Tungi Namangan manzaralari

Foto: Халқ сўзи
Namangan shahrida joriy yilning 22-may kuni tantanali ravishda ochiladigan 61-Xalqaro gullar festivaliga tayyorgarlik yakunlovchi bosqichga kirdi. Anʼanaviy bayramning asosiy tadbirlari oʻtadigan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi hozirdanoq jozibador koʻrinish olgan. Bu yerda korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan 200 dan ziyod koʻrgazmalar tashkil etilmoqda. Ularning har biri Namangan ahlining yaratuvchilik ishtiyoqi, hududlar obodligi, ishlab chiqarish, taʼlim va boshqa sohalarda erishilayotgan muvaffaqiyatlarini namoyish etuvchi manzaralarni akslantirgan.
Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi jamoasiga ajratilgan maydondagi koʻrgazma eʼtiborni tortadi. Elektr energiyasi taʼminoti sohasining ramzi shakllantirilgan hududga 20 ming tup gul oʻtqazildi. Umuman olganda, bogʻga oʻtqazilayotgan oʻn million tupga yaqin turfa gulu chechaklar ikki haftalik anjumanga tashrif buyurishi kutilayotgan 1,5 millionga yaqin nafosat oshuftalariga olam-olam zavq tuhfa etishi tabiiy.
— Festival milliy sanʼatimiz va madaniyatimiz targʻibotiga yoʻnaltirilgan konsert va tomoshalar bilan yanada mazmunli kechadi, — deydi Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Farhod Mamadaliyev. — Masalan, bogʻdagi “Navo” yozgi konsert zalida Oʻzbekiston xalq artisti Kamoliddin Rahimov xotirasiga bagʻishlab oʻtkaziladigan “Kamoliddin izdoshlari” respublika koʻrik-tanlovi koʻpchilikni befarq qoldirmaydigan tadbirlardan biri boʻladi. Koʻplab yosh isteʼdodlar hozirdanoq ushbu tanlovda qatnashish istagini bildirishmoqda.
Anjumanning madaniy-maʼrifiy tadbirlari tashkil etiladigan inshoot va maydonlar ham tomoshabinlar xizmatiga toʻla-toʻkis shay qilib qoʻyilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, istirohat bogʻi bayram ishtirokchilari istirohati uchun yaratilgan imkoniyat va manzaralari bilan kishini hayratga soladi.
Bogʻning nafaqat kunduzgi qiyofasi, balki tunda ham atrofni charogʻonlashtirib, turfa goʻzallik taratayotgan maftunkor yogʻdulari koʻzlarni quvontiradi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring