“Toshkentni televizorda koʻrganman, xolos”, “Ayollar daftari”dan tadbirkorlikkacha — Oʻzbekiston ayollari haqida
Foto: Xalq so‘zi
Bugun Oʻzbekistonda ayollarning qadri baland, doim eʼtibor va eʼtirofda. Erkaklar bilan teng huquqli. Ammo gender tenglik, siyosat masalalaridan farqli oʻlaroq butun hayotini oilasi uchun bagʻishlagan shunday ayollar borki, ularning qilgan mehnati baland minbarlardan baralla aytilmaydi.
Chindan ham erlaridan barvaqt uygʻonib uy-roʻzgʻor saranjomlab, farzandini maktabiga kuzatiboq dalaga shoshgan, tergan paxtasining haqini farzandining kamiga sarflaydigan, buyuk qalb va matonat egasini baʼzida ojiza degimiz kelmaydi.
Ular qilayotgan kundalik yumushlaridan rohatlanib yashaydi. Qilmasa kasal boʻlib qoladi. Turmush oʻrtogʻi urishsa onasinikiga ketib bir kun oʻtmay sogʻilmay qolgan sigiriyu toʻzgʻib ketgan uyini oʻylab qaytib keladigan oʻzbekistonlik ayollarning hayoti haqida hikoya qilamiz.
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi Madamboy qishlogʻida yashovchi Latofat Qayumova tong saharda turib hovlini supuradi, birrov tomorqaga qaragan boʻladi. Keyin nonushta tashvishini qiladi. Singlisi Inobat unga koʻmaklashadi. Nonushtalari kamtarona. Dasturxonda odatda, non va sut boʻladi. Sutni qoʻshnidan olishadi.
Opa-singil birga yashaydilar. Ikkalasi ham “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Turmushi buzilgach, Inobat oʻgʻli Ahmadjonni olib ota uyga qaytib kelgan. Latofat opaning esa taassufki, baxti ochilmadi.
— Soat ertalab yetti boʻlmayoq dalaga chiqaman, — deydi Latofat opa. — Har kuni 100 kilogramm atrofida paxta teryapman. 15-sentyabrdan buyon hozirgacha qoʻlimga 3 million soʻmdan ziyodroq pul tegdi. Bu pulni nimalarga sarflaysan, deysizmi? Oldinda qish turibdi. Oziq-ovqat, kiyim - kechak sotib olaman. Tomorqamiz ham bor, albatta. Hozir toʻqsonbosdi piyoz ekkanman. Rezavor koʻkatlar yetishtiraman. Roʻzgʻorga yaraydi. Sumalak, nisholda pishirish qoʻlimdan keladi. Tikish-bichishni ham eplayman. Baraka topishsin, yaqinda menga mahallamiz raisiyu hokim yordamchisi saʼy- harakati bilan tikuv mashinasi ajratishdi. Singlimga mikrotoʻlqinli pech, jiyanimga esa televizor berildi.Koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi. Faqat shu kunlarimizni onaginam koʻrolmaganlariga afsuslanaman.Bultur qazo qildilar. Onajonim suyanch togʻim edilar. "Qizim", deb bagʻirlariga bosganlarida dunyoni unutardim. Eh, onasiz qiyin ekan...
Latofat opa shunday deydi-yu boʻgʻziga nimadir tiqiladi. Koʻzidagi tomchi yosh qordek oppoq paxtaga singib ketadi.
— Oʻqib, bogʻchada tarbiyachi boʻlish niyatida edim. Ota-onam esa shifokor boʻlishimni xohlardi. Ammo oʻqigani sharoit kelishmadi. Topganimiz roʻzgʻordan ortmasdi. Buning ustiga otam ham, onam ham xastalikdan aziyat chekardilar.
Qishloqdoshlarim bilan Qoraqalpogʻistondagi qadamjolarni ziyorat qilganman. Toshkentni esa faqat televizorda koʻrganman, xolos.
— Mabodo, hayotni qayta boshlash imkoni tugʻilganida albatta, oʻqigan boʻlur edim, — deydi Latofat opa bu savolga javoban. — Hozir yoshim 55 da. Oʻylab qarasam, kambagʻallikdan xalos boʻlmoqning kaliti ilmu hunar ekan. Shu boisdan singlim ikkimiz jiyanim Ahmadjonni oʻqitish niyatidamiz. U hozir 9 – sinfda. Matematika, fizikani oʻrganishga ishtiyoqi baland. Topgan-tutganimizni unga sharoit yaratish uchun sarflaymiz. Toki, orzu-maqsadlariga erishsin.
Latofat opa shunday soʻzlarni aytarkan, chamanday ochilgan paxtalarni terishga kirishib ketdi. Koʻngli toza, sodda bu qishloq ayoli bilan xayrlasharkanmiz, “Ushot” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Otabek Hamroyevning terimchilarga qarata “Ertaga boshqa dalaga oʻtamiz.Har kilogramm paxtaga 1800 soʻmdan haq beriladi”, degan soʻzlari qulogʻimizga chalindi.
Paxta dalasi — daromad manbaiga aylangan
Paxta yigʻim terimi boshlangan kundan Nukus shahridagi «Teleoray» mahalla fuqarolar yigʻinidan 60-70 nafar terimchilar Nukus tumani fermer xoʻjaliklariga hasharga bormoqda, deydi hasharchilar otryad rahbari Tamara Risnazarova.
— Soʻnggi yillarda paxta terimi uchun beriladigan pul miqdori oshirilgach, shaharlik ayollar ham qishloqliklardan qolishmaydigan darajada ilgʻor terimchilarga aylanishdi. Otryadimiz aʼzolari orasida kuniga 100-150 kg paxta teradigan va shunga yarasha daromad topayotganlari koʻp. Paxta terimiga chiqayotgan hasharchilarning koʻpchiligi “Temir daftar” va “Ayollar daftari”da boʻlgan ishsiz ayollar. Ular mavsum davomida topayotgan daromadlari roʻzgʻorining kamu koʻstini toʻldirmoqda. Jumladan, Zulfiya Xojamuratova, Shadigul Kamolova, Aymereke Qutlimurodova, Muhabbat Qurolbayeva, Xamid Oʻrinboyev, Yoʻldoshboy Dalibayev kabi terimchilar eng faol terimchilar qatoridan joy olib, paxta pullaridan tashqari tuman hokimligi va sektor rahbarlari tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan ham mukofotlanmoqda. Fermerlarimiz dala boshida issiq ovqat tashkil qilib, hasharchilarga qulay sharoitlar yaratib qoʻyibdi.
— Bir necha yildan buyon uyimizning bir qismi qurilishi bitkazilmasdan turgan edi, — deydi hasharchilardan biri Muhabbat Yangibayeva. Oʻtgan yilgi paxta terib jamgʻargan pulimizga yogʻochlar olib tomini yopdik, bir necha eshik va oyna romlarini oʻrnatdik. Bu yilgi daromadga darvoza qurib, uyimizning ichki yumushlarini toʻliq bitkazish harakatidamiz. Hozir qurilish materiallarini oldik. Endi usta haqqini jamgʻarsak, qishning qirovli kunlaridan oldin uyimizni toʻliq bitkazamiz nasib qilsa. Oldin oilamizdagilar muqim ish oʻrniga ega boʻlmagani va daromad yoʻqligi uchun uy qurilishimiz bitkazilmay kelayotgan edi. Paxta mavsumi biz kabi shahardagi ishsiz ayollarga daromad topadigan mavsumga aylandi, desam xato boʻlmaydi.
Qoraqalpogʻistonning shimoliy tumanlarida ham paxta yigʻim terimi qizgʻin pallaga kirgan. Klaster va fermerlar terimchilarga birinchi terimda 1 kilogrami uchun 1500 va 2-terim usun 1800 soʻmdan ish haqlari berilmoqda.
— Paxta terim mavsumi biz kabi ishsizlar uchun daromad topish mavsumiga aylandi, — deydi Taxtakoʻpir tumanidagi «Qaraoy» OFY hududida yashovchi Jadira Qazaqbayeva. — Toʻgʻrisi, oldinlari oʻzimiz va boshqa qishloqdoshlarimiz ham pul topish uchun shaharga borardik. Buni qarangki, paxtani terimi uchun beriladigan pul miqdori oshirilgach, shaharliklar ovulimizga kelib paxta teryapti. Oʻtgan zamonlardagidek, ommaviy paxtaga hasharga chiqarish yoʻq. Hamma oʻzi uchun harakatda va dalalarda ham fermerlar tomonidan yaxshi sharoitlar yaratilgan. Mavsum davomida oilamiz bilan birga 5 tonnaga yaqin paxta terdik. Shundan topgan daromadimizning roʻzgʻordan ortganiga uyimiz uchun mebel jihozlariga buyurtma berdik.
Amudaryo tumani Qoraqalpogʻistondagi eng koʻp paxta yetishtiriladigan hudud sanaladi. Tumandagi terimchilar ham paxta pullaridan tashqari eng koʻp paxta terib topshirganlar sifatida tuman hokimligi va sektor rahbarlari tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirib borilmoqda.
Bugungi paxta terimdagi faolligim uchun «Chang yutgich» sovgʻa etildi, deydi “Kuyuk koʻpir” OFY hududidagi terimchilardan biri Matluba Bobojanova. – Terimchilar orasida televizor, kir yuvadigan mashina, qimmatbaho gilam va boshqa roʻzgʻor uchun zarur buyumlarni sovgʻa sifatida va eng yaxshi terimchilar sifatida mukofot tariqasida olayotganlar koʻp. Qolaversa, paxta pullaridan tashqari 100 kilogramdan oshgan har bir terimchiga 2 litirdan yogʻ ham berilmoqda. Shunday ekan, ovulimizda kimki bekor boʻlsa, paxta dalasiga shoshadi. Negaki, daladan doramad topib, roʻzgʻorini butlayotganlar bisyor.
— Oilamiz bilan birgalikda tergan paxtamiz 7 tonnadan oshmoqda, — deydi tumandagi Xolimbeg OFY hududidan Gulparchin Toʻyliyeva. — Terimdan topgan daromadimizga yaqinda 6 ta qoʻy va 4 ta echki oldik. Yaqinda toʻy berish niyatidamiz. Toʻyda bu kabi mayda shoxli mollar kerak boʻladi, albatta. Biz, turkmanmiz. Qishlogʻimizda oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman millatiga mansub aholi vakillari bir oiladek inoq yashashadi. Bir soʻz bilan aytganda paxtadan topayotgan daromadimiz roʻzgʻorni butlash va toʻylar berishga, sharoitimizni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Biz, Qoraqalpogʻistonning Nukus shahridan tortib turli hududlaridagi terimchilar bilan suhbatlashib, ayni kunlarda paxta dalalari daromad manbaiga aylanganiga amin boʻldik.
Quyoshni uygʻotayotgan ayol
Odatda qishloq ayollari erta uygʻonadilar. Andijonlik Sayyoraxon Teshaboyeva tongni ulardanda vaqtli qarshi oladi. Shunday qilmasa boʻlmaydi ham! Tong otmasidan koʻchalarni supurish, tomorqaga qarash, bolalarga nonushta tayyorlash... eh-he, sanasangiz ish vaqti boshlangunga qadar bir kunlik yumushlarni bajarishiga toʻgʻri keladi. Turmush, roʻzgʻor uni shu koʻyga soldi. Aslida hayotidan nolimaydi. Biroq, kutilmaganda turmush oʻrtogʻining ogʻir xastalik tufayli olamdan oʻtishi biroz qaddini bukib qoʻydi. Bolalari hali yosh boʻlgani uchun oʻzini tiklab olishi biroz mashaqqatli kechmoqda.
— Turmush oʻrtogʻim Doniyor aka bilan qisqa boʻlsada, baxtli yashadik, — deydi u suhbatda. — Jigar serrozi kasalligi sabab hayotdan bevaqt koʻz yumdi. Shundan soʻng boquvchisini yoʻqotganlar safiga qoʻshilib qoldim. Mahalla fuqarolar yigʻinidan kelishib, ish taklif qilishdi. Avval fabrikada ishlaganim bois, manzilimga yaqin hududdagi fabrikaga ishga taklif qilishdi. Bolalarim maktabning boshlangʻich sinfida oʻqiganligi uchun, ayrim xollarda ularga koʻp vaqt ajratishimga toʻgʻri kelmoqda. Shu bois ishga chiqa olmadim. Shu paytgacha dalada mehnat qildim. Topganim roʻzgʻorimga yetib turibdi. Paxta mavsumi boshlangani men kabi xotin-qizlar uchun ayni muddao boʻldi. Hozirda bor kuchimni terimga sarflayapman. Sharoit yaxshi! Har kuni maxsus transport vositasida dalaga kelamiz, bepul tushlik bilan taʼminlanganmiz. Bir kunda 100 kilogrammdan ortiq paxta teryapman. Bir haftalik daromadim bir million soʻmdan ortyapti. Paxta terib, topgan pulimga qishga tayyorgarlik koʻraman – koʻmir sotib olaman, bolalarimga qishki kiyimlar olaman.
— Qishda nima qilasiz?, — soʻraymiz ajablanib. — Axir, tirikchilik manbaingiz daladan ekanku?
— Bu masalada bir qarorga kelib boʻlganmiz, — deya suhbatga qoʻshildi Soyboʻyi MFY faoli Nilufarxon Koʻchkanova. — Shu kunlarda Sayyoraxonga tikuv mashinasi ajratilishi koʻzda tutilgan. Uyda oʻtirib, mahsulot tayyorlashi uchun nimaiki sharoit boʻlsa, barchasini yaratamiz. Hozir tikuvchilik sexi rahbariyati bilan gaplashib qoʻydik. Xom ashyoni uyiga keltirib berishadi, tayyor mahsulotni ham oʻzlari olib ketishadi. Sayyoraxonga tayyorlagan mahsulotiga qarab ish haqi toʻlashadi. Bir soʻz bilan aytganda, kasanachilik asosida daromad topishga yoʻnaltirmoqchimiz.
“Ayollar daftari”da turuvchi Sayyoraxon mahallaning eʼtiborida. Shu kungacha bir necha marotaba moddiy yordam bilan taʼminlandi. Oziq-ovqat taʼminotida imkon qadar yordam berilmoqda.
— Menga kimdir yordam qilsa oʻzimni noqulay sezaman, — deydi Sayyoraxon. — Toʻrt mucham sogʻ boʻlsayu, nega mehnat qilishim kerak emas? Men kabi boquvchisini yoʻqotgan dugonalarimning uyda oʻtirib olib, kim nima berarkin, deya eshikka koʻz tikib oʻtirishlarini sira tushunmayman. Oddiy misol, mana paxta terib ham ancha-muncha daromad toʻplayapmiz. Astoydil ishlasak, tirikchilikdan oshinib, ul-bulga oshinish mumkin.
Ayol bilan suhbatlashar ekanmiz, uning kun davomida amalga oshirayotgan ishlaridan hayratga tushdik.
— Shuncha ishga qanday ulguryapsiz?,-soʻrayman hayron boʻlib.
— Erta turgan kishining Xudo oʻnglar ishini, degan naql bor,-deya tushuntiradi mahalla faoli Nilufarxon Koʻchkanova. –Sayyoraxon juda vaqtli uygʻonadi. Bir dunyo ishlarni saranjomlab boʻlganidan soʻnggina quyosh koʻrinadi. Aslida quyoshni ham shu ayol uygʻotadida!
Orada paydo boʻlgan kulgi dala uzra tarqaldi.
— Yuzimizga tabassum hadya etgani uchun, rizqimizni oyoqlarimiz ostiga toʻkib qoʻygani uchun, rejadagi ishlarimizni bajarishga ulguradigan imkoniyatni yaratib qoʻygani uchun Yaratganga shukrona boʻlsin, — deydi Sayyoraxon biz bilan xayrlashar ekan.
Ijtimoiy daftarlardan — tadbirkorlikka
Ayniqsa, qishloq hayotidagi mushkulotlardan qaddi egilgan ayollarning roʻzgʻordagi yumushlari yengillashishi ularda oila tashvishlaridan ortib, kasb-hunar egallashga, tadbirkorlik bilan shugʻullanishga qiziqish paydo qilmoqda. Buni Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida yashovchi mana bu opa-singillarimizning fikri ham tasdiqlaydi.
— Bizning Mingchinor mahallamizda 4 ming aholi bor, — deydi Farida Begaliyeva. — Mahallamiz “Obod qishloq” dasturi asosida tamomila yangi qiyofa kirdi, suv, svet, gaz, yoʻl bilan bogʻliq kundalik tashvishlarimiz aridi. Mahalladagi yuzlab kishi ish bilan band boʻlgan 70 ga yaqin xizmat koʻrsatish shoxobchalari tashkil etildi. Bu yerda sartaroshxonadan tortib bir nechta tikuvchilik sexlari, hammom, deraza romlari, mebel mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, oshxonalar, turli savdo nuqtalari, bolalar maydonchasi qurilib, faoliyat koʻrsatmoqda.
Bir paytlar mahallada “Temir daftar”da roʻyxatda turardik. Turmush oʻrtogʻim bilan poytaxtga borib, pishiriq sexlarida ishlab, zoʻrgʻa kun kechirardik. Qishloqqa kelgan kunlarimizdan birida mahalla idorasidagilar “Biror biznes bilan shugʻullanish istagida boʻlsangiz, imtiyozli kredit olishingiz mumkin”, deb qolishdi. Bir necha yil pishiriq sexida ishlaganimiz uchun bu ishning hadisini olganmiz. Shu ishni qishloqda qilib koʻrsakchi, dedik. Tavakkal imtiyozli kredit olishga rozi boʻldik. Yetmaganiga qarz-havola qilib, katta pech, xamir qorigich kabi uskunalarni sotib oldik. Oilaviy korxona tashkil etib, avval uch-toʻrt turdagi pishiriqlarni savdoga chiqardik. Mijozlarga maʼqul kelgach, mahsulotlarimiz turi koʻpaydi. Buyurtmaga qarab, turli shirinlik, bayram tortlari, patir va boshqa mahsulotlar ham tayyorlaymiz. Kuz-qish mavsumida buyurtma koʻpaygani uchun oʻn nafarga yaqin mahalla qizlarini ishga jalb qilamiz. Hozir hatto qoʻshni Jizzax viloyatidan ham mijozlarimiz koʻp. Bu yil oilamiz “Temir daftar”dan chiqdi. Qaynukamni uylantirdik, uy-joyimizni yaxshilab, qarzlardan qutilyapmiz. Harakat qilsang, rizqsiz qolmaskan kishi. Har tongni shukronalik bilan, xayrli rejalar bilan qarshi olish gashti boshqacha ekan. Farzandlarimning baxtiyorligini koʻrib, onalik, ayollik baxtini yurakdan his qilyapman.
— Har yili yangi oʻquv yili boshlanaversa, yuragimga gʻulgʻula tushardi, axir uch oʻgʻilga maktab kiyimlariyu oʻquv anjomlarini sotib olishga qiynalib qolardikda, — deydi Bulungʻur tumanidagi Gulzor mahallasidan Feruza Dovurova. — Oʻtgan yili “Ayollar daftari”ga kiritilgan edim. Bugun bir yil oldin berilgan tikuv mashinkasi yoniga oʻz hisobimdan yana bitta mashinka va boshqa uskunalarni sotib olib, dugonam bilan tikuv sexi ochib, ish boshlab yuborganmiz. Bir yil oldingi qiyinchiliklar ham ortda qoldi. Hozircha katta miqyosdagi buyurtmalarga ehtiyojimiz yoʻq, qishloq ayollari uchun kiyim-kechaklar tikib berishga zoʻrgʻa ulguryapmiz. Keyinchalik yirik buyurtmalar olib, tikuvchilik seximizni kengaytirishni, tadbirkor boʻlishni maqsad qilganman. Muhimi, roʻzgʻorimizga baraka kirdi. Endi “Ayollar daftari”da ham emasman. Qishlogʻimizda yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, mendek hayotida yaxshi oʻzgarishlar boʻlayotgan, yashashga ishtiyoqi oshayotgan ayollar koʻpayib boryapti, desam yolgʻon aytmagan boʻlaman.
Istam Ibroximov, Gʻayrat Otajonov,
Saminjon Husanov, Abdulaziz Yoʻldoshev,
“Xalq soʻzi” muxbirlari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring