U nogiron boʻlib qolishi mumkin edi, endi esa...

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Chagʻir mahallasida yashovchi Islombek atrofdagilarga havas qilib ishlash uchun Rossiyaga yoʻl olganida xayolan kattagina mablagʻni hamyoniga joylab boʻlgandi. Tanishlarining koʻmagi bilan Moskvadagi qurilish firmalaridan biriga joylashdi. Avvaliga hammasi koʻnglidagidek kechayotgandi. Falokat oyoq ostida deganlari chin. Yangi tiklanayotgan osmonoʻpar binoning oltinchi qavatida beton quyayotgan chogʻida oyogʻi toyib, ikki oyogʻi sindi. Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilganidan soʻng uning oyoqlari harakatdan qolgani maʼlum boʻldi. Yigirma sakkiz yoshli yigit yurtga qoʻltiqtayoqda qaytdi.
— Oʻshanda hali uylanmagandim. Ota-onamga suyanch boʻladigan paytimda toʻshakka mixlanib yotish naqadar ogʻir. Butun umr qoʻltiqtayoqda yurishdan judayam qoʻrqqandim, — deydi Islombek. – Shifokorlar umid borligini, murakkab amaliyot yordamida oyoqlarimni butlash mumkinligini aytishdi. Biroq, buning xarajatlarini kim koʻtaradi? Uyimizga mahalla idorasidan kelgan Abobakir akaga dardimni aytdim. Ertasi kuni mashina uyushtirib kasalxonaga olib borib, malakali jarrohlar bilan obdon suhbatlashganidan soʻng koʻnglimda yorugʻlik kirdi. Mahalladoshlarimiz amaliyot xarajatlarining bir qismini koʻtarishdi. Yetakchi ishning boshida turib berdi.
Jarrohlik amaliyotidan keyin Islombek Abdumajidov oyoqqa turdi. Yoshlar yetakchisi uni tuzalganidan keyin ham tashlab qoʻymadi. Xomiylar koʻmagi bilan velosiped hadya qildi. Daromad manbaiga ega boʻlishi uchun oʻttiz yillik muddat bilan band boʻlmagan yoshlarga ajratilgan maydondan 20 sotix yer olib berdi. Bunga javoban mehnatini ayamagan Islombek makkajoʻxori ekib bir mavsumning oʻzida 12 million soʻm daromad qildi.
Namangan tumanidagi Chagʻir mahallasida toʻrt yildan buyon yoshlarga yetakchilik qilib kelayotgan Abobakir Tursunovning faoliyatidan keltirilgan bu misol uning oʻtgan vaqt oʻziga yuklangan vazifaga astoydil kirishga ulgurganidan darak beradi. Uch mingga yaqin nufuzga ega boʻlgan hududning 14-30 yoshlar orasidagi fuqarolari 740 kishini tashkil etadi. Koʻpchiligi uyushmagan yoshlar ekanligi inobatga olinsa, yetakchining masʼuliyati va ish qamrovi yanada oydinlashadi. Zero, ularning har birini oʻziga xos xarakteri, intilishi, muammolari ham bor.
Hayotda mustaqil boʻlish harakatidagi yigit-qizlarni yagona maqsad sari birlashtirishda ular hayotiga kirib borib, qiziqishlari, qobiliyati, ayniqsa, iqtidorlarini toʻgʻri yoʻnaltirish kutilgan natijani berishi amalda isbotini topgan. Chagʻirda ham ijtimoiy foydali yoʻnalishlarga havasmandlar yetarli. A. Tursunov birinchi navbatda, sportga ishtiyoqi kuchli boʻlgan oʻgʻil-qizlar bilan alohida ishlash, ularni boshqalarga ibrat koʻrsatishni maʼqul koʻrdi. Buning uchun mahallada ikkita zamonaviy sport inshooti mavjudligi qoʻl keldi. Ularda shugʻullanayotganlar 350 nafardan ortadi. Ayrim yoʻnalishlar boʻyicha katta maydonlarga ham chiqib ulgurishdi. Xususan, iqtidorlarni aniqlashga yoʻnaltirilgan “Besh tashabbus” harakatining respublika bosqichiga yetib borgan va gʻolib boʻlganlar orasida chagʻirliklar ham bor. Sport tennisi boʻyicha yaxshigina mahorat egasi Rayhona Umaraliyeva nafaqat mahalladoshlari, balki Namangan yoshlari ishonchini oqladi. Abduqodir Avazbekov milliy kurash boʻyicha viloyat chempioni maqomiga erishdi.
— Yetakchimizning mahalladagi kuchli yettilik orasida munosib oʻrni bor, — deydi Chagʻir MFY raisi Mahammadali Xoʻjayev. – Yoshlar, ularning ota-onalari oʻrtasida yaxshigina ishonchga sazovor. Shu bois aholining katta qismi boʻlgan yoshlar masalasida koʻnglim toʻq. Migratsiyadagi fuqarolar bilan ishlashda ham kutilgan natijalarga erishmoqda.
Xorijda mehnat faoliyati bilan band boʻlgan fuqarolar masalasida Chagʻir yaqin vaqtgacha ogʻir hududlardan hisoblanib kelgan. Bundan ikki yil avval 90 kishi chet eldagi mehnat muhojiri sifatida qayd etilgan. Yetakchi ularning har birining oilasi bilan aloqa oʻrnatdi. Oʻzimizda ham yetarli daromad topish mumkinligi, mavjud ish oʻrinlari toʻgʻrisida olib borgan targʻiboti tufayli mehnat muhojirlaridan 35 nafari yurtga qaytdi. Oʻn ikki nafari Pop tumanida barpo etilayotgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishida ishlab, koʻngildagidek maosh olmoqda. Qolganlari dehqonchilik bilan mashgʻul. Ajratilgan 20 sotixdan yerida daromad topmoqda.
— Toʻrt yillik faoliyatim davrida oʻzimga yuklangan vazifa naqadar masʼuliyatli ekanini bildim, — deydi Abobakir Tursunov. — Baʼzan notinch oilalar bilan shugʻullanishga toʻgʻri keladi. Ayrim qoʻlida hunari yoʻq, bekorchi yoshlarni toʻgʻri yoʻlga solish ham oson emas. Telefonga mukkasidan ketib, na oilasi, na jamiyatga nafi tegmaydiganlar toifasi koʻpayib borayotgani ogʻriqli nuqta. Bularni kunlik ish tartibimizda mahkam tutmasak boʻlmaydi.
Mahalladagi yoshlar yetakchisi kim? Namanganning olis mahallasida mehnat qilayotgan ayni lavozim egasining tigʻiz faoliyatidan keltirilgan misollar bunga javob boʻlsa ajabmas. U oʻz tengdoshlariga yelkadosh, hududda sogʻlom ijtimoiy muhit barqarorligining taʼmirlashda faol tashkilotchilardan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring