oʻta murakkab sharoit taqozosi bilan bogʻliq holda tahlil qilgan kuzatuvchilar Oʻzbekistonga oʻz fuqarolarini har qanday sharoitda himoyasiga olishga qodir davlat sifatida baho bergani bejiz emas. Kishi xastalanib qolsa, butun oila aʼzolarining halovati, tinchi yoʻqoladi. Ishida unum boʻlmaydi, ruhan iztirob chekadi. Bemorni davolash esa bilasizki, davlatimizga arzonga tushmaydi. Zero, shifokorlarning “Kasallikni davolagandan koʻra, uning oldini olgan maʼqul”, degan gapi mantiqan toʻgʻri.

Klinikamizdagi vaziyatdan kelib chiqib ochiq aytaman, agar oʻtgan yil iyul oyidagi murakkab vaziyat mart oyida boʻlganida edi, biz tayyor emasdik, bilmadim nima boʻlardi, tasavvur ham qilolmayman. Hali Zangiotadagi maxsus shifoxona qurilmagan edi, iyul oyida shu shifoxona boʻla turib vaziyat qancha qiyinlashdi. Pediateriya, travmatologiya, xullas, qancha yoʻnalishdagi shifoxonalar, boʻlimlar oʻzining yoʻnalishida ishlamasdan koronavirus bemorlarini davolashga oʻtdi.

Bu kasallik shundayki, bemor ertalab yaxshi holatda boʻlib kechga yaqin ogʻirlashib qolishi mumkin — har tomonlama oʻzgaruvchan. “Ertaga ketadi, tuzaldi” deb turgan bemorlarimiz yaqinlari bilan bogʻliq noxush holatlarni eshitib, depressiyaga tushishi, vafot etish holatlari ham boʻldi. Boshida biz kasallik asosiy joyi oʻpkada boʻladi, deb oʻylagandik, keyinchalik eng asosiysi, qon quyulishini nazoratga olishimiz kerakligini tushundik. Sakkiz yarim oy vaqt ishlagan boʻlsak, oktyabr oyidan boshlab mukammal qoʻllanma bilan ishlashni boshlagan edik...

“Birorta xodimimiz men kelolmayman, deb aytmadi”

Birinchi bemor aniqlagan kuni ertalab uydan chiqib ketayotganimda bolalarim uxlashayotgan, dam olish kuni edi. Xayolimga ham kelmaganki, shu ketguncha ishxonada 5,5 oy qolib ketaman, deb. Aprelda nabiralarimdan biri 9 yoshga kirdi, boraolmadim. Shu kuni nega ishga kelayotgan kunim toʻyib bagʻrimga bosmadim, erkalamadim, deb afsuslanganman. Ishxonamiz qattiq qoʻriqlanardi, tashqaridan hech kim kiritilmasdi, 5 metr naridan yaqinlaringizni koʻrasiz, koʻz nurim ham past, qoʻl silkiyman, aniq koʻra olmayman, faqat telefonda gaplashamiz.

Boshida tashkiliy masalada ancha qiyinchiliklar boʻldi. Bir kun ichida vazirlik bilan kerakli apparatlarni olib ketganmiz. Uch soat ichida klinikadagi 190 ta bemorni uyiga joʻnatganmiz, chunki shifoxonani boʻshatish kerak edi.

Yuqorida aytdim, oʻsha kuni dam olish kuni edi. Bilasizmi, xodimlarimiz uch soat ichida yigʻilgan, uzoq yoʻldan qatnaydiganlari ham yetib kelgan. Lekin birortasi “men kelolmayman”, degan gapni aytmadi, vaziyatni tushundi, yetib keldi, oylab uyiga ketmadi, oxirigacha birga boʻldi.

Yana bir gap. Oʻsha kunlarda shifokorlarga ustamalar toʻlash haqida hech qanday gap yoʻq edi. Davlatimiz rahbari keyinchalik koronavirusni davolashda qatnashayotgan tibbiyot xodimlariga yuqori ustamalar toʻlashga topshiriq berdi. Bunday ragʻbatlantirishlar boʻlishi xayolimizga ham kelmagan, barcha shifokorlar kasb burchi sabab ish boshlagan.

12 nafar hamshiramiz koronavirus yuqtirib oldi. Bu holat men uchun ogʻir boʻldi, endi ularning oilasiga nima deyman, deb qattiq qiynalganman. Xudoga shukrki, xodimlar orasida bitta ham oʻlim holati boʻlmadi. Ularning barchasiga ustamalar toʻlandi, albatta...

“Jarrohlik amaliyotidan bir kun oʻtib, ishga tushib ketganman

Iyul oyi biz uchun nihoyatda ogʻir boʻldi. Oʻsha vaqtda men ikki haftaga tashqariga chiqqandim, tashkiliy ishlar boʻyicha Zangiotadagi shifoxonaga jalb qilishdi. U yerda oʻn kuncha boʻldim, 7 nafar xodimimizni yordam uchun oʻsha hududga yuborgandik.

Keyinchalik esa oʻzimizda shifokor yetishmay qoldi, ahvol keskin ogʻirlashdi. Doktor yetishmaydi, kislorod nuqtalarini 8 tadan 50 tagacha, oksigenatorlarni 3 tadan 70 tagacha koʻpaytirishga toʻgʻri keldi, bizga keladigan bemorlarning asosiy qismi kislorodga muhtoj. Hozir aytishga oson, bemorlar shunaqa ogʻir ahvolda kelardiki, hatto, reanimatsiya boʻlimiga joylashga ham ulgura olmasdik...

Vaqt tigʻiz, vaziyat murakkab, ish hajmi katta. Ovqatlanish tugul suv ichishgayam vaqtni qizgʻanasiz. Hattoki, kam suv ichganimdan iyul oyida buyragimdagi tosh qoʻzgʻalib qolgan, bir kunda – juma kuni borib, shanba kuni operatsiya (roskapiya) qildirib, yakshanba yana ishga tushib ketganman.

Bu yerni tashlab keta olmasdim, ogʻir holatdagi bemorlar koʻp edi...

Boz ustiga, avgust oyida oʻpkamda ozroq pnevmoniya boʻldi, shu yerda ham davolanib ham ishlab yuraverdim, Xudo asradi.

Besh yarim oyda yuqmadi, qattiq charchoq, stresslarni boshimdan oʻtkazdim, hatto bemorlarga qoʻshilib yigʻlaydigan boʻlib qoldim. Bemorlarga uyga ketishimni aytsam, yigʻlashni boshlashardi, ular ishonib kutib oʻtirardi meni. Sentyabrda shifoxonadan chiqdim, uyga bordim, ozroq dam olaman, oilamni koʻraman, desam nabiramdan koronavirus yuqtirdim. Uyda davolandim.

Shifoxonadagi bemorlar tushlarimga ham kirardi, yigʻlayotganini koʻrardim. Ayniqsa, bir qiz bor edi, ketayotganimda qattiq yigʻlagandi. Qoling, deya olmaydi, biladi — besh yarim oydan beri tinimsiz ishlayotganimni, ketayotsam koʻz uzmaydi, yigʻlaydi — oʻsha holat koʻz oldimda muhrlanib qoldi. Ikki kundan soʻng uning vafot etganini eshitdim.

Buning qanchalik ogʻirligini bunday jarayonning ichida boʻlganlargina anglaydi...

“Sizga ishonamiz, doktor, degan soʻz kuch berdi”

Reanimatsiyada bemorlarga qarash uchun oʻzim va bitta doktor qolgan kunlarimiz boʻldi. Qiynaldik, bemorga qarayapman, kerak boʻlsa tagligini almashtiryapman, havo issiq, ulgura olmayapmiz. Kasallik birdan koʻpaygan, shifokorlar esa yetishmasdi, qoʻl etishmasdi, shifokorning qoʻli...

Men bosh shifokor sifatida jamoa uchun namuna boʻlishim ham kerak edi. Rosti ham shu, rahbar qanday ishlashni xodimlariga koʻrsatib berishi kerak.

Ayniqsa, iyul oyi ogʻir kechdi. Shu oyda oʻz qoʻlimda jon bergan bemorlar ham boʻldi. 18-iyulda ketma-ket toʻrt oʻlim boʻldi, hech bunday boʻlmagan edi. 35 yoshli bemor bor edi, “bolam oʻlmagin” deb, tiz choʻkib, dodlab yigʻlaganman, hech qachon esimdan chiqmaydi. Reanimatorlarimiz yetmay qoldi, kasal koʻpayib ketdi, uch kun shunday boʻldi, uch kun...

Albatta, keyin yordam berishdi darrov. Biroq, mana shu uch kun haqiqiy doʻzax boʻldi, shu uch kunda kechirganlarim butun umrimga yetsa kerak. Bunday kunlar boshqa hech qachon qaytmasin...

Tan olishimiz kerak: xavfli infeksiyaga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha qoʻlga kiritilgan yutuqlarga osonlikcha erishilgani yoʻq. Biz bordan yoʻq qilmadik, yoʻqdan bor qildik. Toʻgʻri, bizning sharoitimiz yangi, zoʻr emasdi, lekin odamlar shu jamoaga ishondi, bizni tanladi, “Virusologiyaning koridoriga boʻlsa ham yotaman” degan bemorlar boʻldi. Toshkent shahrida COVID-19ga qarshi 39 ta muassasa ishlagan boʻlsa, respublika boʻyicha eng kam oʻlim koʻrsatkichi bizning klinikada boʻldi.

Eng muhimi, har kim aravani oʻzi tomonga tortmadi, hissiyotlarga erk bermadi, qoʻlni-qoʻlga berdi! Va pirovardida, buni uddaladik.

Inobat AHATOVA,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер