Turizm salohiyati yuksak “Bulut orti” qoʻrgʻoni

14:14 17 Iyun 2025 Jamiyat
784 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Nurota togʻ tizmalarining Oqtovi Sharqdan Gʻarbga qariyb 70 kilometrga choʻzilgan. Eng baland nuqtasi — Taxku choʻqqisi dengiz sathidan 2003 metr balandlikda boʻlib, unga tushgan ilk qor keyingi saratoniga qadar erib, togʻ etaklaridagi adirliklar va oʻnlab qishloqlarni obi hayot bilan taʼminlaydi. Shulardan biri Koʻksaroy vodiysi boʻlib oʻrtasida “jin oʻtdi” deb ataladigan oʻziga xos shaklga ega togʻ bor. Yon bagʻirlarining tekisligi va va favqulodda tikligi sabab koʻproq qoyaga oʻxshab ketadi. Yana biroz yurgan kishi Oqtovus qishlogʻi yaqinida Maydon gʻorini tomosha qilishi mumkin. Uning uzunligi 120 metrni tashkil etadi.

Ushbu manzaralar Oqtovning eng baland nuqtadagi qoʻrgʻoni — Langardan kaftdagidek koʻrinib turadi. Undan baland nuqtada odam yashamaydi. Biroq qadimda ushbu hududda odamlar maʼdanshunoslik bilan shugʻullangani haqidagi rivoyatlar kezib yuradi. Oʻtgan asrning qirqinchi yillarida molibden, volfram granit, feruza, kvars, dala shpati, slyud va boshqa maʼdanlar konlarining ochilishi “bulut orti”da Langar qoʻrgʻonining paydo boʻlishiga zamin hozirladi.

Langar yurtimizning soʻlim goʻshalaridan biri. Iqlim sharoiti Kavkaz tabiatiga yaqin. Hududdagi Oq suv sharsharasi respublika turistik yoʻnalishlar marshrutiga kiritilgan. Soʻnggi yillarda esa Langar mahallasi “Turizm qishlogʻi” maqomiga ega boʻlib, 20 ta oilaviy mehmon uylari va 3 ta dam olish maskani faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 8 ta togʻ, koʻl, buloq, choʻldan iborat tabiat manzaralari roʻyxati shakllantirilib, sayyohlar uchun milliy taomlar tayyorlovchi 15 ta gastronomik xonadonlar faoliyati tashkil etildi.

— Sayyohlar oqimini oshirish, aholi daromad manbaini koʻpaytirish maqsadida 3 kunlik “Langar turizm halqasi” turpaketi ham ishlab chiqildi, — deydi MFY raisi Anora Madatova. — 4 ta hunarmandchilik ustaxonalari hamda hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash boʻyicha master klass xizmati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, turizm turlarini rivojlantirish maqsadida 1 ta ov turizmi obyekti tashkil etildi. Natijada birgina oʻtgan yilning oʻzida 55 nafar aholining doimiy ish bilan bandligi taʼminlandi.

Langarda bugun turizm bilan bogʻliq tadbirkorlik subyektlari soni 30 tani tashkil etadi. Mahalliy va xorijiy sayyohlarga qulaylik yaratish, qishloqning infratuzilmasini yaxshilash maqsadida yaqinda 6 ta kemping, uzunligi 800 metrlik ziplayn, 200 metrlik tyubing, zamonaviy restoran va selfi zonasi ishga tushirildi. Ularning taqdimot marosimida viloyat hokimi, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar ishtirok etishdi. Tantanada sayyohlik industriyasi bugungi kunda Langarning rivojlanishida start nuqtasiga aylanib, odamlar qalbiga ertangi kunga ishonch tuygʻularini qaytarganligi alohida taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер