Turkiyadagi oʻzbekistonliklardan mitinglar va provokatsion fikrlardan uzoqroq boʻlish soʻraldi

12:08 21 Mart 2025 Jamiyat
803 0

Foto: Forbes

Turkiyada shu kunlarda boʻlayotgan turli norozilik namoyishlari va ommaviy yigʻilishlar sababli Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi fuqarolarni ehtiyotkorlikka chaqirdi.

Maʼlumotlarga koʻra, Turkiya huquq-tartibot idoralari ijtimoiy tarmoqlarda “provokatsion postlar” joylashtirgan 261 kishini aniqlagani va 37 kishini hibsga olgan.

“Sizni ijtimoiy tarmoqlarda har qanday xabar yoki fikr bildirishda juda ehtiyot boʻlishga chaqiramiz”, deyiladi konsulxona bayonotida.

Xavfsizlikni taʼminlash uchun quyidagilarga amal qilish soʻralmoqda:

  • har qanday norozilik namoyishlari, mitinglar va ommaviy yigʻinlardan uzoqroq boʻlish;
  • odam gavjum joylarga bormaslik va harakatlanish yoʻnalishingizni oldindan rejalashtirish;
  • ijtimoiy tarmoqlarda ehtiyotkorlik bilan harakat qilish, provokatsion xabarlar joylashtirmaslik va tarqatmaslik;
  • rasmiy xabarlarga eʼtibor berish va vaziyat boʻyicha yangiliklarni kuzatib borish;
  • favqulodda holatlarda Bosh konsulxona bilan bogʻlanish (aloqa uchun: +90 553 541 17 17).

“Sizning xavfsizligingiz biz uchun muhim! Iloji boricha ehtiyot boʻling va huquq-tartibot idoralarining koʻrsatmalariga rioya qiling”, deb yozadi konsulxona matbuot xizmati.

Istanbul merini hibsga olinishi Turkiyada norozilik namoyishlari boshlanishiga sabab boʻldi

Turkiyaning qator shaharlarida minglab turklar Istanbul meri Akrom Imomoʻgʻli hibsga olingani sababli norozilik bildirmoqda.

Imomoʻgʻli Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning eng kuchli raqibi va muxolifat Respublika xalq partiyasining mashhur siyosatchisi hisoblanadi. U Turkiya davlati tomonidan terroristik tashkilot sifatida tan olingan Kurdiston ishchi partiyasini qoʻllashda va korrupsiyada ayblanmoqda.

Erdogʻan tanqidchilari bu ayblovlarni uydirma, deb baholamoqda. Imomoʻgʻlining hibsga olinishi esa muxolifatga siyosiy zarba sifatida qabul qilingan. Istanbul merining qoʻlga olinishi Turkiyadagi repressiyalar toʻlqinining bir qismi boʻlib, soʻnggi haftalarda oʻnlab muxolifatchilar, jurnalistlar, sanʼat arboblari hibsga olingan. Ularga shubhali ayblovlar qoʻyilgan.

Kelayotgan yakshanba kuni partiya Imomoʻgʻlini Erdogʻanga qarshi prezidentlikka nomzod sifatida rasman koʻrsatishni rejalashtirgan edi. Bu 2003-yildan bosh vazir 2014-yildan buyon prezidentlik kursisida oʻtirgan amaldagi Turkiya rahbarini hokimiyatdan chetlatishning dastlabki qadami sifatida qaralayotgandi.

Imomoʻgʻli tarafdorlarini qarshilik koʻrsatishga chaqirdi. “Odamlarning irodasini qoʻrqitish va noqonuniy xatti-harakatlar bilan bostirish mumkin emas”, degan siyosatchi.

Respublika xalq partiyasi rahbari Oʻzgʻur Oʻzel Imomoʻgʻli hibsga olinganiga qaramay prezidentlikka nomzod boʻlishini eʼlon qildi. Siyosatchining oʻzi huquq va erkinlik uchun kurashni davom ettirishga vaʼda bergan. Bir necha kun oldin Istanbul universiteti siyosatchining diplomini bekor qilgan edi. Bu uning saylovlarda ishtirok etishini cheklaydi.

Shahar hokimligi tashqarisida yuzlab odamlar toʻplanishib, merning ozod boʻlishini talab qilmoqdalar. Erdogʻan hukumati vaziyatni yumshatish uchun namoyishlar oʻtkazishni taqiqlab qoʻydi. Ijtimoiy tarmoqlarga cheklovlar kiritdi. Istanbulda ikkita metro liniyasi yopildi, blokpostlar oʻrnatildi. Jurnalist Eren Guverchin “Bild” nashriga Erdogʻan muxolifat bilan har qachongidan ham qattiqroq kurashayotganini aytdi.

2019-yilda u Istanbul meri sifatida saylovda gʻalaba qozonganida ham Erdogʻan partiyasi uni saylovlarni soxtalashtirishda aybladi. Takroriy ovoz berishda Imomoʻgʻli 800 mingdan koʻproq ovoz olgan.

Shuningdek, mer hibsga olingandan soʻng, Istanbul birjasidagi savdo vaqtincha toʻxtatildi. Birjaning asosiy indeksi deyarli 7 foizga tushib ketdi. Lira rekord darajada pastlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?