Toshkentdan panoh topgan siyosiy qochqinlar

11:18 25 Iyun 2024 Madaniyat
290 0

Toshkent chorizm tomonidan bosib olingan dastlabki paytlarda hali oʻz mustaqilligini saqlab turgan Markaziy Osiyoning turli joyidan siyosiy qochqinlar bu kentga kelib, boshpana topadi. Ruslar goʻyo ularga mehribonlik qilib, uy-joy beradi, maosh tayinlaydi, oddiy qilib aytganda boshlarini silagan. Bu bilan ular nimani koʻzladi ekan?.. Toshkent chorizm tomonidan bosib olingach, bu shahar Rus davlatining bir qismiga aylanishidan tashqari, Markaziy Osiyoning boshqa hududlari istilo qilinishida muhim tayanch vazifasini ham oʻtagani tarixdan maʼlum. Shu boismi yoki boshqa sabablarga koʻrami, amirlik yoki xonliklardan norozi boʻlgan amaldor va beklar bu shaharda yigʻilib qolishadi.

1866-yil avgust oyida Rus imperatorining Toshkentni Rus davlati — tobeligiga olganligi haqidagi rasmiy farmonni eʼlon qilindi. 1867-yilda Sirdaryo va Semirechensk, yaʼni Yettisuv viloyatlarini oʻz ichiga olgan Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilib, bu mansabga general Kaufman tayinlandi. Toshkent Turkiston general-gubernatorligi markazi boʻlib qoldi.

Hamid Ziyoyev, tarix fanlari doktori, professor.

Toshkentga kelib qolgan siyosiy qochqinlarning eng mashhurlari Kitob va Shahrisabz beklari boʻlgan Joʻrabek va Bobobeklardir.

Bu ikkisining bu kentga kelib qolish tarixi judayam qiziq. Shahrisabz ruslar tomonidan egallanib, amirning ixtiyoriga qaytarilgach, Joʻrabek va Bobobek Qoʻqonga qochadi, ammo ular Xudoyorxon tomonidan bosqinchiga tutib beriladi.

Yujin Skayler oʻzining “Turkiston” asarida bu haqda shunday yozadi: “Oʻz vaqtida Xudoyorxon amir Nasrulloga oʻzining tashvishlari va surgun qilinishi haqidagi gaplarni aytganida Joʻrabek uning ustidan kulib, “qari kampir” deb masxara qilganidan, unga nisbatan eski alami bor edi. Ular tutqun sifatida Toshkentga keltirilib, bir muddat nazorat ostida yashadi”.

Bu ikki bek Rossiya agentligi orqali Buxoro hukumati tomonidan 2000 rubl pensiyani olib turgani esa ularning rosmana tutqunda boʻlmaganini taʼkidlayotgandek boʻlaveradi. Qolavera, Joʻrabek ruslar butun Markaziy Osiyoni bosib olib, uning egasiga aylangach, oʻzining kelgusida ular orqali hokimiyatga kelishiga qattiq ishongan.

Agar Buxoro amiri yoki Qoʻqon xoni taxtdan agʻdarilishi va vassalni tayinlash kerak boʻlganda, Joʻrabek har ikki tomon: ham mahalliy aholi, ham ruslarning manfaatlariga birdek mos keluvchi shaxs. Shu bilan birga uning, amirlik taxtiga koʻtarilishiga haqli boʻlgan toʻrtta urugʻdan biri boʻlgan kenagas urugʻidan kelib chiqqanligi ham aholining hech qanday qarshiligisiz taxtga loyiq koʻrilishini taʼminlagan boʻladi.

Yujin Skaylerning “Turkiston” asaridan.

Toshkentga kelgan siyosiy qochqinlar orasida hokimiyatidan agʻdarilgan, Rossiya marhamatidan umidvor Samarqand yaqinidagi togʻlarda joylashgan kichikkina Kishtut va Farob bekliklari beklari Shodibek va Saidbek hamda Oʻratepaning sobiq begi Abdugʻafforbeklar ham boʻlgan.

Siyosiy qochqinlar orasida nufuzlilaridan biri amir Muzaffarning jiyani Saidxon edi. U butun oila aʼzolari qatl etilgach, Buxorodan qochadi va Toshkentga kelib qoladi. Qizigʻi shundaki, u amaldagi amirdan ham oʻzini taxtga vorislikka eng munosib, deb hisoblaydi. Hatto, u bu borada ruslar ham oʻzini qoʻllashidan umid qilgan.

Bosqinchilarning siyosiy qochqinlardan nima maqsadda foydalanmoqchi boʻlganligini tushunish mumkin. Ammo, oʻzimiznikilarni tushunish mushkul.

Biz Toshkentdan panoh topgan ushbu siyosiy qochqinlarni sotqin, xoin, deyish fikridan yiroqmiz. Lekin ularning xatti-harakatlari, aniq qilib aytadigan boʻlsak, harakatsizliklarini koʻrib, ikkilanib qolasan, kishi.

Axir, ularning barchasi Toshkentda turib, ona Vatanimiz sekin-astalik bilan bosqinchilar tomonidan egallab olinayotganligini va yurtdoshlarimiz qirib tashlanayotganligini bilib turishgan edi-ku.

Yoki boʻlmasa, ularning Vatan, vatandoshlik haqidagi fikr-u qarashlari umuman boshqacha boʻlganmidi?..

Yoki qaytib amalga minishlari uchun barchasiga, yaʼni Vatanlari talon-taroj boʻlishiga-yu, eldoshlarining xor-u zorligiga rozi boʻlishganmi?..

Yoki yuragining tub-tubida amallab taxtga kelib olsam, keyin bosqinchi bilan hisob-kitob qilib olaman, degan aldamchi oʻy-xayollar bormidi?..

Albatta, bu bizga qorongʻi. Faqat bir narsa aniqki, ular bosqinchilarga qarshi biron-bir ish qilgan emas…

Tarixning achchiq haqiqati barchamizga saboq boʻlmogʻi darkor!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер