Turkiston nima uchun osongina bosib olindi?

17:07 08 Iyul 2024 Madaniyat
440 0

Amirlik va xonliklar bosqinchilarga qarshi ozmi-koʻpmi kurash olib borgani maʼlum. Lekin shunga qaramay, Turkiston oʻlkasi juda osonlik bilan bosib olingani ham achchiq haqiqat. Nima uchun shunday boʻlgan?..

Ona Turkiston nima uchun chorizm tomonidan osongina bosib olindi? Buning sabablari koʻp. Avvalo, dunyo siyosati siyoqini umuman tushunmagan amir va xonlar, maishatparast bek va amaldorlar, xalqni biqiq holatda ushlab turgan xurofotchi dindorlar bosh aybdor boʻlgani hammaga maʼlum.

Kamiga kaltabin amir va xonlar arzimagan sabablar bois bir-biri bilan nizolashuvlardan toʻxtamadigina emas, aksincha bosqin xavfi ochiq-oydin sezilib turishiga qaramasdan oʻzaro qirgʻinlarni badtar avj oldirishadi. Shusiz ham armiya deb boʻlmaydigan amirlik va xonliklarning qoʻshinlari badtar holdan toydi, bechora xalq esa oxirgi burda nonidan ham ayrilib, yanada qashshoqlashdi.

Buning barchasini sergaklik bilan kuzatib, hisob-kitobini chiqarib turgan bosqinchilar hiyla-nayranglari ham istiloda muhim rol oʻynagan. Buni imperator Nikolay birinchining urush holatida boʻlgan Buxoro amirligi va Qoʻqon xonligini bir-biriga qanday qilib gij-gijlagani misolida ham koʻrish qiyin emas.

Turonzaminga bosqin onlari yaqinlashgani sari bu yerdagi xonlar orasidagi nizoni ataylab kuchaytirishga qaratilgan manfur diplomatiya imperator va uning eng yaqin ayonlari ishtirokida amalga oshiriladi.

Sharif Yusupovning “Tarix ummoni sirlari” kitobidan.

Maʼlumotlarda keltirilishicha, 1842-yil bahorda Qoʻqon xonligi amir Nasrullo tomonidan egallangach, Rossiya imperatori Nikolay birinchidan amir nomiga maktub keladi. Jumladan, unda shunday soʻzlar boʻlgan: “Qoʻqondagi taxt uchun kurashlarni bartaraf qilish zarur. Shunday keyin Turkiston va Toshkent bilan Sirdaryo boʻyigacha boʻlgan yerlar, Jizzaxdan boshlab Oʻratepa, Xoʻjand, Qoʻqon, Margʻilon va Qashgʻar chegarasigacha boʻlgan yerlar Siz Hazrati oliylarining qoʻllarida boʻlib, hukmronlik qilishingizni istaymiz”.

Qanchalik mehribonchilik, deysiz. Uzoqda turib, Buxoro amirining gʻamini yemoqda.

Shu voqeadan salkam uch oy ilgari, 1842-yil 25-fevralda esa xonlik elchisi Muhammad Halil Sohibzoda orqali Muhammad Alixonga Nikolay birinchining bundanda qaynoq boʻlgan maktubi yetib kelgandi. Unda mana bu soʻzlar bitilgandi: “Sizning qudratli Rossiya davlati bilan muntazam ravishda doʻstona aloqalarda boʻlish istagingizni bilish Biz uchun gʻoyat yoqimli boʻldi. Sizning bu yaxshi niyatlaringizni Biz oʻz tomonimizdan kamoli ehtirom ila qabul aylaymiz. Biz ishonamizki, Sizning oʻzaro doʻstona qoʻshnichilik aloqalarini yoʻlga qoʻyish haqidagi samimiy gʻamxoʻrligingiz kelgusida muvaffaqiyatli natijalarga olib keladi. Sizga barcha ezguliklarni tilab qolamiz”.

Aslida, bu maktublar amir va xonni hushyor tortishi kerak edi. Ammo zamona zaylini tushunmagan yoki tushunishni istamagan amir va xon oʻziga xos bu ogohlantirishdan aqlini yigʻib olib, oʻzaro murosaga kelish oʻrniga, ziddiyatni badtar avj oldiradi. Agar ularning oʻrnida sal aqlli odam boʻlganida bormi, bu mehribonchilik tagida katta xatar borligini darrov fahmlab olgan boʻlar edi. Afsuski, amir, xon va beklarimiz ushbu baxtdan bebahra edilar.

1252-sanada, milodiy 1936-37-yillarda Fargʻona xoni Muhammad Alixon birla amir Nasrullo oralarida Bashogʻir nomli qalʼa xususida nizo boʻldi. Amir qoʻshin jamlab, Fargʻona oʻlkasiga yurish qilib, nizomiy askarlari birla osonlik bilan Bashogʻirgʻa istilo qilib, andin Oʻratepa va Xoʻjand shaharlarigʻa doxil boʻlub, andin dorulmulki Fargʻona boʻlub turgan Hoʻqand ustiga kelib, qatl aylab Buxoroga joʻnadi.

Mirzoolim Mushrifning “Ansobus-salotin va tavorixul xavoqin” asaridan.

Nahotki, bosqinchining ayyorligini uqish uchun bemisl aql kerak boʻlsa. Axir, bundan ilgari ham imperatorlik tomonidan shu singari hiylalar voqeaga keltirilib, ikki qardosh davlat va xalq bir-biri bilan qirpichoq boʻlgan edi-ku…

Ularning oʻzaro kelishmovchiligidan foydalangan bosqinchilar esa goh sayyoh, goh savdogar siyoqida josuslarini hududimizga yoʻllab turgani va bu yerdagi mavjud vaziyat haqida aniq maʼlumot toʻplayotgani, savdoni rivojlantirish bahonasida Qoʻqon xonligiga yondosh hududlarda bir qator qalʼalarni qurganligi butun olamga maʼlum edi-ku…

Qolaversa, qon-qardosh boʻla turib, bir-birovlari bilan zarracha ham chiqisholmaydigan bu ikki davlatni uzoqdagi yetti yot begonaning oʻylashi, hatto, mantiqqa ham zid ekanligi kunday ravshan haqiqat-ku…

Xalqimizda “Ogʻzi kuygan qatiqni ham puflab ichadi”, degan ibora, yanayam aniqrogʻi, jiddiy ogohlantirish bor. Ammo oʻzlarini olam sultoni hisoblagan amir va xonlarimiz, ularning yonida savlat toʻkib turishdan boshqasiga yaramagan bek va ulamolarimiz ogʻizlari qayta-qayta kuyishiga qaramasdan, biron marta ham ibrat olmadilar…

Tarixning achchiq haqiqati barchamizga saboq boʻlmogʻi darkor!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер